Breaking News

O'zbekistonda endi "vatandosh" degan qonuniy tushuncha bor


O'zbekistonda 15-sentabrdan binoan kuchga kirgan qonun fuqarolikka kirish tartibini soddalashtirishi kerak. Oldingisidan farqli jihatlaridan biri shuki, unga "vatandosh" tushunchasi kiritilgan.

O‘zbekiston hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, lekin respublika fuqaroligiga ega bo‘lmagan va xorijda yashaydigan shaxsning avlodlari hozirda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ular "vatandosh" deb qabul qilinadi.

Vatandoshni fuqarolikka qabul qilish tartibi soddalashtirilgan. Unga ko‘ra, vatandosh tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lishi kerak. O‘zbekiston konstitutsiyasiga rioya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Davlat tilini, qonun hujjatlarida belgilanganidek, zarur darajada bilishi kerak.

6, 45 va 55-moddalari shu yilning 1-aprelidan kuchga kirgan qonunga binoan, 1992-yilning 28-iyulidan beri O‘zbekistonda doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo‘lmagan va respublika fuqarosi bo‘lishni istagan shaxs bu mamlakat fuqarosi deb qaraladi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan davrga qadar o‘qish uchun xorijga ketgan yoki harbiy xizmatda bo'lgan va bu paytda ham vatanda doimiy propiskadan o‘tgan shaxs ham, agar chet davlat fuqarosi bo‘lmasa, O'zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

6-moddaga ko‘ra, 1995-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonga kelib, doimiy propiskadan o‘tgan, boshqa davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxs, respublikada yashash uchun guvohnomasi bo'lgan odam, fuqaro deb tan olinadi.

Shuningdek, ota-onasi, xususan, yolg‘iz ota yoki onasi O‘zbekiston fuqarosi bo'lgan bola ham fuqarolik huquqlariga ega.

O‘zbekiston fuqaroligiga alohida tartibda kirish, fuqarolikni tiklash, fuqarolikdan chiqish va fuqarolikni yo‘qotish asoslari ham qonunda belgilangan.

Prezident milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga, umumiy va soddalashtirilgan talablarni qo‘llamagan holda, fuqarolik berishi mumkin.

Hukumatga ko'ra, 1991-2007 yillar orasida 482 fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston pasporti berilgan. 2007-2016 yilllarda esa O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish jarayoni deyarli to'xtab qolgan.

2016-yilning dekabridan buyon esa 9443 shaxs fuqarolikka qabul qilingan. O'sha yili Prezident Shavkat Mirziyoev 179 kishiga fuqarolikni berish to‘g‘risida farmon imzolagan. Undan keyingi o'nlab boshqa farmonlar orqali 2017-yilda 1064 kishi, 2018-yilda 2759, 2019-yilda esa 5441 nafar shaxs fuqarolikka qabul qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG