Breaking News

Tojikistonda ayol bugun qanday mavqega ega?


Tojikiston kelinlari

Aholisi tez sur'atlarda o’sib borayotgan Tojikistonda xotin-qizlar jamiyatning 50 foizidan ortig’ini tashkil etadi. Bu esa qariyb to’rt yarim millon odam degani.

Mamlakat rahbariyati keying o’n yil orasida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini ko’tarish, rahbarlikka jalb etish borasida maxsus qarorlar qabul qildi. Oliy hokimiyat, viloyatu-nohiya hukumatlarida va parlamentda lider ayollar soni ancha oshgan. Ammo bu bilan Tojikistonda xotin-qizlar hayoti yaxshilandi deyish qiyin.

Tojikiston ayollari zamon haqida nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:29 0:00

Tojikiston hududining 93 foizini tog’lar tashkil etadi. Aholi asosan qishloq xo’jaligi bilan band. Xotin-qizlarning ko'pi bozorda yengil savdo-sotiq bilan mashg’ul.

Keyingi yillarda xorijga mehnat muhojirligiga otlanayotganlar safini ayollar to’ldirib bormoqda. Hatto yosh oilalar go’daklarini yaqin urug’lariga tashlab, ish izlab, Rossiyaga ketmoqda. Natijada tarbiyada oqsoqlik ko’rinadi.

Ayrim erkaklar nazarida Tojikiston ayollarining dunyoqarashi orqada

Mahalliy san’atshunos o’zbek ziyolisi Rahmatjon Dadaboev fikricha, respublikada haligacha xotin-qizlarning dunyoqarashi hozirgi zamon talablariga javob bermaydi, muammoning ildizi ana shunda.

"Bizning ayollarimizning zamonaviy bilimlari yo’q. Ko’pchiligi o’qimagan, dunyoqarashlari juda tor, aksar qishloq ayollari o’rta ma’lumotlari bilan qolib ketishgan. Birov bir nima desa, o’shanga qarab ketib qolishadi. Hayotga o’zlarining mustaqil shaxsiy qarashlari yo’q. Ularning o’qimishli, yaxshi insonlar bo’lib etishishlariga bilimlari kamlik qiladi. Hukumat albatta ularni turli sohalarga jalb qilmoqda, rahbarlikka ham tayinlanishyapti, oqila ayollarimiz topiladi. Ularni jamiyatda faol bo’lishlarga jalb etishda ancha harakatlar, imkoniyatlar ham bor, bu sohada oldinga siljish am bor. Ammo, baribir, umumiy dunyoqarash ancha orqada", - deydi Rahmatjon.

Ro’zg’or tashvishlari asosan ayollar zimmasida, chunki ishga layoqatli erkaklarning ko'pi mehnat muhojiratida. Lekin ularning hammasi ham oilasiga vaqtida pul jo’nata olmaydi. Natijada barcha ma’suliyat ayol zimmasida qolib ketmoqda. Mamlakatda esa tirikchilikni ta’minlaydigan ishning o’zi yo’q.

Ziyoli Maxfirat Abduroziqova bu haqda gapirarkan, zamondoshlarini o’tmish avlodlardan o’rnak olishga chaqiradi. Uning fikricha, bugungi ayollarda ilgarigi sabr-qanoat yetishmaydi.

"Ayollarimizni ishsizlik muammosi qiynaydi hozir. Ular bolasini tashlab har joyga yugurishadi-yu, uydagi bola tarbiyasini unutishmoqda. Oiladagi vazifasi chetda qolmoqda. Natija: erkaklarimiz ham aynib ketishmoqda! Iloji bo’lsa bozordagi ayollani qo’llash zarur. Ularga, kerak bo’lsa, pul ishlatishni o’rgatish kerak. Pul va oila kamchiligi ayollarimizni met’e qilib qo’ygan. Ayollarda o’tmishimizdagi kabi sabr-qanoat yetishmaydi hozir. Bir vaqtlar momolarimiz hammasiga chidagan. Hozir ko’pchilik erkaklarimiz o’qimasdan tirikchilik sabab, Rossiyada mardikorchilik bilan mashg’ul, bu ham oson emas. Lekin bolalar tarbiyasi har yerda qolib ketmoqda. Bu ularga salbiy ta’sir qilmoqda. Hamma harakat qilyapti, lekin kelajakni o’ylashmayapti. Qotgan nonga ham sabr qilishni o’rganish kerak. Bolalar tarbiyasi bilan jiddiy shug’ullanish zarur", - deydi Maxfirat.

Tirikchilik og'ir ekan, ayol hayoti yanada mushkul

Tojikistonlik o’zbek xonandasi Sadoqat Boboeva yaqinda Tojikiston va O’zbekiston chegaralari ochilishi badiiy marosimida ishtirok etgani uchun 2018-yil bahori xotin-qizlarga o’zgacha shukuh bag’ishladi deb hisoblaydi. Uning fikricha, gardaniga asosiy ro’zg’or tashvishlari tushgan xotin-qizlarga chegaralarning ochilishi ayni muddao. Negaki, aksar oilalar a’zolarini har ikki respublikada ham ko’rish mumkin, judolik ularga ruhiy azob bergan.

"Bu yil biz uchun ajoyib bo’lmoqda, O’zbekiston bilan chegaralar butkul ochildi, do’stligimizga hech qanchon ko’z tegmasin, bayramlari muborak bo’lsin. Bizning respublikada ko’zga ko’ringan san’atkorlarimiz bor, Shabnami Surayyo, Nigina Amonqulova, Tojiniso Niyozova, Gulasal Po’lotovalar… ilohim go’zal va jasur ayollarimiz hech qachon charchashmasin. Mehribon onalarimizga, go’zal qizlarimizga bahor bayrami muborak bo’lsin!"- deydi Sadoqat.

Uning frikricha, respublikalar orasida aloqalar rivojlana boraverar ekan, jamiyat ham, oila ham mustahkam bo’ladi. Bu esa o’rtada ayol ma’suliyati va mavqe’ini yanada baland tutadi, ularga faqat e‘tiborni kuchaytirish zarur.

Xotin-qizlarga atalgan she'r

Sadoqatning kasbdoshi bo’lgan Olimjon To’xtaev aytadiki, Tojikistonda hozir tadbirkor ayollar ko’paymoqda. Ular nafaqat oilada, balki jamiyatda ham yetakchi mavqe’ga ega.

"Ayollarimizni bahor bayramlari bilan sidqildan tabriklayman, bizlarni duogo’ylarimiz, barcha ishlarimizda qo’llab-quvvatlab turuvchi qanotlarimiz baxtimizga sog’ bo’lishsin, to’rtligimni ularga bag’ishlayman:

Xizr uchrab qolib yo’limda

Tilagimni so’rsa nogohon,

Ikkilanmay, o’ylanmay hatto

Baxt tilardim Sizga-Onajon!"

Olimjonning fikicha, xotin-qizlarni yilning tanlangan bir kunida emas, yil-o’n ikki oy davomida qadrlash lozim, ular bunga arziydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG