Breaking News

Ayollar terror guruhlarga nega va qanday qo'shiladi?


"Islomiy davlat" bayrog'i
"Islomiy davlat" bayrog'i

Xotin-qizlarni ekstremist tashkilotlarga nima jalb qiladi? Ular bu oqimlarga qanday kirib keladi? Boko Haram va “Islomiy davlat” singari terror tizimlarida ayollar hamon faol ekanini bilamiz. Nima uchun va qanday qilib?

Ayollar va terrorizm: Ekspertlar davrasida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

Tadqiqotchilarga ko’ra, sabab bir narsada emas, aksincha ayollar orasida qonli ekstremizm bir necha omil mahsuli - siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy.

“Jamiyatdagi sharoit, ruhiyat, ma’naviyat, ogohlik, mafkura. Kimdir aldanadi, kimdir esa nima qilayotganini bilgan holda kiradi”, - deydi Odri Aleksandr, ekspert.

Afrika ayollarini Boko Haramdek shafqatsiz guruhga nochorlik yetaklaydi, deydi bu masalani o’rgangan Hilari Matfess. Yo’qsillikda katta bo’lganlar jalb etiladi.

“Boko Haram ularga bilim berishni va’da qiladi. Ularni boqishni o’z bo’yniga oladi. Qizlar uzatilganida, to’y uchun xarajatlarni qoplashga so’z beradi. Ayollar jangarilarga turmushga chiqib, hayotini saqlaydi; tirikchiligini ta’minlaydi. Ayrim hollarda Boko Haram ularga pul ham beradi”.

Erkak qarindoshi bu guruhlar safiga kirib qolgan taqdirda ayrim xotin-qizlar ularga ergashishi mumkin. Lekin sabab har doim ham moliyaviy emas. Ruhiy va ma’naviy omillarni hisobga olish kerak, deydi ekspertlar.

“Ayrim ayollar uchun bu shaxsiy qaror. Ular o’z mustaqil fikriga asoslanib, terroristlarga qo’shilayotganini aytadi. Ular uchun bu feminizmning bir ko’rinishi. Erkaklar zo’rlab olib kirgani yo’q, deyishadi. To’g’ri yo’lda ekaniga ishonadi”. - deydi Nimmi Govrinatan, olima.

Xotin-qizlarni jabrdiydalar sifatida ko’rish tor qarash va samara bermaydi, deydi tahlilchilar.

“AQSh hukumati, masalan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda odamlarni bu yo’ldan to’xtatib, normal hayotga qaytarishni maqsad qiladi. Bu strategiya asosan erkaklarni nishonga oladi. Ayollar-chi? Jangarilar orasida xotin-qizlar ham ko’p”, - deydi tadqiqotchi Jamil Bigio.

Razvedka masalalari bo’yicha tahlilchi Kristi Shindler nazarida ayollar maqomi terror guruhlarida tobora o’sib, o’zgarib bormoqda, ayniqsa “Islomiy davlat” safida ularning roli boshqacha - oldinga siljigan.

“Islomiy davlat” o’z propagandasida xotin-qizlarni o’zining kuchli a’zolari, tarafdorlari sifatida ko’rsatib kelmoqda, ayniqsa Suriya va Iroqda. Ayollar ular uchun faqat xotin yoki ona emas”, - deydi Shindler.

Radikalizmdan qaytarish deganda haqiqatdan ham dunyo bo’ylab asosan erkaklar nazarda tutiladi. Biroq Kontrterrorizm loyihasi degan tahlil markazi olib borgan izlanishlarga ko’ra, Yevropa, Shimoliy Amerika, Avstraliya va Afrikadan terrorchilarga qo’shilganlarning 10 foizdan 40 foizigacha xotin-qizlar bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG