Breaking News

Mehnat va mehnatkashlari kuni AQShda 19-asrga borib taqaladi


Kaliforniya shtati plyajlarida bayram kuni

Sentabr oyining birinchi dushanbasi AQShda Mehnat va mehnatkashlar kuni. Yozgi ta'til tugab, ishga qaytish payti. Ayyom tarixi 19-asrga borib taqaladi.

Qachondan beri bayram?

1800-yillarda sanoat inqilobi avj olar ekan, ishchilar kuniga 12 soat mehnat qilgan, dam olishsiz va topgan puli oziq-ovqatga zo'rg'a yetgan. Bolalar ham ishlatilgan. Ishchilar kasal bo'la olmas edi, ta'til yo'q edi va imtiyoz degan tushunchaning o'zi mavjud emas edi.

Adolat talabi ostida mehnatkashlar birlasha boshlagan. Norozi ishchilarning guruhlari uyushmalarga aylangan. Ular sharoitni tuzatish, maoshni oshirish va dam olish uchun kunlar belgilashni talab qilgan. Shtatlar chora ko'rishga majbur bo'lgan, chunki ish tashlashlar iqtisodga qimmatga tushgan.

Amerika rivojlanishi uchun mehnatni qadrlash kerak edi. Shtatma-shtat vaziyat o'zgarar ekan, 1894-yilga kelib, AQSh Kongressi ham federal miqyosda yangi qonunlar qabul qila boshlagan.

Sentabr oyining birinchi dushanbasi rasman Mehnat va mehnatkashlari kuni deb belgilangan. Bu qaror ishchilar huquqlari ta'minlanishi uchun davlat tomonidan jiddiy va'dalar va kafolatlar berilganining timsoli edi.

Michigan: Pochta xizmati xodimlari manfaati uchun namoyish
Michigan: Pochta xizmati xodimlari manfaati uchun namoyish

Xalqaro Mehnatkashlar kunidan qanchalik farq qiladi?

1-may va AQShdagi Mehnat va mehnatkashlar kuni orasida g'oyaviy jihatdan katta farq yo'q. Tezlikda sanoatlashayotgan Amerikada ishchilar o'z haq-huquqlari uchun bosh ko'tarib, maqsadiga yeta boshlagani dunyo bo'ylab bunday harakatlariga turtki bergan. 1886-yilning may oyida Chikagodagi namoyishlar sabab sakkiz soatlik ish kuni belgilangani olamshumul yangilik edi. Namoyishlar tinch o'tmagan. Portlashlar, qon to'kilishlar, to'polonlar.

Amerikaliklar 1-mayni ham nishonlaydimi?

1-may boshida keng nishonlangan, lekin keyinchalik u so'lchilarning paradlariga aylana boshlagan. 20-asrda kommunist va sotsialist hukumatlar uni rasmiylashtirib, kapitalizmga qarshi chiqishlarga aylantirgach, Amerika bo'ylab 1-mayga qarshilik kuchayib, qiziqish pasaygan.

Bayram qanday nishonlanadi?

Amerikaliklar uchun bu bayram yozning yakunlanishi va kuzning boshlanishidir. Uch kun dam olishadi. Plyajlar va oromgohlar gavjum bo'ladi. Savdo markazlarida bozor qiziydi. Oilalar va do'stlar uchrashadi. Pikniklar va sayllar o'tadi.

Tennessi shtatida Mehnat va mehnatkashlar kuni
Tennessi shtatida Mehnat va mehnatkashlar kuni

Amerikaliklar bu kuni ishlaydimi?

Federal tizimda ishlaydiganlar dam oladi, lekin xususiy sektor, jumladan xizmat ko'rsatish sektori tinim bilmay mehnat qiladi, chunki talab yuqori bo'ladi. Bayram kunlari ishlashga majbur bo'lganlar ko'proq haq oladi.

Kasaba uyushmalari qanchalik faol?

Haftada besh kun ish, ikki kun dam, bayram kunlari qilingan mehnat uchun esa ko'proq haq, shuningdek, tibbiy ta'til va boshqa imtiyozlar - kasaba uyushmalarning mehnati mahsuli.

Ular Amerika bo'ylab hamon faol. Har bir yirik korxonada uyushma bor va xodimlar a'zolikka taklif qilinadi. Badal to'laysiz. Har bir muassasa yirik qarorlarni bu tashkilotlar bilan hisoblashgan holda qabul qiladi.

O'tgan 20-30 yilda kasaba uyushmalariga a'zolik kamaygan. Biroq bu tashkilotlarning faoliyati kengaygan. Oldinlari aksariyat hollarda past maoshli odamlar ulardan ko'proq yordam kutgan bo'lsa, hozirda yuqori va o'rta maoshli ishchilar ham bu uyushmalarga tayanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG