Breaking News

Harbiy bo‘linmaga hujum: yangi tafsilotlar, turli talqinlar


Tojikiston chegara hududlarida

O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi harbiy bo‘linmaga hujum va qurolli to‘qnashuv to‘g‘risida yangi tafsilotlar ma’lum bo‘lishi barobarida turlicha talqinlar paydo bo‘lmoqda.

To‘qnashuvda halok bo‘lgan harbiylar soni 6-noyabr kuni Tojikiston chegara qo‘shinlari va milliy xavfsizlik bergan ma’lumotdagidek 2 nafar emas, kamida 6 nafar ekan. Bu haqida birinchilardan bo‘lib "Ozodlik" radiosining tojik xizmati xabar berdi.

Dushanbe shahridan 25 yoshli Izzatullo Latifov va Ro‘dakiy tumanidan bo‘lgan militsiya xodimi Bahrom Qosimzodadan tashqari yana to‘rt nafar halok bo‘lgan. Bular Konibodom shahridan bo‘lgan 29 yoshli harbiy, "Sultonobod" chegara nazorat nuqtasi boshlig‘i yordamchisi vazifasini o‘tayotgan Dilovar Tolibov, Panjakent tumanining Farob jamoatidan Hofiz Hasanov, Bobojon G‘afurov tumanidan bo‘lgan askar Naimjon Saidolimov va Rasht tumanidan bo‘lgan 19 yoshli askar G‘anijon Davlat ekan.

Ba’zi xorijiy manbalar esa, Tojikiston Qurolli kuchlari safidan halok bo‘lgan yo jarohat olgan harbiylar soni 20 nafarga etishini aytmoqda. Ammo bu ma’lumotlar hozircha biror ishonchli manba bilan tasdiqlangani yo‘q.

Tojikiston rasmiylari halok bo‘lgan harbiylar sonini nima sababdan kam ko‘rsatgani ham ma’lum emas. Bu haqida biror bir davlat organi yo mansabdor shaxs sharh bermadi.

Hujumda qatnashgan va qo‘lga olingan besh nafarning nomlari e’lon qilindi. Ulardan uch ayol va ikki erkak Sug‘d viloyatining Bobojon G‘afurova va Istaravshan tumanida yashovchi Tojikiston fuqarolari ekan.

Dushanbe ko'chalarida
Dushanbe ko'chalarida

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hujumni faoliyati taqiqlangan "IShID" terroristlar guruhi Afg‘onistondan o‘tib kelib, amalga oshirganligini e’lon qilganidan ikki kun o‘tib, 8-noyabr kuni "IShID" o‘ziga tegishli "A’moq" sayti orqali video murojaat yo‘llab, Sultonoboddagi hujumni amalga oshirganligini va u erda 10 nafar harbiylarni o‘ldirilganini iddao qilgan. Shuningdek, 9-noyabr kuni hujumda qatnashganligi taxmin qilinayotgan 6 nafarning Abubakr Bog‘dodiy o‘rniga tayinlangan yangi etakchisiga qasamyod qilayotgan videosini nashr etgan.

Ammo Afg‘oniston rasmiylari hujumni uyushtirganlar chegaradan o‘tmaganligini ma’lum qilishdi.

12-noyabr kuni mazkur hujumga Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Ansorulloh" terroristik guruhining IShIDga qo‘shilgan a’zolari Dushanbe shahrida tayyorgarlik ko‘rgani haqida ma’lumot tarqaldi. Terrorchilarning nima sababdan aynan O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi harbiy bo‘linmaga hujum qilganligi ham malum bo‘ldi. Oxirgi tafsilotlarga ko‘ra, hujumga kamida ikki oy oldin poytaxt Dushanbeda tayyorgarlik boshlangan va unda mamlakat shimolidan bo‘lgan yoshlar faollik ko‘rsatgan. "Korvon" bozorida savdo qiluvchi tojir yigitlar magazinini sotib, hujumda foydalanilgan engil mashinani sotib olganligi aniqlangan. Bu ishlarning boshida Anvar G‘aforov nomli yigit turganligi aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Anvar shu Sultonoboddagi "Ishqobod" chegara bo‘linmasida harbiy xizmat muddatini o‘tagan va bu erning barcha nozikliklarini yaxshi bilgan ekan.

Hujum qilganlar bir necha kun Qabodiyon tumanining "Istiqloliyatning 20 yilligi" (sobiq Yangiyul) jamoati Qizil-nishon va Laylakuya qishloqlarida yashirinishgan. Bu qishloqlarning aksariyat aholisi o‘zbeklar bo‘lib, ilgariroq, bu erdan ekstremistik va terroristik guruhlarga, jumladan, "O‘zbekiston islom harakati" faoliyati taqiqlangan guruhga qo‘shilib ketganlar soni ko‘pligi aniqlangan hamda xavfli mintaqalar qatoriga qo‘shilgan edi.

Tojikiston-Afg'oniston chegarasida
Tojikiston-Afg'oniston chegarasida

Markaziy Osiyo va Xitoyni o‘rganish Markazi direktori Xudoyberdi Xoliqnazarning fikricha, chegaradagi harbiy bo‘linmaga hujum qilgan terrorchilarning maqsadi O‘zbekistonga o‘tish bo‘lgan.

"IShID chegeraga bordi va "Ishqobod" chegara posti orqali Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tmoqchi edi",–deydi Xoliqnazar O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro "Valday" klubining X Osiyo anjumanida. –Terrorchilar tergov paytida bu amaliyot ularning yangi xalifasiga qasamyod ekanligini ta’kidlashdi",– deydi Xoliqnazar.

Ammo ba’zi tahlilchilar hujum IShID tomonidan amalga oshirilganligini ham, terrorchilar Afg‘onistondan o‘tib kelganligini ham shubha ostiga olmoqda.

Rus tahlilchilaridan biri Aleksandr Knyazev bu amal terrorchilar hujumi emas, balki xavfsizlik xizmatining "spektakli" va xalqni qo‘rquv ostida ushlab turish uchun uyushtirilgan, degan iddao bilan chiqdi.

Boshqa bir tahlilchi Arkadiy Dubnov esa, hujum sababini ichki iqtisodiy mojarolar bilan bog‘ladi. Unga ko‘ra, dorisozlikda ishlatiladigan mahsulotlariga belgilangan narxda haq ololmay, aldanib qolgan mahalliy fuqarolar Tojikiston prezidentining kuyoviga tegishli deb ko‘rilayotgan shirkat rahbarlaridan qasd olish maqsadida hujumga tayyorlanishgan.

Ammo bu variantlar etarli asosga ega emas. Kuchli dalillar bilan isbotlanmaganligini sezish qiyin emas. Birinchidan, Knyazev aytganidek, "sahna" emas, haqiqatdan ham hujum uyushtirilganligini tasdiqlaydigan faktlar mavjud. Ikkinchidan, hujumchilar Dubnov aytgan dorisozlik mahsuloti yig‘ishda qatnashmagan kishilar ekanligi ham inkor etib bo‘lmaydigan fakt. Ayni paytda hujumda qatnashganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari ekanligi ma’lum. Bu haqida mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan ma’lumot berildi. Ammo ularning yakuniy maqsadlari haligacha ommaga e’lon qilingani yo‘q. Rasman e’lon qilingan ma’lumotlarga esa, detallar etarli bo‘lmaganligi yoki qarama-qarshiliklar ko‘p bo‘lganligi sababli ishonish qiyin.

Mustaqil tahlilchi Ravshan Qosimovning aytishicha, shubhali savollar tug‘ilishiga ilk rasmiy xabarlar va ertalab Ichki ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan suratlar tush paytiga borib o‘chirilgani ham sabab bo‘ldi. Xususan, hujumni bostirilish tafsilotlari yashirilmoqda va bu shubhalarni orttirmoqda.

"20 kishilik qurolli guruhning Qobodiyon tumaniga Afg‘oniston chegarasini oshib o‘tganligiga, u erni bilgan kishilar ishonmaydi. Chunki, u hududdan bunday guruhning sezdirmasdan o‘tib ketishi mumkin emas. Yana bu guruhning 200 kilometrdan ortiq masofani hech kimga bildirmay bosib o‘tib, poytaxtga yaqinlashib olganiga ham ishonish qiyin. Chunki u tomonlarda aholi zich yashaydi va ko‘pchilikning nazari tushgan bo‘lar edi", - deydi Qosimov.

Tojikistonda fuqarolar urushi yillari Radio va televidenie Qo‘mitasi raisi vazifasini bajargan jurnalist va davlat arbobi Bobojon Ikromovdan Sultonobod voqeasi atrofida turli-tuman variantlarning ko‘payib ketishi to‘g‘risida fikrini so‘radik.

"Knyazev, Dubnov kabi rus tahlilchilari voqealarni sharhlashda butun boshqa tomonga chalg‘ib ketishdi. Buning sababi ularning haqiqiy holatdan xabardor emasligida. Haqiqat esa, barcha tafsilotlari bilan mahalliy jurnalistlar tomonidan ochib berilmadi. Chunki jurnalistlarga davlat organlari buning uchun imkoniyat bermadi. Imkon bermaganligining sababi tegishli davlat organlari zamonaviy axborot urushlariga tayyor emasligi va uning mohiyatini to‘g‘ri anglamasligidadir", - deydi Bobojon Ikromov.

Yana bir mustaqil tahlilchi Nematullo Mirsaidovning fikriga ko‘ra, voqea tafsilotlarini ochiq va to‘liq e’lon qilish shubhali xavotirlar va turli tuman fikrlar ko‘payib ketishini oldini olgan, ayni paytda davlatdorlik uchun zararli bo‘lmagan bo‘lar edi.

"Tojikistonda fuqarolar urushi yillari biz radio va televidenieda ham bundan dahshatli fojealarni boricha xalqqa taqdim etar edik va bu aksincha, odamlarda vatanparvarlik ruhini uyg‘onishiga, ortishiga sabab bo‘ldi. O‘ylaymanki, agar barcha tafsilotlar ochiq aytilganida, tojikistonliklar tinchlik yo‘lida Hukumatni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lar edi", - deydi Mirsaidov.

14-noyabr kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida terroristlar hujumi muhokama etilganligi aytildi, ammo tafsilotlar ma’lum emas.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG