Breaking News

Tramp Kongress a'zolari safari uchun samolyot bermadi


AQSh Prezidenti Donald Tramp va Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosini Afg’oniston va Belgiyaga rejalangan tashrifni bekor qilishga chaqirdi. Harbiy samolyot ajratilmagani bois Pelosi safarini qoldirishga majbur bo'ldi.

Prezident spikerga yo’llagan maktubida Kongress vakillarining Bryusseldagi NATO ittifoqchilari va Afg’onistondagi Amerika qo’shinlari bilan uchrashuvga borishini ma’qullamasligini bildirdi.

“800 ming hukumat ishchisi maoshsiz qolgan bir paytda, aminmanki, bu tadbirni kechiktirish oqilona fikr ekaniga qo’shilasiz”, - deyiladi prezident maktubida.

Pelosining matbuot kotibiga ko’ra, tashrif “milliy xavfsizlik va razvedka bo’yicha muhim uchrashuvlarga imkon yaratishi kerak edi”. Shuningdek, Amerika harbiylariga minnatdorchilik izhor etish uchun muhim imkoniyat edi, dedi u.

Pelosi hafta boshida prezidentni 29-yanvarga belgilangan xalqqa murojaatini kechiktirishga chaqirgan edi. Spiker hukumat faoliyati to’liq tiklangunga qadar murojaatning mavridi emas deb biladi. Prezident maktubida Pelosining bu chaqirig’i haqida hech narsa demagan.

“Prezident Kongressning nazorat vakolatini bekor qila olmaydi. Biz bunga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi raisi Adam Shiff.

Oq uy va Vakillar palatasi o’rtasidagi ziddiyatning yakunidan darak yo’q. Amerikada hukumat faoliyati qisman to’xtaganiga to’rt hafta to’ldi.

“Vakillar palatasi va Senatdagi ko’plab demokratlar murosa tarafdori. Pelosi bunga imkon bermayapti. O’ylaymanki, demokrat qonunchilar mamlakat uchun eng to’g’ri yo’lni tanlaydi. Eng to’g’ri yo’l bu eng mustahkam chegara xavfsizligini joriy qilish”, - dedi prezident Mudofaa vazirligida nutq so’zlar ekan.

Demokratlar hukumat faoliyati to’liq ishga tushsa, chegara xavfsizligining kuchliroq va samaraliroq yo’llari yuzasidan muzokara yuritishga tayyor. Biroq chegaraga devor o’rnatish samara bermaydi; bu byudjet mablag’ini isrof qilish bo’ladi va Amerika nufuzini tushiradi, deydi demokratlar.

“Tramp talab qilayotgan hashamat bizning hamyonimizga to’g’ri kelmaydi”, - deydi spiker Pelosi.

Tramp, shuningdek, AQSh delegatsiyasining Shveysariyada o’tadigan Jahon iqtisodiy forumiga safarini ham bekor qildi.

Pelosi deydiki, Oq uy Kongress a'zolarining urush zonasiga rejalagan safari haqida gap ochib, maxfiy ma'lumotlarni oshkor etdi. Prezident sifatida Tramp xavfsizlik choralari naqadar nozik masala ekanini tushunish kerak, deydi spiker. Odatda yuqori lavozimli rasmiylarning qaynoq nuqtalarga borishi oldindan aytilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG