Breaking News

Uxandan kelgan amerikaliklarning birinchi guruhi karantinni muvaffaqiyatli yakunladi


Xitoyning Uxan shahridan amerikaliklar olib kelingan samolyot, Kaliforniya, AQSh, 2020-yil, 29-yanvar

Xitoyning Uxan shahridan keltirilgan 195 amerikalik 14 kun karantinda saqlandi. Endi ular o’z uyiga ketishi mumkin. Ammo virus dunyo bo’ylab tarqalishda davom etmoqda. Jahonning 400 dan ortiq mutaxassisi Jenevada yig’ilib, shu mavzuni muhokama qildi.

Shu paytgacha mingdan ortiq odam koronavirus qurboni bo’ldi. Kasallanganlar soni esa 60 mingdan oshdi. Aksariyati Xitoyda.

“Yanglish tasavvurlarga yo’l qo’ymaslik uchun virusga to’g’ri nom qo’yish muhim”, - deydi Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom.

Virus COVID19 deb atalmoqda. Salbiy tasavvur paydo bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun joy, hayvon yoki odamlar guruhiga oid nom tanlanmagan.

Xitoy va boshqa ko’plab davlatlarda virusga chalinganlar soni oshib borar ekan, dunyo ahli vahimada. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga ko’ra, AQShda vaziyat ancha yaxshi.

“13 ta bemor aniqlandi; faqat ikkitasi virusni AQShda yuqtirgan. Ular Uxanda bo’lib qaytgan bemorlarning yaqinlari. Sayohat va chegara bo’yicha ko’rilgan keskin choralar, muvaffaqiyatli tekshiruvlarimiz natijasida virusning kirib kelishi sekinlashdi”, - deydi markaz vakili Anna Shuchat.

11-fevral kuni 14 kunlik karantinga olingan amerikaliklarning ilk guruhi nihoyat ozodlikka chiqdi.

“195 kishining barchasi karantin muddatini tugatdi. Bugun so’nggi tekshiruvlardan o’tishdi: simptomlar o’rganildi, haroratlari o’lchandi va o’z uylariga qaytishlari uchun sog’lom deb topildi. Barchamiz uchun bu katta tantana”, - dedi doktor Nensi Nayt.

Ammo noxush xabar ham bor.

“Uxandan Kaliforniyaga olib kelingan yana bir guruh orasidan bir bemor aniqlandi. U hozir Kaliforniyada davolanyapti. Oltita shtatda yuz bergan 13-holat bu”, - dedi Anna Shuchat

Bugungi kun holati bo’yicha koronavirusga chalinganlar soni dunyo bo’ylab 60 mingdan oshgan. Mingdan ortiq o’lim holatlari qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG