Breaking News

Ko'hna Qashg'ar bugun qay ahvolda?


Xitoy g'arbida musulmonlar ko'p

Ikki ming yillikdan oshiq davr mobaynida Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqni bog'lagan savdo yo'llari o'tgan Qashg'ar - Xitoyning g'arbiy chegaralaridagi katta hudud. Aholisi taxminan 5-6 million. Shinjon muxtoriyatining bir qismi. Bu mintaqani uyg'urlar va boshqa turkiy xalqlar Sharqiy Turkiston deb biladi. Qashg'ar shahri - ochiq qadimiy obida, deb kelingan.

Tarixning qay pallasida bo'lmasin, deydi olimlar, qonli urushlar va notinch zamonlarga qaramay, Qashg'ar o'ziga xosligini saqlab qolgan. Me'morchilik uslubi, ilon izini aks ettiruvchi ko'chalari, oddiy tuproqdan bunyod etilgan chidamli inshootlari bilan ko'zni qamashtirib kelgan. Bozorlari nafaqat Osiyo, balki butun dunyodagi eng boy va rang-barang savdo markazlari sifatida tanilgan.

Kashg'arning bir necha yil oldingi ko'rinishi
Kashg'arning bir necha yil oldingi ko'rinishi

Xitoy hukumati 11 yil oldin Qashg'arni qayta qura boshladi. Eski, yaroqsiz binolar buziladi, o'rniga zamonaviy majmualar quriladi; ko'chalar va butun infrastruktura yangilanadi, deya e'lon qilindi.

Loyiha mahalliy aholi orasida xavotir bilan kutib olindi, lekin bu norozilik siyosiy jihatdan ko'p ahamiyat kasb etmadi. Tanqid asosan tashqi dunyoda uyg'ur faollar va bu elat madaniyati shinavandalari tomonidan yangradi.

Xitoy hukumati, Shinjon ma'muriyati va Qashg'ar rahbariyatiga ko'ra, g'arbiy mintaqaning boshqa hududlari singari bugun bu yer ham obod va ko'rkam. Aholining talabini qondiradigan darajada rivojlangan va rivojlanishda davom etmoqda. Taraqqiyot yangi ish o'rinlari ham yaratdi, tirikchilik osonlashdi, deydi rasmiylar.

Kashg'ar ko'chalaridan birining "zamonaviylashtirish"dan oldingi va keyingi ko'rinishi
Kashg'ar ko'chalaridan birining "zamonaviylashtirish"dan oldingi va keyingi ko'rinishi

Norozi taraf deydiki, bugun Qashg'ar fayzini yo'qotgan. Ko'plab tarixiy obidalar endi yo'q. Ularning o'rniga baland qavatli uylar va biznes imoratlar qad ko'targan. Jahonning turli burchaklaridan ko'hna manzara izlab keladigan sayyohlar bugun qattiqqo'l boshqaruv ostida yashayotgan, ezilgan bir shaharni ko'rishadi.

Vashingtondagi Markaziy Osiyo-Kavkaz Instituti rahbari Fred Starrga ko'ra ham Qashg'ar bugun Xitoyning uyg'urlarga nisbatan repressiyasidan jabr ko'rib kelmoqda. Mehnat lagerlari, majburiy mehnat, madaniy va etnik qadriyatlarga qarshi choralar, turkiy va musulmonlarni xitoylashtirish siyosati - hammasi Qashg'ar ahli hayotiga beqiyos ta'sir o'tkazmoqda, deydi olim.

Afg'oniston, Pokiston, Qirg'iziston va Tojikistonga qo'shni bu hudud aslida Osiyoning markaziy nuqtasi, deya ta'riflaydi Starr va boshqalar bilan onlayn muloqot qilgan uyg'urshunos tadiqiqotchi Bill Dreksel.

Bill Dreksel, uyg'urshunos olim
Bill Dreksel, uyg'urshunos olim

Qashg'ar bir tarafdan uyg'ur madaniyat beshigi, Buyuk Ipak yo'li o'tgan hudud, ikkinchi tomondan esa misli ko'rilmagan ko'lamdagi modernizatsiya proyekti markazidir, deya tasvirlaydi Dreksel. Uning tahlilnomasi yaqinda Uyg'ur Inson huquqlar loyihasi nomli nohukumat tashkilot tomonidan chop etildi.

2009-yilda Xitoy hukumati Qashg'ar va butun mintaqa yangicha ko'rinishga kiradi, deya bong ura boshlaganida bu shaharning 80-85 foizi buzib tashlanishi tasavvur qilinmagan edi.

Xalqaro hamjamiyat, xususan UNESCO, Yevropa Ittifoqi, Global Meros Tizimi va boshqa tashkilotlar va siyosiy organlar qarorni qoralab, jahon tarixi bilan bog'liq inshootlarga tegmang, deya chaqirgan.

Bill Drekselning izlanishlaari tahlilnoma sifatida yaqinda internetda Uyg'ur inson huquqlari loyihasi degan nohukumat tashkilot tomonidan chop etildi
Bill Drekselning izlanishlaari tahlilnoma sifatida yaqinda internetda Uyg'ur inson huquqlari loyihasi degan nohukumat tashkilot tomonidan chop etildi

Pekin bunga javoban Qashg'ar va g'arbdagi boshqa shaharlar ilg'or texnologik o'choqlarga aylanadi, deb chiqdi. Birinchidan, Shinjonda xavfsizlik va barqarorlik ta'minlanadi, ya'ni mintaqada terrorizm va ekstremizm tahdidi bartaraf etiladi, dedi rasmiylar. Ikkinchidan, dedi ular, bugungi iqtisodiy va ijtimoiy talablarga mos shahar vujudga keladi.

Nozori uyg'urlar deydiki, bunday siyosat va qadamlar bilan Xitoy hukumati aslida ularning hayoti ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi. Hozir har ko'chada skanerlar, kameralar, ochiq va maxfiy kuzatuv sistemalari ishlab turibdi. Oldingi an'anaviy ko'chalar o'rnida keng, daraxtsiz, har kimsaning har bir xatti-harakatini ko'rsa bo'ladigan yo'llar. Xitoy dunyoga "aqlli shahar" deya ko'rsatayotgan joy aslida totalitar nazorat ta'minlangan hududdir, deydi uyg'urlar. Etnik repressiya bo'lmay nima, deya so'raydi ular.

Yuzlab yillardan beri turgan masjidlar endi yo'q. Qadim bozorlar o'rnida endi supermarketlar. Obidalar o'rnida ochiq istirohat bog'lari, sanoat va biznes inshootlar, deya izohlaydi vaziyatni o'rgangan Dreksel.

Uning hisobotiga tayangan holda, jahon uyg'urlari yetakchilari, xususan Vashingtondagi tashkilot Xitoy hukumatini nafaqat Qashg'ar, balki butun Sharqiy Turkistonda tarixiy hududlardagi qurilish loyihalarini to'xtatishga chaqirmoqda. Mahalliy aholi bilan kelishgan, uning fikrini inobatga olgan holda ish tuting, deya undamoqda uyg'urlar. Masjidlar, maqbaralar va mozorlarga tegilmasin. Etnik huquqlar, shuningdek, mulkka egalik huquqi, tarixiy joylarni himoya qilish huquqi va talabi hamda muxtoriyat huquq va vakolatlari hurmat qilinsin.

Xitoy Qashg'arni buzmay, UNESCOdan uni Jahon Madaniy Merosi deya qayd etishini so'rashi kerak, deydi uyg'ur faollar.

Qashg'ar aslida Osiyoning markaziy nuqtasi, deydi tadqiqotchi Bill Dreksel
Qashg'ar aslida Osiyoning markaziy nuqtasi, deydi tadqiqotchi Bill Dreksel

Ekspert xulosa shuki, Qashg'ar ahli xohishi va huquqlari tamoman chetga surilgan, ularning hayoti bilan bog'liq qarorlar ularning fikrisiz qabul qilinadi.

Uyg'urlar xalqaro hamjamiyatdan ham dadilroq qadam tashlashni so'ramoqda. Jumladan, Sharqiy Turkistondagi tarixiy obidalar himoyasi bilan BMT maxsus vakili shug'ullanishi kerak. UNESCO Pekinga murojaat qilib, Qashg'ar va boshqa hududlardagi taraqqiyot loyihalari yuzasidan uni savolga tutib, BMT bilan kelishgan holda ishlashga undashi lozim. Yevropa Ittifoqi ham anchadan beri bu masalani ko'tarmagan. Tarix va madaniyatga befarq bo'lmagan har bir davlat Xitoy bilan aloqalarida Pekinning qilmishlariga loqayd emasligini ko'rsatib, hamkorini o'tmishni va etnik qadriyatlarni e'zozlashga chaqirishi zarur.

Iyun oyidan AQShda uyg'urlarni Xitoy zulmidan himoya qiluvchi qonun kuchga kirdi. Unga ko'ra, uyg'urlarni ezishda bevosita qo'li bor amaldorlarga sanksiya qo'yiladi va Xitoy bilan ko'plab sohalarda hamkorlik cheklanadi. Tarixiy meros va madaniy himoyaga ham e'tiborni oshirish kerak, deydi Vashingtondagi uyg'ur liderlar.

Fuqarolarni qayta tarbiyalash zonasi, Shinjon, Xitoy
Fuqarolarni qayta tarbiyalash zonasi, Shinjon, Xitoy

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG