Breaking News

BMT: G'azo yashash uchun yaroqsiz joyga aylanmoqda


Falastinliklar BMTning G'azo sektoridagi oziq-ovqat tarqatish markazida navbat kutmoqda, 2018-yil, 8-avgust.

BMT ma'lumotiga ko'ra, G’azo sektorining o’n yildan beri qamal holatida ushlab turilishi anklav iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlarini yo’qqa chiqarmoqda. Joriy holat o’zgartirilmasa, 2020-yilga kelib G’azo sektori odamlar yashashi uchun yaroqsiz bo'lgan hududga aylanadi, deyiladi xalqaro tashkilotning Savdo va Taraqqiyot konferensiyasi e'lon qilgan hujjatda. Konferensiyaning Falastin xalqiga yordam ko’rsatish bo’yicha taqdim etgan yillik hisoboti ana shu masalaga bag'ishlangan.

Hujjatda ishg’oldagi Falastin hududida ishsizlik darajasi dunyoda eng yuqori – 27 foizni tashkil etishi ko’rsatilgan. Asosan, ayollar va yoshlar vaziyat qurboniga aylanmoqda.

Loyiha koordinatori Mahmud Alhafifning ma’lum qilishicha, og’irlashib borayotgan iqtisodiy vaziyat qishloq xo’jaligi sektorining jiddiy tanazzuliga sabab bo’lgan.

“Tadqiqotlar G’azo sektori qishloq xo’jaligi mahsuldorligining 35 dan 45 foizgacha kamayganini ko’rsatmoqda. Ma’lumki, qishloq xo’jaligi sektori ishsiz aholini jalb etishi bilan ham iqtisodiyotga muhim dastak bo’ladigan soha. Vaziyatni tasavvur qilayotgan bo’lsangiz kerak”, - deydi u.

Hisobotda keltirilishicha, G’azo va Iordan daryosining g’arbiy sohili hududlarida iqtisodiy imkoniyatlarning tanazzulga uchrashiga Isroil tomonidan joriy etilgan cheklovlar sabab bo’lgan. Natijada falastinliklarning Isroilda ishlashi jiddiy muammoga aylangan, donorlar yordami ham keskin tushib ketgan.

Hujjatda G’azo sektorida yashash sharoitlari og’irlashishda davom etayotgani qayd etilgan. Uzoq yillik elektr ta’minoti muammosi ham yanada jiddiylashgan. Aholi kuniga ikki soat elektr quvvatidan foydalanadi. Aholining o’n foizigina toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Konferensiya bosh kotibi o’rinbosari Izabel Dyurant G’azo sektoridagi vaziyatni beqaror deb baholaydi.

“Elektr va suv ta’minoti muammo, qashshoqlik hukmron, yoshlar va ayollar ijtimoiy taraqqiyot, hatto madaniy taraqqiyot jarayonlarida ham mutlaqo unutilgan qatlam. Bu yangilik emasligini bilsam-da, optimist bo’lib turolmayman. Albatta, bu yangilik emas. Biroq har yili vaziyat yanada og’irlashmoqda”, - deydi Izabel Dyurant.

Hisobot mualliflariga ko’ra, barqarorlikni tiklash uchun Isroil qamali to’liq tugatilishi, G’azo va g’arbiy sohil iqtisodiyoti qayta birlashtirilishi kerak. Falastinga nisbatan savdo va sarmoya sohasidagi Isroil cheklovlarining olib tashlanishi hudud iqtisodiyotining 10 foizga o’sishiga sabab bo’ladi, deyiladi hujjatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG