Breaking News

Arab dunyosining asl muammosi nima?


O'yinchoq qurollarda o'ynayotgan suriyalik bolalar. 2018-yil, 15-iyun.

Nizolar hukmronlik qilayotgan arab dunyosida odamlarning ekstremistik guruhlar safiga qo’shilishiga asosiy sabab diniy g’oya emas. Aksincha, siyosiy hayotdagi ishtirok muammolari, qashshoqlik, daromadlar tengsizligi va ishsizlik kabi masalalar ularni buzg’unchilik va ekstremizm sari boshlaydi. 20-sentabr kuni poytaxt Vashingtonda bo’lib o’tgan arab dunyosining kelajagiga bag’ishlangan tadbirda bir guruh mutaxassislar ana shunday bayonot bergan.

“Arab dunyosida aksariyat aholi kam ta’minlangan. G’oyaviy ishonch emas, jon saqlash va oila ro’zg’orini tebratish qarori ularni ekstremistik guruhlar safiga qo’shilishga undaydi”, - deydi Bayrut Amerika universitetining jurnalistika va ijtimoiy siyosat bo’yicha professori Rami Xuri.

Uning qo’shimcha qilishicha, mintaqadagi nizolarga barham berish bo’yicha qaror qilayotganda qashshoqlik, adolatsizlik iqtisodiy tengsizlik qatorida suv taqchilligi va qurg’oqchilik kabi tabiiy omillarning mavjudligini ham inobatga olish lozim.

Qatardagi Jorjtaun universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha professori Mexran Kamravaning ta’kidlashicha, qashshoqlikka qarshi kurash mintaqadagi nizolarni to’xtatishning asosiy yechimi. Biroq bu kurashda yengish uchun oqilona iqtisodiy siyosat, kuchli ta’lim tizimi va taraqqiyot sektorlari orqali odamlarga zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi kerak. Bularning hammasi bir-biri bilan chambarchas bog’liq.

Yaman faollaridan mamlakatning Shvetsiya, Daniya va Niderlandiyadagi sobiq elchisi Amatalalim Alsosva mintaqa muammolarini hal etishda dinning roliga alohida to’xtaldi.

“Diniy e’tiqod hamisha Arab dunyosi madaniyatining ajralmas qismi bo’lgan va kelajakda ham shunday bo’ladi. Bu o’rinda muammo boshqa fikr va g’oyalarga nisbatan tolerantlikning yetishmasligi hamda o’z dini yoki sektasining yagona haq yo’l sifatida qabul qilinishi bilan bog’liq”, - deydi Alsosva.

Uning bildirishicha, to’g’ri yondashuv joriy etilgan taqdirda, din boshqalarga nisbatan bag’rikenglik, ijtimoiy adolat, odil boshqaruv, fuqaroviy tenglik, ayollar va fuqarolar huquqlarini ta’minlash kabi g’oyalarni shakllantirishda ijobiy rol o’ynashi mumkin.

“Arab dunyosi o’tmish alamlarining boshi berk ko’chasida azob chekishda davom etayapti. Biroq boy meroslarga tayanib mintaqada o’zgarishlar yasash uchun kech emas. Bu o’zgarishlar oldinga yo’l boshlaydigan hukumat tizimi ishlashini talab etadi”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibining siyosiy aloqalar bo’yicha sobiq o’rinbosari Tomas Pikkering Alsosvaning fikrlarini qo’llab-quvvatlar ekan, din va uning tarixini bilgan mahalliy mutaxassislarning bo’lishi juda muhimligini ta’kidladi.

“Amerikada Islom ilmi va arab dunyosidan yaxshi xabardor mutaxassislar yetishmaydi. Natijada, biz xatolarga yo’l qo’yayapmiz. Mintaqani o’ziga xosligini yaxshi anglaydigan mutaxassislarning bilimiga tayanib ish ko’rish muhim”, - deydi Pikkering.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG