Breaking News

Pentagon butunlay ishga qaytishiga hali ancha bor


AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan Pentagon majmuasining aksariyat xodimlari uydan ishlamoqda va shu tartibda davom etadi. 20 mingdan ziyod odam mehnat qiladigan qo'rg'on yana bir necha hafta favqulodda vaziyatga xos tarzda faoliyat yuritadi.

Mudofaa vaziri Mark Esper 30-iyungacha ahvol o'zgarmaydi, deya e'lon qildi. Lekin Amerika harbiy bazalariga qatnov astalik bilan yana yo'lga qo'yiladi.

Pentagon so'zlovchisi Liza Hershman deydiki, agar koronavirus yuqtirish hollari Virjiniya shtati va poytaxt Vashingtonda 14 kun davomida muntazam ravishda kamaysa, vazirlik ishida yangilik bo'ladi.

Harbiy bazalardagi faoliyat ham ular joylashgan shtatlardagi sharoitga bog'liq. Har bir qaror sog'liqni saqlash prioritetidan kelib chiqqan holda qilinadi, deydi rasmiylar.

Chet eldagi bazalarga boradiganlar ikki hafta mobaynida hech bir joyga chiqmagan, ya'ni o'zlarini ehtiyot qilgan bo'lishlari shart.

Hozirgacha qurolli kuchlarda uch kishi koronavirusdan vafot etdi.

26-mayga qadar dunyo bo'ylab Pentagonning 9173 nafar xizmatchisi virusga chalingan. Xususan 6118 nafar harbiy, 1433 nafar noharbiy xodim va ularning jami 1042 nafar oila a'zolari hamda 580 nafar pudratchi. 35 kishi hayotdan ko'z yumgan.

Virusni Amerikada shu kungacha 1 million 725 mingan ortiq odam yuqtirgan. 100 mingdan ziyodi undan jon bergan. Qariyb yarim million odam tuzalgan.

Dunyo bo'ylab esa kasallanganlar soni 6 millionga yaqinlashmoqda. O'lganlar 350 mingdan oshgan. Sog'ayganlar deyarli 2,5 million.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG