Breaking News

AQSh Falastinga: Muloqotsiz pul bermaymiz

  • Amerika Ovozi

AQSh va Isroil rahbarlari Davosdagi iqtisodiy forum paytida

Oq uy ma’muriyatining bildirishicha, AQShning kelajakda falastinlik qochqinlarga yordami Falastin rahbarlarining Isroil bilan tinchlik muzokaralariga qaytishiga bog’liq. Xalqaro yordamga muhtoj va lagerlarda yashayotgan qochqinlar vaziyatdan xavotirda.

G’azo Sektoridagi bir ayolning aytishicha, yordam pulisiz bolalar och qoladi.

AQSh Falastinga: Muloqotsiz pul bermaymiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi besh milliondan ziyod odam bilan ishlaydi. Tashkilot byudjetining salmoqli qismini Qo’shma Shtatlar qoplaydi. Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olganidan norozi Falastin rahbarlari Isroil bilan muzokaralarda AQShning vositachi bo’lib ishtirok etishini istamayapti.

Agar falastinliklar xarxasha qilaversa, deydi Amerika tarafi, qochqinlarga atalgan barcha dasturlar yopiladi. Davlat departamenti so’zlovchisiga ko’ra, AQSh Yaqin Sharq tinchlik jarayonida yangi yondashuvni ishga solmoqchi.

“Bungacha qo’llangan siyosat yillar davomida ish bermadi. Endi vaziyat o’zgaradi degan umiddamiz. Har ikki tarafni muzokaraga chorlab, jarayonni jonlantirmoqchimiz”, - deydi Xezer Noyert.

Payshanba kuni Davos iqtisodiy forumida Isroil bosh vaziri bilan yonma-yon o’tirgan Trampning aytishicha, Quddus masalasi muzokaralarda to’siq bo’lib kelgan va AQSh Quddusni Isroil poytaxti deb tan olganidan so’ng bu masala endi muzokara kun tartibidan olib tashlandi.

“Har safar Quddus maqomini deb boshqa masalalar qolib ketardi”, - deydi Tramp.

Falastin rasmiysi Soib Erekatning aytishicha, Sharqiy Quddussiz Falastin davlati bo’lmaydi.

“Quddus masalasining muzokaradan chiqarilgani tinchlik masalasining muzokaradan chiqarilgani deyavering. Falastin va Isroil o’rtasida bundan keyin zo’ravonliklar va to’qnashuvlar kuchayib boraveradi”, - dedi Erekat.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli AQSh pozitsiyasini Xavfsizlik Kengashi majlisida himoya qildi.

“Biz bu harakatimiz bilan Quddus chegarasini belgilaganimiz ham, muqaddas ziyoratgohlar maqomini o’zgartirganimiz ham yo’q. Tomonlar kelishgan shaklda ikkita mustaqil davlat ehtimoli va istiqboliga sodiqmiz. Murosasiz tinchlik bo’lmaydi. Misr buni o’z misolida ko’rsatgan. Barcha tomonlarning eng asosiy manfaatlarini hisobga oladigan yechim lozim. Qo’shma Shtatlar Isroil-Falastin mojarosining aynan shu tarafiga e’tibor qaratmoqda”, - deydi elchi.

Tramp ma’muriyati ayni damda o’z tinchlik rejasi ustida ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG