Breaking News

Oq uy: Kongress vaqtni boy bermoqda


Oq uy, 25-mart, 2020

Amerika o'zining nohukumat-notijoriy sektoridan minnatdor. Koronavirusga qarshi kurashda ular oldingi saflarda. Tibbiy va xayriya muassasalari orasida shundaylari ko'p. Ular xususiy dargohlar va davlat organlari orasidagi ishonchli vositachilardir, dedi Tramp Oq uydagi kundalik brifingda. Bugun prezident va Vitse-prezident Mayk Pens 300 dan oshiq notijoriy tashkilotlarning rahbarlari bilan gaplashgan.

Koronavirusga qarshi kurash davom etar ekan, Kongressda qariyb 2 trillion dollarlik ko'mak paketi ovozga qo'yilib, tasdiqlanishi kutilmoqda.

Demokratlar va respublikachi qonunchilar har ikki palatada kelishib olgandek, biroq hali hamma bir yoqadan bosh chiqarmagan.

Qabul qilinsa, bu hujjat asosida kichik, o'rta va katta bizneslar davlatldan bevosita yordam oladi. Barcha sanoatlarga moliyaviy ko'mak ko'rsatiladi. Ijtimoiy himoya kuchayadi. Kasalxonalarga to'g'ridan-to'g'ri madad kengayadi. Koronavirusdan aziyat chekayotgan shtatlar uchun ham alohida yordam ajratiladi.

Moliya vaziri Stiv Mnuchin deydiki, u bir necha kundan beri Senat va Vakillar palatasi bilan muzokarada va tomonlar hozir "oxirgi zaruriyatlar" bilan band.

"Loyiha tez orada ma'qullanadi, degan umiddamiz", - deydi Mnuchin.

Bugungi brifingda ham Tramp o'tgan kunlar ichidagi bayonotlarini takrorladi.

"Amerika mavhumlikda yashay olmaydi. Normal hayotga qaytish uchun nima qilmoq zarurligi ustida bosh qotirayapmiz. Koronavirusni yengamiz, bu aniq", - deydi prezident.

Trampning aytishicha, tibbiyot sohasi egalari va iqtisodiy maslahatchilari bilan birga bir qarorga kelinib, mamlakatni ochish va normal turmush tarziga qaytish uchun qadam tashlanadi. Qachon? Uning umid qilishicha, 12-aprelgacha, ya'ni nasroniylarning Pasxa bayramigacha vaziyat oydinlashadi.

Mnuchin deydiki, hozirgi eng dolzarb masala - koronavirus davrida iqtisodiyot izdan chiqib ketmasligi uchun barcha chorani ko'rish. Oq uy nazarida Kongress vaqtni boy bermoqda. Tezroq qimirlashlari kerak, deydi prezident.

350 million amerikalikning har biri testdan o'tishi shart emas, deydi Tramp. Ayrim shtatlarda vaziyat ko'plab shtatlarga qaraganda ancha og'ir. E'tiborni qiyin ahvoldagi hududlarga qaratib, qolgan shtatlarda iqtisod va hayot joyiga qaytishi uchun harakat qilinadi, deydi Tramp.

Sog'likni saqlash bo'yicha mutassaddilar bu fikrdan yiroq ekani ma'lum. Ular nazarida hozirda ustuvor vazifa - koronavirus yanada kengroq tarqalmasligining oldini olish.

Shu bois odamlar bir-biridan masofa saqlashda davom etishi, gigiyena qoidalariga rioya qilib, zarur bo'lgandagina tashqariga chiqishi tavsiya qilinmoqda. Mamlakat bo'ylab favqulodda choralar ko'rilmoqda.

25-martga qadar AQShda koronavirus aniqlanganlar qariyb 65 ming, kasallikdan vafot etganlar 913 nafar. Yuqtirganlarning deyarli yarmi, jon berganlarning uchdan biri Nyu-York shtatida.

Dunyo bo'ylab koronavirusga chalinganlar yarim millionga yaqinlashgan. O'lganlar 21 mingdan oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG