Breaking News

AQSh Global Media Agentligi rahbarining yana bir qarori tanqid ostida


Mayl Pek, AQSh Global Media Agentligi rahbari

AQSh Global Media Agentligi rahbari Maykl Pek shu kunlarda boshlagan harakat Kongressning respublikachi va demokrat a'zolari tomonidan birdek qoralanmoqda. Pek "Amerika Ovozi" va u singari Kongress tomonidan moliyalanadigan axborot vositalari faoliyatiga hukumat aralashmasligini kafolatlovchi tizimga qarshi chiqmoqda. Agentlik boshqaradigan tashkilotlarning jurnalistikasiga davlat aslo aralasha olmaydi, ya'ni ular erkin faoliyat yuritadi. Pek nazarida esa bu tartibni qayta ko'rib chiqish kerak, chunki cheklov agentlik va Amerika manfaatlariga qarshidir.

Amaldagi tartib uzoq tarixga ega va Pek uni yo'qqa chiqara olmaydi. 1994-yilda qabul qilingan qonunda ham bu borada alohida bandlar bor.

Maqsad, deydi qonunchilar va bu to'siq tarafdorlari, jurnlalistlar o'z kasbiy tamoyillarga asoslangan holda mustaqil ishlay olishi shart. Moliya davlatdan kelayotgani hukumat axborot vositasining iznida degani emas. AQSh mustaqil matbuot, erkin jurnalistika va ishonchli axborot hamda ularning targ'ibotidan manfaatdor. Mablag' aslida shuning uchun ajratiladi.

Maykl Pek 33 betlik yo'riqnomasida amaldagi tartibni konstitutsiyaga zid deya baholaydi. Bu to'siq, deya yozadi u, agentlikdagi tashkilotlarni tahririy jihatdan samarali nazorat qilishga yo'l bermaydi.

Pek fikricha, AQSh Global Media Agentligi boshqa ommaviy axborot vositalaridan farq qiladi va unga an'anaviy media tashkilot sifatida qarash noto'g'ri.

“Yaratilganidan beri uning maqsadi va e'tibori tashqi siyosat va Amerikaning global maqsadlari bilan bog'liq. Bu faqat axborot berish yoki oddiy jurnalistik faoliyat emas."

AQSh Vakillar palatasidagi yetakchi qonunchilar Pekning fikr-qarashlarini qoralar ekan, u mavjud qonunlarni o'zgartira olmaydi, deya eslatmoqda. Biroq, deydi ular, Pekning agentlik rahbari sifatidagi pozitsiyasi uning nazoratidagi tashkilotlarga nisbatan ishonchga zarba.

“Pek qonunlarni pisand qilmasligini qayta-qayta namoyish qilmoqda", - deya tanqid qiladi Eliot Engel, demokrat kongressmen.

Engel deydiki, AQSh Global Media Agentligiga ishlaydigan jurnalistlar qo'rqmay, hech qanday xavotirsiz muhim va erkin faoliyatini davom ettirishi kerak.

"Pekning va boshqa rasmiylarning aralashuvi noqonuniy. Qonunlar siz tomonda", - deydi u jurnalistlarga qarata.

Texasdan respublikachi kongressmen Maykl Makkol:

"Pek nega jurnalistlarning xolisligiga qarshi chiqayotganini tushunish qiyin. AQSh Global Media Agentligi va undagi tashkilotlari missiyasi va samarasi uchun bu to'siq nihoyatda muhim. To'siqni olib tashlash agentlikning o'ziga zarar".

“Qonun AQSh Global Media Agentligidan xolis bo'lishni va jurnalistikaning eng oliy tamoyillariga binoan ishlashni talab qiladi", - deya qo'shadi kongressmen.

Konnektikut shtatidan Kris Merfi:

"Xalqaro teleradio haqidagi qonunda AQSh Global Media Agentligi qanchalik erkin ekani kafolatlangan. U Rossiya va Xitoydagi propaganda vositasi emas. Prezident tayinlagan odamlar bu tashkilot jurnalistlarining materiallariga ta'sir qila olmaydi. Jurnalistlar qonunan himoya qilinishini ta'minlaymiz".

Prezident tomonidan tayinlangan va uzoq muhokamalar ketidan Senat tasdig'idan o'tgan Pek shu yilning iyun oyida ish boshlaganida tashkilotlarning rahbarlarini ishdan oldi. Hozirda bu sobiq rahbarlar uni sudga bergan. Ularning da'vosida ham Pek mustaqil jurnalistikaga qarshi chiqayotgani aytiladi. Pek uning qarorlari qonunga xilof emasligini ta'kidlab keladi.

'Amerika Ovozi" studiyalarida, Vashington
'Amerika Ovozi" studiyalarida, Vashington

AQSh Global Media Agentligining yillik byudjeti 800 million dollardan oshadi. Unga besh tashkilot kiradi: "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va "Erkin Osiyo" teleradiolari hamda Yaqin Sharq va Kubaga multimedia axborot berish tizimlari. Umumiy haftalik auditoriya - qariyb 350 million.

"Amerika Ovozi" rahbariyati xodimlarga Pekning qarorlari va fikrlari tashkilot jurnalistikasini o'zgartirmaydi, deya eslatib turibdi.

Sobiq direktorlar va media ekspertlar orasida ham Pekka nisbatan tanqid keskin.

Senford Angar bir paytlar "Amerika Ovozi"ni boshqargan, hozirda Jorjtaun universitetida dars beradi.

"Hech bir prezident AQSh Global Media Agentligi faoliyatiga aralasha olmasligi kerak, jumladan hozirgisi ham", - deydi Angar.

Pek Tramp tomonidan agentlikni repressiv tuzumlardagi propaganda vositalariga o'xshagan sistemaga aylantirish uchun kelgan, degan iddao keng tarqalgan.

Janubiy Kaliforniya universiteti professori Nikolas Kall qayd etishicha, davlat tomonidan moliyalangan, lekin global miqyosda hurmat qilingan va ishonchli hisoblangan barcha teleradiolar hukumat ta'siridan qonunan himoyalangan.

AQSh Global Media Agentligi ham shunday himoya ostida qoladi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG