Breaking News

Tojikiston tarixida eng yirik afv amalga oshirilmoqda


Tojikistonda "Afv-2019" aksiyasi

Tojikistonda konstitutsiya e’lon qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan mamlakat tarixidagi eng yirik afv ijroga kiritilmoqda.

Parlament 25-oktabr kuni “Afv to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qulladi. Shu kunning o‘zida mamlakat prezidenti qonunni imzoladi va u matbuotda e’lon qilindi.

Tojikiston Bosh prokurori Yusuf Rahmonning parlament yig‘ilishida aytishicha, “Afv to‘g‘risida”gi qonun 20 mingdan ziyod gumondor, ayblanuvchi, sudlangan va qamalganlarga nisbatan qo‘llaniladi. Tuzatish ishlariga hukm etilgan 4,5 ming kishi ham amnistiya qilinadi. Yetti mingdan ko‘proq mahbus koloniyalarda jazo muddatini o‘tashdan ozod qilinadi.

"Loyihaga muvofiq, jazoni o‘tash muassasalaridagi 300 nafar ayolning 165 nafari, tarbiya muassasalarida jazoni o‘tayotgan 75 nafar voyaga yetmagan mahbuslarning 58 nafari qolgan jazo muddatini o‘tashdan ozod qilinadi", – deydi Bosh prokuror.

Yusuf Rahmonning qayd etishicha, 12 yildan ko‘proq turmalarda qolayotgan ayollarning barchasi afvga tushadi. 55 yoshdan katta erkaklar, nogironlar, og‘ir kasallar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, boshqa davlatlar hududida harbiy harakatlar qatnashchilari, Chernobil atom elektrostansiyasi halokati oqibatida jabr ko‘rganlar javobgarlikdan ozod etiladi. 8 ming 800 nafardan ziyod mahbusning o‘tamagan jazo muddati qisqartiriladi.

Ammo qotillik, terrorizm va ekstremizm yoki “konstitutsion tuzum va davlat xavfsizligiga qarshi” jinoyat sodir etganlar afv etilmasligini ham qayd etdi mamlakat bosh prokurori.

“Aff to‘g‘risida”gi qonunda quyidagi mahkumlar toifasiga afv qo‘llanilmasligi ta’kidlanadi: umrbod qamoq jazosiga hukm etilganlar, hukm umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilgan o‘lim jazosiga hukm etilganlar, amnistiya to‘g‘risidagi avvalgi qonunlar bilan afv etilgan va takroran jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylarida jinoyat sodir etgan va koloniyadan turmaga o‘tkazilgan mahbuslarga.

Tojikiston prezidenti saytida e’lon qilinishicha, tegishli organlar ikki oy davomida qonunni to‘laligicha amalga tatbiq etishi va bu haqda prezidentga mufassal hisobot berishi kerak.

Tojikiston Oliy majlisi deputati Baxtovar Safarovning aytishicha, 2017-yil Tojikistonda “Tezkor-qidiruv faoliyat to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik yoki terroristik xarakterdagi postlarga "Like" va "Klass" yoki "Nravitsya" tugmachalarini bosgan, ya’ni shunday postlarni targ‘ib etish ortidan qamalganlar ham ozod etiladi.

«Ularning ko‘pchiligi ekstremistik faoliyatni amalga oshirgani uchun sud qarori bilan faoliyati bartaraf etilgan yoki taqiqlangan siyosiy partiyalar, jamoat yoki diniy birlashmalar yoki boshqa tashkilotlar faoliyatida ishtiroki uchun Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi 3-qismi bo‘yicha (ekstremistik tashkilot faoliyatini tashkillashtirish) qamalgan. Ushbu jinoyat uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo ko‘zda tutilgan", – deydi Safarov.

Amnistiyaga tushgan mahbuslar allaqachon ozodlikka chiqarila boshlandi. Yovon tumanidagi qamoqxona, Norak shahridagi ayollar koloniyasi, Xo‘jand shahridagi qamoqxona, poytaxt Dushanbening 33-mahallasidagi voyaga yetmaganlarning tuzatish koloniyasi va maxsus turmaning mahbuslaridan iborat ikki mingga yaqin kishi ozodlikka chiqdi. Xabar berilishicha, ozodlikka chiqqanlar orasida 165 nafar ayol va 60 nafar voyaga yetmagan bola ham bor.

Tojikiston Adliya vazirligining jinoiy jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mahbuslar bosqichma-bosqich ozod etib boriladi.

Tojikistonda mustaqillikning boshidan beri 120 ming nafardan ortiq gumondor, ayblanuvchi, sudlangan va qamalganlarga nisbatan amnistiya qo‘llanilgan.

1992-yildan 2016-yilgacha e’lon qilingan amnistiyalarda afv etilganlar soni taqriban 121 560 nafarni tashkil etadi.

Tojikistonlik advokat Abduqayum Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, “Amnistiya to‘g‘risida”gi qonun faqat o‘z aybiga iqror bo‘lganlargagina tatbiq etiladi va inson huquqlari tashkilotlari va faollar “vijdon tutqinlari” yoki "siyosiy mahbuslar" deb ataydigan mahbuslar afv etilmay, qamoqxonalarda qoladi.

"Masalan, advokat Buzurgmehr Yorov, sobiq vazir va ishbilarmon Zayd Saidovlarga nisbatan afv qo‘llanilmaydi", – deydi advokat Yusupov.

Tojikiston rasmiylari mamlakat qamoqxonalarida siyosiy mahbuslar mavjud emasligini aytadi.

Tahlilchi olim, tarix fanlari nomzodi Safarali Erkayev mazkur afvning oldingilaridan farqli jihatlari to‘g‘risida shunday deydi:

"Bu amnistiya mazmun-mohiyat jihatidan katta ahamiyatga ega. Birinchidan, 20 mingdan ortiq odamga nisbatan qo‘llaniladi. Ikkinchidan, bu afv oldingi amnistiyalarda ozod qilinmagan ayrim kategoriyalarga ham ta’sir qiladi. Uchinchidan, oldingi afvlarda faqat 70 yoshdan keksalarga qo‘llanilgan bo‘lsa, bu safar 60-55 yoshga tushirildi. Bunda hali sud qilinmagan, ammo o‘sha amnistiya talablariga to‘g‘ri keladiganlar ham afv qilinadi".

Erkayevning fikricha, afv qonunining tatbiq etish mexanizmi to‘g‘ri tashkil etilsa, mahbuslarning, hatto og‘ir jinoyatchilarning ozodlikka chiqarilishi ham jamiyat xavfsizligiga ta’sir qilmaydi.

Mazkur amnistiya Tojikistonda jinoyatga qo‘l urgan xorijiy fuqarolarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Safarali Erkayevning aytishicha, Tojikiston qamoqxonalarida Eron, Afg‘oniston, Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya davlatlari fuqarolari bor. Amnistiyaning mazkur davlatlar fuqarolariga nisbatan qo‘llanilishi xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Tojikistonning xalqaro reytingiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Suhbatdoshimizning aytishicha, Tojikiston qamoqxonalarida O‘zbekistonlik mahbuslar ham ko‘p. Ularning ozod etilishi ikki davlatning yaxshilanib borayotgan munosabatlariga yana ijobiy ta’sir qiladi.

Siyosiy tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, afv haqidagi qonunning qabul etilishi bu katta insonparvarlik. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu amnistiya etilganlarning keyingi taqdiri. Ya’ni ular ozodlikka chiqqanidan keyin ularning munosib ish topishi muammosi mavjud.

"Ularning ish topib, mo'tadil hayotga qaytib jamiyat orasiga singib ketishiga hech qanday kafolat yo‘q. Chunki Tojikistonda ishsizlik muammosi eng dolzarb muammolardan biri. Boshqa tarafdan hozir Sovet ittifoqi davridagidek, sobiq mahbuslarni ish bilan ta’minlash sistemasi mavjud emas. Ko‘plab yurtdoshlar kabi Rossiyaga mehnat muhojirligiga hammasi ham bora olmaydi. Ulardan ba’zilari jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay, qayta jinoyatga qo‘l uradi va qayta qamaladi. Ayni paytda 20 mingdan ortiq mahbuslarining birdaniga ozod etilishi jamiyatda qonunbuzarlik va bezoriliklar soni ortishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ko‘plab mahbuslarni birdaniga emas, balki har yili kam-kamdan muntazam ozod qilib borish yaxshiroq natija berar edi", – deydi Ilhom Yusupov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG