Breaking News

Matbuot erkinligi: muhojir jurnalistlar bilan muloqot


Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi: AQShdagi jurnalistlar bilan muloqot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:32 0:00

Erkin emas. Qirg'izistondan tashqari Markaziy Osiyodagi barcha respublikalarga bu tamg'a ancha yillar oldin yopishtirilgan. Boisi xalqaro tashkilotlar har yili e'lon qiladigan reyting va tahlilnomalar mintaqada matbuot hamon erkin emasligini, so'z erkinligi darajasi abgorligini ko'rsatmoqda. Hukumatlar matbuotni erkinlashtirish va jamiyatda so'z erkinligi bo'yicha vaziyatni o'nglashga erishilayotganini bot-bot takrorlaydi. Amalda vaziyat qanchalik o'zgargan va bu o'zgarishlar odamlarning matbuotga ishonchini oshirmoqdami? “Amerika ovozi” Markaziy Osiyo bo'ylab turli OAVlarda ishlagan, hozirda esa AQShga yashayotgan jurnalistlar fikrini o’rgandi.

Bekjan Idrisov, qozog'istonlik jurnalist, siyosiy qochqin, AQShda yashaydi.

“U yerdagi asl ahvolning bir misoli mening o'zim (Jilmayadi)... Aslini olganda, misollar juda ko'p. Yaqinda men Qozog'istonga oid yangiliklarni qidirishni yengillashtirish maqsadida mamlakatning ikkita yirik axborot saytlarida “Siyosat” rukni yangiliklarini qidirib ko'rdim. Va men “Zakon.kz” va “Tengrinews” da ham “Siyosat” bo'limini topmadim. Bu shundan dalolat bermoqdaki mamlakatdagi har ikki yirik mediaportallarda ham siyosat sohasi ta'qiq ostida. Ana shu holatning o'ziyoq Qozog'istonda so'z erkinligi qanday ahvoldaligini yaqqol namoyon etmoqda”.

Tojikistonlik jurnalist, 20 yillik tajribaga ega, hozirda AQShda yashaydi.

“Vaziyatga teran qarasak, so'nggi yillarda o'nlab jurnalistlar mamlakatni (Tojikistonni) tark etgan. Sezilarli miqdordagi mustaqil OAV yopildi. Yana qancha hur fikrlovchi odamlar, jurnalistlar panjara ostiga tashlandi. Mana shu manzaralarning o'zi siz o'rtaga qo'ygan, Tojikistonda so'z va matbuot erkinligi qay darajada, amalda bunday erkinliklar bormi-yo'q degan savollaringizga aniq javob. Menimcha nafaqat Tojikiston balki barcha sobiq sovet respublikalarida hamon sobiq SSSRda joriy qilingan qoidalar amal qilib kelyapti. Demak, jurnalistlar hamda davlat va nodavlat OAV faoliyati ustidan juda kuchli nazorat hamon mavjud. Binobarin davlat tasarrufidagi matbuotga ishga o'tishda odamlar avvaldan saralanadi, har kim ham u yerda ishga joylasholmaydi. Saralab olingach u xodim allaqachon qattiq senzura ostiga tushgan bo'ladi. Mustaqil OAVda ishlaydiganlar esa hatto bir misra so'zi, erkin mulohaza yoki tanqidiy qarashi, xoh u oddiy ijtimoiy muammoni ko'tarsa ham uzoq yillarga qamoqqa tashlanishi hech gap emas.

Mening nazarimda ushbu davlatda va nafaqat Tojikiston balki ko'pgina sobiq sovet respublikalari, Markaziy Osiyo mamlakatlarida hali qilinadigan ishlar juda ko'p. Va eng avvalo, bu yurtlarni Kremlning, Moskvaning qattiq bosimi ostidan qutqarishimiz talab etiladi. Menimcha, buning uchun juda ko'p yillar ketadi. Zero, Moskva ushbu davlatlar nafaqat so'z erkinligi balki boshqa barcha jabhalarda ham, xususan iqtisodiy,ijtimoiy va siyosiy sohalarda ham ozod bo'lishlarini istamaydi. SSSR qulaganidan keyin orada 28 yil o'tgan bo'lsada haliyam ushbu o'lkalarning mutlaq rahbari Rossiya bo'lib qolmoqda. Senzura ham, so'z erkinligi bu o'lkalarda eng avvalo Moskva tomonidan yoyilmoqda. Aynan Moskva u yerdagi erkin fikrlovchi, ozod qarashli odamlarning bosh ko'tarishlariga ruxsat bermayapti. Chunki Moskva Osiyoda va sobiq sovet mamlakatlarida o'z manfaatlariga ega va u yerdagi mavjud bosim vositalarini qo'ldan chiqarishni istamaydi”.

"Ozodlik uyi" tuzgan xarita. Yashil - erkin, sariq - qisman erkin, binafsha rang - erkin emas
"Ozodlik uyi" tuzgan xarita. Yashil - erkin, sariq - qisman erkin, binafsha rang - erkin emas

Dilbar Yakubova, jurnalist, “Samarkandskiy vestnik” rasmiy gazetasining sobiq bosh muharriri, hozirda AQShda yashaydi.

“Menimcha mutlaq erkinlikning bo'lishi mumkin emas. Chunki biz jamiyatda yashaymiz va biz bir-birimizga tobemiz. Qariyb 10 yildirki, men Amerikada yashayman, bu yerdagi hayotni kuzatayapman, bu yerdagi jarayonlar men uchun juda qiziqarli. Bu yerdagi ruscha matbuotni o'qib turaman. O'zbekiston matbuotini ham o'qishda davom etyapman. Mening nazarimda u yerda ko'p narsa o'zgaryapti. O'zbekistonda ko'plab qiziqarli loyihalar, yangi OAVlari paydo bo'lgan. Shunga qaramasadan O'zbekistonda tom ma'nodagi so'z erkinligi yo'q deb o'ylayman. Vaziyat yumshagan, lekin bu biroz boshqacha jarayon. Aslida so'z erkinligi qonun bilan mustahkamlangan bo'lishi lozim. AQSHda so'z erkinligi konstitutsiya bilan kafolatlangan. Bu juda ham muhim. Konstitutsiyada esa shunday band borki u Kongress tomonidan hatto kelajakda so'z erkinligini bo'g'ishiga yetaklovchi hech qanaqa qonunlarni qabul qilolmasligini ta'minlaydi. Ana shularning barchasi so'z erkinligining poydevori. Amerikada ham mutlaq so'z erkinligi bor demagan bo'lardim. Chunki hammamiz tirik jonmiz.

So'kinishimiz mumkin emas, ba'zi harakatlarni qilishga chaqirolmaymiz. Barchamiz ma'lum mas'uliyatlarga egamiz. Bu jumladan jurnalist etikasi... O'zbekistonda so'z erkinligiga hali ancha bor. Buni men chetdan, mamlakatdan olisda turib aytolaman. Vaziyat yumshaganiga dastlabki davrda blogerlar quvonishgandi. Ular o'zgarishlarni erkinlik deb qabul qilishdi. Va o'z qarashlarini bayon etishni, tanqidiy chiqishlar qilishni boshladilar. Lekin agentlik bor ekan, rahbar bor ekan, majburiy obuna bo'lar ekan, va u bor, hozir bu haqda ko'p gapirilmayapti, lekin bor, asl so'z erkinligi bo'lmaydi. Pul to'lagan musiqani ham buyuradi. Men soliq idorasining boshlig'i oldiga kiryapman, u obunamni tashkil qilib beryapti. Oqibatda men uni tanqid qilolmayman albatta. Barchamiz o'zaro bog'langan edik, hozir ham shundaymiz. Shuning uchun u yerda so'z erkinligi yo'q. Agarda sen bir burda nonni berayotganni tanqid qilar ekansan ertaga ana shu ulushdan ham mosuvo bo'lib qolishing tayin-ku. Biz shuningdek hamon ichki senzordan qutulganimiz yo'q. Har kim ham o'zi yaxshi ko'rib qolgan ish o'rnini yo'qotishdan qo'rqadi, demak u tanqid qilmaydi. Shuning uchun mening fikrimcha biz “So'z erkinligi” o'yinini o'ynayapmiz. Ma'lum darajada nimadir qilishga urinyapmiz, lekin O'zbekistonda asl ma'nodagi so'z erkinligi borasida hali gap ketmayapti”.

Dildora Rustamova, o’zbekistonlik jurnalist, hozirda AQShda yashaydi.

“Jurnalist sifatida Amerikaga muhojir bo'lib kelgan o'zbekistonliklar bilan ko'p muloqot qilishga to'g'ri kelib qoladi. Sababi ular haqida hikoyalar yozib, hayotlarini yoritib boraman. Aynan muloqot vaqtida, O'zbekistondan kelgan ayollar bilan gaplashganda ular ko'proq Amerikadagi turmushlari, hayotlarida yuz berayotgan maishiy muammolarini olib chiqishga harakat qilishadi. Lekin O'zbekiston davlatiga oid bo'lgan muammolar, siyosiy masalalar borasida gaplashishni xohlashmaydi. Shu narsani jurnalist sifatida kuzatdim”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG