Breaking News

Kanada Xitoyning uyg'urlarga qarshi siyosatini genotsid deb e'lon qilishi mumkin


Xitoyning uyg'ur siyosatiga qarshi namoyish, Istanbul, Turkiya, 2020-yil, 1-oktabr

O'tgan hafta Kanada parlamentining Xalqaro inson huquqlari bo'yicha ichki qo'mitasi Xitoyning Shinjon mintaqasidagi uyg'urlarga nisbatan yuritgan siyosatini genotsid deya tasnifladi. Ba'zi ekspertlar va xalqaro huquq himoyachilari Pekinni sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish bo’yicha yangi davr boshlanayotganidan umidvor.

21-oktabrdagi bayonotida qo'mita qariyb 2 million uyg'ur va boshqa turkiy musulmonlarning hibsga olinishi, majburiy mehnat, keng tarqalgan davlat nazorati va repressiv kuzatuv tizimi "uyg'ur madaniyati va dinini yo'q qilishga qaratilgan aniq harakat" ekanligini ta'kidlagan.

"2018 va 2020-yillardagi tinglovlar paytida keltirilgan dalillarga asoslanib, ichki qo'mita Xitoy Kommunistik partiyasining harakatlari Genotsid konvensiyasida ko'rsatilgan genotsid ta’rifiga mos kelishi haqida xulosaga keldi", - deyiladi qo'mita e’lon qilgan xabarda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsid konvensiyasi genotsidni milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to'liq yoki qisman yo'q qilish niyatida qilingan harakatlar deb ta'riflaydi.

Konkordiya universiteti Montreal genotsid va inson huquqlarini o'rganish instituti ijrochi direktori Kayl Metyusning aytishicha, bu qaror bilan Kanada qo’mitasi Xitoydagi uyg'urlarga nisbatan munosabatni genotsid deb ta'riflagan birinchi milliy qonunchilik organi bo’ldi.

"Bu qaror ijro hokimiyatiga bosim o'tkazib, ularni shu qaror asosida harakat qilishga undaydi", - dedi Metyus "Amerika Ovozi"ga.

Xitoy xalqaro miqyosda 2017-yildan buyon Shinjondagi lagerlarda milliondan ortiq uyg'ur va boshqa turkiy musulmonlarni o'zboshimchalik bilan hibsda saqlash, ularni majburiy mehnatga jalb etish va qiynoqqa solishda ayblanadi.

Hukumat tasdig’i

Ichki qo'mita Kanada hukumatini ushbu kampaniyani genotsid deb tan olishga, Xitoyni qoralashga va "inson huquqlarini qo'pol ravishda buzishga" aloqador mansabdorlarga nisbatan jazo choralarini ko'rishga chaqirdi. Shuningdek, u hukumatdan mintaqaga xalqaro kuzatuvchilar kirishini talab qilishni va uyg'urlar huquqlari uchun kurashayotgan tashkilotlarni qo'llab-quvvatlashni so’radi.

Ichki qo'mita raisi Piter Fonsekaning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bayonotga kiritilgan takliflar "qo'mitaning ko'p partiyali a'zolari tomonidan bir ovozdan qo’llab-quvvatlangan".

Uning so'zlariga ko'ra, qabul qilingan hisobot Tashqi ishlar qo'mitasiga taqdim etiladi; xulosalar tasdiqlanishi yoki rad etilishi mumkin.

Ba'zi ekspertlarning aytishicha, bu ish qonuniy hujjat shaklini olib, tasdiqlash uchun Bosh vazir Jastin Tryudo hukumatiga taqdim etilishi ham mumkin.

Kanada Myanma hukumatining rohinja musulmonlariga qarshi qo’l urgan jinoyatlarini 2018-yil sentabr oyida genotsid deb tan olgan edi.

Kanada hukumati qo'mita takliflari bo'yicha harakat qilish-qilmasligini hali e'lon qilmadi. Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampanning "Amerika Ovozi"ga bergan bayonotida uning hukumati genotsid ayblovlarini "juda jiddiy" qabul qilganini aytdi.

"Biz ittifoqchilarimiz bilan yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettiramiz. Bu da’volar xalqaro mustaqil tashkilot orqali tekshirilishi va xolis mutaxassislar vaziyatni o'z ko'zlari bilan ko'rishlari va hisobot berishlari uchun mintaqaga kirishlari kerak", - dedi Shampan.

"Kasbiy tayyorgarlik markazlari"

Xitoy Shinjonda turk ozchilik elatlariga qarshi repressiv kampaniya olib borilayotganini rad etadi. Pekinga ko’ra, diniy ekstremizmdan "zaharlangan" yoki jamiyatdan orqada qolgan uyg'urlar "kasbiy tayyorgarlik markazlari"da malaka oshirmoqda.

O'tgan payshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Lijian qo'mitaning bayonotini "asossiz" deb atadi va Kanadani Shinjon bilan bog'liq masalalarni bahona qilib, Xitoyning ichki ishlariga aralashishni to'xtatishga chaqirdi.

"Shinjonda uyushtirilgan genotsid - bu ba'zi Xitoyga qarshi kuchlar tomonidan Xitoyga tuhmat qilish uchun o’ylab topilgan mish-mish va uydirma", - dedi Chjao matbuot anjumanida.

Ba'zi kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, Kanada hukumatining qo'mita xulosalarini ma'qullash va uyg'urlarning genotsidini tan olishga qaratilgan harakati boshqa mamlakatlarni ham shu yo'ldan borishga undashi mumkin.

AQSh pozitsiyasi

O'tgan juma kuni AQSh Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi senator Marko Rubio Kanada Parlamenti qo’mitasi qarorini olqishlab, AQSh hukumatini ham bu masalani genotsid deb tan olishga chaqirdi.

Seshanba kuni har ikki partiyaga mansub senatorlar guruhi uyg'urlarga qarshi kampaniyani genotsid deb e'lon qilish to'g'risida rezolyutsiya taqdim etdi.

Vashingtondagi Uyg'ur inson huquqlari loyihasi xodimi Piter Irvinning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, ushbu qarorlar xalqaro hamjamiyatning Shinjondagi Xitoy siyosatini qoralashdan tashqari, partiya rasmiylarini javobgarlikka tortishga ham tayyorligini ko'rsatmoqda.

Myunxenda joylashgan Jahon Uyg'urlar Kongressi prezidenti Dolkun Isaning aytishicha, genotsid masalasining muhokama qilinishi ushbu mamlakatlar uyg’urlar ahvolining og'irligini yaxshi tushunayotganini anglatadi.

"Vaziyatni genotsid deb tan olish sur'ati kuchaymoqda va quyi qo'mitaning qarori bunga katta hissa qo'shdi. Umid qilamizki, bu qadam xalqaro hamjamiyat tomonidan Xitoydan uyg'urlarning genotsidini to'xtatishni talab qilish uchun yanada mazmunli va aniq harakat boshlashiga turtki bo'ladi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG