Breaking News

O'zbekistonda Islom Karimov xotirasi kuni qanday o'tdi?


Toshkent, 2-sentabr, 2020
Toshkent, 2-sentabr, 2020

2-sentabr - O’zbekistonda rasman Islom Karimov xotirasi kuni. Bu boradagi xotira tadbirlari asosan Toshkent, Samarqand va Qashqadaryoda o’tgan.

Poytaxtda Prezident Shavkat Mirziyoyev, parlament va hukumat delegatsiyasi, Karimovning bevasi Tatyana Karimova, Samarqandda va Qashqadaryodagi tadbirlarda hokimlar va jamoatchilik vakillari qatnashgan.

2016-yilda 78 yoshida vafot etgan Islom Karimovning o’limi 2- sentabr kuni rasman ma’lum qilingan.

Mirziyoyev bugun Karimov haykali poyiga gulchambar qo’ygan. Uning nomiga ochilgan majmuada marhum xotirasiga Qur’on tilovat qilingan.

Karimovni xotirlovchi tadbirlar qamrovi bir qadar toraygan, ammo marhumning siyosiy merosi, Karimov mustaqillik asoschisi ekanligiga doir taqdimlar hukumat miqyosida barqaror, o’zgarishsiz qolmoqda.

Toshkent, 2-sentabr, 2020
Toshkent, 2-sentabr, 2020

“Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karimning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, mamlakatda hokimiyat o’zgarar ekan, ayrim guruhlar tomonidan Mirziyoyevni ulug’lash hisobiga Karimov davrini tanqidga tutish urinishlari bo’ldi, lekin bugungi rahbariyatning marhumga sadoqati sabab bunday chiqishlar to’xtagan.

“Men bu kabi chiqishlar mualliflariga hukumat tomonidan biror dashnom berilgan deb o’ylamayman. Bunday ziyolilar odatda hokimiyat kayfiyatiga qarab ish tutishadi, shunga muvofiq o’zgarishadi, Orezident Mirziyoyevning har safar Karimov yodgorligiga ta’zim qilayotganini ko’rishning o’ziyoq ularni jiddiy cho’chitib qo’ygani muqarrar. Shuning uchun ham yangi lider olqishlanib, Karimov davri nisbatan tanqid qilingan. Onda-sonda rasmiy matbuotda ham ko’rinib turgan bu kabi chiqishlar ayni paytda kelib mutlaqo yo’qqa chiqdi. Hokimiyatga yaqin bo’lishdan ustuvorlik yasab kelgan bunday ziyolilar hozircha Karimov davrini yomonlash vaqti yetib kelmaganini tushunib yetishdi nazarimda”, - deydi Baxtiyor Karim.

Toshkent, 2-sentabr, 2020
Toshkent, 2-sentabr, 2020

O’zbekistonni 1989-yildan 2016-gacha yil boshqargan Karimov shaxsiga nisbatan munosabat ziddiyatli.

Jamoatchilikning bir qismi uchun Karimov mustaqil davlat asoschisi, tinchlik va barqarorlik kafolati, boshqa bir qatlam uchun Karimov fuqarolar qonini to’kkan shafqatsiz diktator bo'lgan.

Baxtiyor Karim nazarida oxirgi paytda jamoatchilikda Karimov davriga nisbatan sog’inch kuchaygandek.

“Oxirgi paytda jamoatchilikda Karimov davri yaxshi edi, degan fikrlar ko’proq uchramoqda, shakillanmoqda. Buning sababi mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat bilan bog’liq. Bunday xulosaga kelayotganlar ko’pchiligi korrupsiya miqyosidan aziyat chekayotgan, iqtisodiy ahvoldan qoniqmayotganlar. Bugun rostdan mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat og’ir. Korrupsiya, boylar va kambag’allar o’rtasidagi faqrlar sobiq tuzum paytidagidan ham anchaga kuchaygan. Karimov davridagi kabi keskin tartibni, qattiqqo’l boshqaruvni yoqlayotganlar ko’paymoqda. Va shuni ta’kidlashni istadimki, jamoatchilikdagi bu kabi qarashlar hukumat yoki boshqa bir kuchlar imo-ishorasi bilan emas, balki mamlakatdagi real vaziyatdan kelib chiqmoqda”, - deydi Baxtiyor Karim.

Toshkent, 2-sentabr, 2020
Toshkent, 2-sentabr, 2020

Xalqaro hisobotlarga tayanilsa, O’zbekistondagi korrupsiya bilan bog’liq vaziyat ayni paytda, mamlakatda hokimiyat o’zgarishi ortidan ham jiddiy muammo sifatida qolmoqda, ammo bu boradagi vaziyat Karimov davrida og’irroq bo’lgan.

Mamlakat konstitutsiyasiga ko’ra, prezident o'z vazifasini bajara olmay qolsa, davlatni boshqarish vazifasi vaqtincha Senat raisiga yuklanishi kerak.

Ammo Karimov vafot etganida Senat raisi qonunchilikda belgilangan vakolatini qabul qilishdan bosh tortib, bu o’rinni Bosh vazir lavozimida ishlab kelgan Mirziyoyev egalladi.

2016-yilning dekabrida O’zbekiston prezidentligi uchun muddatidan avval saylovlar bo’lib o’tdi. Unda jamoatchilikka islohotlar va Karimov siyosatini davom ettirish va’dasini bergan Mirziyoyev mutlaq ko’pchilik ovoz bilan g’alaba qildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG