Breaking News

Bayden va Sanders: Tramp milliy tahdid va yolg'onchi


Vashington, 15-mart, 2020
Vashington, 15-mart, 2020

77 yoshli Jo Bayden va 78 yoshli Berni Sanders hozirda Oq uy uchun kurash maydonida qolgan ikki demokrat. 73 yoshli Prezident Donald Tramp- ularning umumiy raqibi. Lekin oldin ulardan biri asosiy nomzod deya tanlanishi kerak. Poyga davom etmoqda.

Bayden ham, Sanders ham o'zini Trampni bemalol yenga oladigan arbob deb biladi. Bayden fikricha, Trampning turgan-bitgani davlat va xalqqa xavf. Sanders fikricha esa Tramp o'taketgan yolg'onchi va uning boshqaruvi ostida Amerika eng korrupsiyalashgan tuzumga aylandi.

Har ikki demokrat nazarida Tramp koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni eplolmayapti, vaqtida chora ko'rmadi, ilm-fan ahliga quloq solinmadi va natijada, deydi ular, Amerika xalqi aziyat chekmoqda.

"Inqirozning oldi olinishi mumkin edi. Lekin olinmadi. Endi u qimmatga tushadi. To'lovi esa xalq zimmasida. Tramp bila turib, hech narsa qilmadi, - deydi Bayden.

"Prezident bo'lsam, bunday vaziyatda harbiylarga ham tayangan bo'lar edim", - deydi u.

Sanders esa Tramp safsatabozlikni bas qilib, koronavirusga qarshi real qadamlar tashlashi kerak, deydi.

Bayden ham, Sanders ham vitse-prezidentlik uchun ayol kishini tanlanishini aytdi.

Ikki da'vogar, uzoq yillik senatorlar, Kongressdagi faoliyatlari yuzasidan ham olishar ekan, bir-birini "muhitga moslashgan" siyosatchilar deya ta'riflaydi.

Sotsialist-demorkat Sanders sog'likni saqlash tizimini tubdan o'zgartirmoqchi, Bayden esa bunga qarshi. Ayrim jihatlarini yangilashning o'zi yetadi, muhimi u samarali ishlasin, tibbiy yordam olish osonlashsin, deydi sobiq vitse-prezident.

“Odamlar ijobiy natija kutmoqda, inqilob emas", - deydi Bayden.

Sanders deydiki, Bayden vitse-prezidentlik qilgan paytda, ya'ni Obama rahbarligi davrida Oq uy xususiy sektorni, xususan banklarni ortiqcha siylab yuborgan. Baydenning javobi shuki, Amerika moliyaviy inqirozdan chiqishi uchun zarur choralar ko'rilgan va natijada krizis tugagan.

Sanders Baydenni amerikaliklarning ijtimoiy himoyasini qirqqanlikda ayblaydi. Bayden buni inkor etib, Obama prezidentligi paytida aksincha, himoya turlari ko'paygan, deya bahslashdi.

Demokratik da'vogarlarni saralash jarayonida Bayden peshqadam. Hozirgacha poygadan chiqib ketganlarning hammasi Baydenni quvvatlagan, faqat Elizabet Vorrendan tashqari.

Bayden ezma va ortiqcha gaplari bilan bahs-tortishuvlarga sabab bo'ladigan siyosatchi sifatida tanilgan. Lekin hozirda uning saylov kampaniyasi "bu muammo" ustida qattiq ishlayotganini, Baydenning har bir so'zi elakdan o'tkazilgan holda aytilayotganini yashirmaydi.

Sharhlovchilar esa Baydenning bu zaifligi Sanders, qolaversa Tramp uchun o'ziga xos imkoniyatlar berishi mumkinligini qayd etib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG