Breaking News

Tramp koronavirus haqida qanchalik jiddiy?


Oq uy, 10-mart, 2020

Koronavirus vahimasi kuchayar ekan, AQShda davlat rahbari bu kasallik xavfi haqida aniq gapirmayapti. Aksincha, o’zining mujmal bayonotlari bilan ommani adashtirmoqda, degan tanqid avj olgan.

Prezident Donald Tramp koronavirusga qarshi kurash yo’lida butun mamlakatni qamrovchi hujjatga imzo chekdi. Kongress 8,3 millard dollar ajratmoqda.

“Aslida 2,5 milliard dollar so’ragandik, qarang qancha berishdi”,- deydi Tramp.

Prezident Tramp, jamoatchilik nazarida, virusga jiddiy qaramayapti.

“Kasallanganlar juda oz”, - deydi u.

Biroq prezidentga ko’ra, Oq uy bu borada katta ishlar qilmoqda.

"Tarixda biror prezident kasallikka qarshi bizchalik kurashmagan. Misli ko’rilmagan darajada chora ko’rayapmiz”, - deydi Tramp.

Prezident virus haqida nima biladi?

“Aprel oyida kunlar isib, virus yo’qola boshlaydi”, - deydi u.

Hazilmi yoki chin?

"Yuzimga qo’l tekkizishga qo’rqayapman, kunlardan beri”, - deydi u.

Inqiroz paytida, og’ir davrlarda, xalq o’z rahbariga suyanishni xohlaydi, deydi prezidentlar bo’yicha tadqiqotchi Vanessa Bizli. Odamlar mantiq izlaydi.

“Prezidentdan ijobiy, samimiy gaplar kutamiz. Chunki xalq o’ziga nisbatan ishonchni yo’qotmasligi kerak. Har bir so’zni o’ylab gapirish kerak. Prezident Tramp na uni qilmoqda, na buni. Faktlarga qarash yo’q. So’zlari reallikdan uzoq”,- deydi professor.

Mutasaddilar prezidentning aytganlarini to’g’rilash bilan band.

"Vaksina tayyor bo’lib qoldi. Tez orada chiqadi”, - deydi Tramp.

"Vaksina tayyor bo’lgunicha yana bir-bir yarim yil kutish kerak”, - deydi Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi rahbari Entoni Fauchi.

Tramp tarafdorlari ham prezidentni tushunmayotganini aytmoqda.

“Oq uyda bu borada gapirganida, bir qarasak, masalani yaxshi tushunadigandek so’zlay boshlaydi. Lekin ekspertlarga tayanmoqda. Boshqa payt esa maqtanish, hazillashish bilan band. Aniq bir narsa demay, nomiga og’zini qimirlatayotgan odamga o’xshaydi. Tanqidlar kuchayadi-da shundan keyin”, - deydi Metyu Kontinetti.

Xalq o’z salomatligi haqida yanayam xavotirlanib turgan paytda davlat rahbari jiddiy va chuqur ma’lumot bilan gapirishi kerak, deydi Bizli.

“Xalq allaqachon buni talab qilmoqda. Chunki hozir hazillashadigan, maqtanadigan payt emas. Tramp faktlar bilan tanishmi? Sog’liqni saqlash, buning uchun zarur chora-tadbirlar ko’rish har bir hukumatning ustuvor vazifasi. Rahbarlar shunday xavotirli davrlarda sinovdan o’tadi, ayniqsa, qayta saylanmoqchi bo’lsa”, - deydi professor.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, ayni damda amerikaliklarning 37 foizi Trampning koronavirusga qarshi kurashini ijobiy baholaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG