Breaking News

Tramp devor uchun favqulodda vaziyat e'lon qilishi mumkin


Prezident Tramp AQSh-Meksika chegarasida vaziyat bilan tanishmoqda. Makallen, Texas shtati. 10-yanvar, 2019

Prezident Tramp mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qilib, Meksika bilan chegarada devor qurish uchun mablag' topmoqchi. Tabiiy ofatlar uchun ajratilgan pulni olmoqchi. Biroq Oq uy maslahatchilari bunday qilmaslikka undamoqda.

Prezident 5,7 milliard dollarga teng devor o’rnatish uchun Kongressni ko’ndira olmayapti. Tramp masalaga boshqa yechim topishga urinmoqda. Jumladan, harbiy qurilishga ajratilgan mablag’ni devor qurulishiga sarflashi mumkin.

Prezident Tramp Texas shtatiga tashrif buyurib, noqonuniy migratsiyaga qarshi chegarada o’rnatilgan choralar bilan tanishdi. Amerika rahbari demokratlar bilan chegara devorini moliyalashga kelishuvga erishmasa, mamlakatda tez orada favqulodda vaziyat e’lon qilishi mumkinligini aytdi.

Oq uy va demokratlar o’rtasida 9-yanvar kuni bo’lib o’tgan muzokarada ikki tomon bir-birini keskin inkor etgan. Mamlakatda uch haftadan beri hukumat faoliyati qisman to’xtatilgan. Murosadan esa darak yo’q.

“Favqulodda vaziyat e’lon qilishga to’liq haqliman. Men bunday qarorga hali kelganim yo’q, lekin ehtimoli katta. Vaziyat shunga juda yaqin turibdi. Aslida, murosasizlik uchun sabab yo’q. Afsuski, demokratlar chegara xavfsizligi masalasiga befarqlik bilan qarayapti”, - deydi Tramp.

Demokratlar va boshqalar prezidentning favqulodda vaziyat e’lon qilishi va harbiy loyihalarga mo’ljallangan moliyani devor qurilishiga sarflashiga qarshi. Bunga ular qonuniy kurash ham boshlashi mumkin, ya'ni ish sudga oshirilishi mumkin.

Prezident fikricha, devor masalasini Kongress orqali hal qilish eng to’g’ri yo’l bo’ladi.

Markaziy bank rahbari Jeromi Pauelga ko’ra, hukumat faoliyatining bu qadar uzoq muddat to’xtab turishi dunyoda yetakchi bo’lgan Amerika iqtisodiyotiga keskin zarba. Vaziyat statistik raqamlarda ham keskin pasayish sifatida aks etadi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG