Breaking News

Tojikiston yerlariga Xitoyning daʼvosi qanchalik asosli?


Xitoy askarlari Pomir tog'larida harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, 2020-yil, 28-avgust
Xitoy askarlari Pomir tog'larida harbiy mashg'ulot o'tkazmoqda, 2020-yil, 28-avgust

Xitoy tarixchilarining Tojikiston yerlari Xitoy hududiga tegishli ekanligi haqidagi iddaolari turli bahslarga sabab bo’lmoqda. Xitoyning ba’zi olimlari nafaqat Tojikiston hududini, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini qadimda oʻz yerlari boʻlganini iddao qiladi. Bu masalada Tojikiston va dunyo olimlarining fikri qanday?

Xitoy tarixchilarining “Tojikiston mintaqasi Xitoy hududiga tegishli boʻlgan”, qabilidagi iddaolariga Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi eʼtiroz bildirib, Xitoyga norozilik notasi yoʻllagan. Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 15-yanvar kuni matbuot anjumani paytida bunday iddaolar provokatsiya ekanligini aytib, shunday dedi:

“Bu provokatsion maqolalarga nisbatan tegishli choralarni koʻrdik. Oʻsha kunning oʻzida nota yubordik. Bizning elchixona vakillari Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda maqolalarni eʼlon qilgan OAV vakillari bilan uchrashdi. Natijada bu provokatsion maqolalar saytlardan olib tashlandi”.

Ammo yuqoridagi kabi iddaolar Xitoyga tegishli boʻlgan baʼzi manbalarda haligacha saqlanib qolgan. Masalan, ensiklopedik saytlardan biri boʻlgan “baike.baidu.com” saytida shunday deyiladi:

“Gʻarbiy Xon sulolasidan Gʻarbiy Jin sulolasi va Tan sulolasiga qadar tojik mintaqasi Xitoy hududiga tegishli edi. Tojik millati, asosan, milodiy 9-asrdan 10-asrgacha shakllandi. 9-asrda Somoniylar sulolasi barpo etilgan va poytaxti Buxoro boʻlgan. Tojik xalqining milliy madaniyati va urf-odatlari shu asrlik tarixiy davrda shakllandi”.

Aslida u yoki bu davlat yerlari qadimda boshqa bir davlatga tegishli boʻlganligi tabiiy holat. Ammo nima sababdan Tojikiston hukumati Xitoy manbalarining iddaolariga bu qadar qatʼiy eʼtiroz bildirmoqda? Xitoyning iddaolari asossizmi yoki u bugungi mustaqil Tojikiston davlatiga tahdid solyaptimi?

Xitoy matbuotini kuzatsak, hududiy daʼvolar faqat ming yillik tarixda qolmaganligi va begʻaraz emasligining guvohi boʻlamiz. Xitoy matbuotida bu masalada vaqti-vaqti bilan provokatsion materiallar tarqatib kelinayotganligini kuzatish mumkin.

2018-yilda Xitoyga tegishli boʻlgan saytlardan birida shunday yozildi:

“Xitoy XXI asrda dunyodagi eng qudratli davlatga aylandi. Qadimgi qoʻshnilarini hayratga soldi. Aksariyat davlatlar bizga boʻysunishga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoyga qoʻshilishga moyil. Bu Buyuk Xitoy davrida juda koʻp sodir boʻlgan. Xon sulolasi. Tan va Min sulolalari davrida bu odatiy hol edi. Hozir ham Xitoyga qoʻshilishni istagan milliy ozchiliklar bor”.

Yoki oʻsha 2018-yilning oxirida boshqa bir manbada yana shunday deyilgan:

“Maʼlumki, qadimgi davrlarda Xitoy juda kuchli boʻlgan va uning hududi nisbatan katta boʻlgan. Keyinchalik Tojikiston, Moʻgʻuliston, Butan va boshqa mamlakatlar bizning mamlakatimizdan ajralib chiqdilar”.

Vaqt oʻtishi bilan bunday provokatsiyalar ham kuchayib bormoqda. Masalan, 2020-yilning oʻrtalarida boshqa bir saytda shunday deyiladi:

“Hozirgi kunda Xitoy taraqqiyoti gullab-yashnamoqda va u dunyoda birinchi oʻrinda bormoqda. Bundan tashqari, Yangi Xitoy tashkil etilishi bilan mamlakatimiz va unga qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar asta-sekin rivojlana boshladi. Ammo aslida Qin va Xan sulolalari davrida bizning mamlakatimiz ushbu mamlakatlar bilan yaqin almashinuvlarga ega edi va baʼzi mamlakatlar uzoq vaqtgacha bizning vassal davlatlarimiz boʻlgan. Tojikiston – shunday mamlakat.

...XX asrning 20 yillarida Tojikiston rasman Sovet Ittifoqiga aʼzo boʻldi... Mustaqillikka erishgandan keyin Tojikiston hanuzgacha iqtisodiy jihatdan orqada qolmoqda. U Osiyodagi eng qashshoq davlatlardan biri. Mamlakatimizning eng qashshoq qoʻshni davlati deb ham aytish mumkin. Hatto aytish mumkinki, bu eng qashshoq davlat – Tojikiston Xitoyga viloyat sifatida qoʻshilgan qoʻshnilarimiz orasida eng rivojlangan davlat boʻladi».

“Gul – tarixning aksi” axborot portali 2021-yilning 3-yanvarida “Tojikiston azaldan Xitoyning bir qismi boʻlib kelgan” degan iddaoni eʼlon qildi.

“Sin va Tan imperiyalari davrida Tojikiston Xitoy tarkibida boʻlgan. Keyinchalik, Xitoy Xutandan Fors imperiyasining sharqigacha boʻlgan yerlarni egallab oldi – hozir bu hudud Markaziy Osiyo deb nomlanadi”, - deyiladi maqolada.

Bu Xitoy Tojikistondan birinchi marta yer daʼvo qilishi emas. 2016-yil oxirida bir qator xitoylik olimlar Tojikistonning ayrim hududlari Xitoyga tarixiy mansubligi toʻgʻrisida rasmiy tekshiruv boshlaganligi maʼlum boʻlgan edi.

“Eng yangi Xitoy davlati paydo boʻlganidan soʻng, hokimiyatning asosiy vazifasi qoʻldan ketgan yerlarni qaytarish edi. Baʼzi yerlar qaytarib olindi, boshqalari hanuzgacha qoʻshni davlatlar nazorati ostida qolmoqda. Ana shunday qadimiy mintaqalardan biri bu Pomir boʻlib, u 128 yil davomida jahon kuchlari bosimi tufayli Xitoydan tashqarida boʻlib keldi”, - deb yozgan edi xitoylik tarixchi Chu Yao Lu.

2020-yilning iyul oyida Xitoyning bir necha elektron OAVlarida “Tojikiston ixtiyoridagi yerlarni oʻz tashabbusi bilan Xitoyga qaytarib berishni boshladi va Pomir togʻlari haqiqiy egasiga qaytarildi”, qabilidagi materiallar nashr etildi. Maqolalarda 2011-yilda Tojikiston Togʻli Badaxshon avtonom viloyati hududidan 1150 km2 yerni Xitoyga berganligi asos qilib olingan edi.

Ikki davlat orasidagi chegara uzunligi 414 km boʻlib, Tojikiston mustaqillikka erishgach, Xitoy baʼzi demarkatsiya yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish va yangi chegara shartnomasini imzolash taklifi bilan chiqdi. 1999-yil “Tojikiston-Xitoy davlat chegarasi toʻgʻrisida” bitim imzolanib, unga koʻra, Tojikiston Karzak dovoni hududidagi bahsli hudud ustidan toʻliq yurisdiksiyani saqlab qoldi, ammo Xitoyga 200 km2 ga yaqin maydonni berdi. Markansudaryosi yaqinidagi maydon teng oʻrtasidan boʻlindi.

Uchinchi qismning hududiy mansubligi muammosi 2002-yil “Chegarani belgilash va hududiy nizolarni hal qilish toʻgʻrisida” qoʻshimcha bitim imzolanishi bilan hal qilindi. Unga koʻra, Tojikiston Sharqiy Pomir mintaqasidagi 28000 km2 hududdan (TBMV, Murgʻob tumani) 1000 km2 ni Xitoyga berishga rozi boʻladi.

2011-yil 6-oktabrda Tojikiston hududidan 1150 km2 Xitoyning yurisdiksiyasiga oʻtkaziladi. Oʻshanda Tojikiston hukumat rasmiylari Pomir togʻidagi bahsli hududlar diplomatik kelishuv asosida Xitoy ixtiyoriga berilganligini maʼlum qilgan edi. Ammo muxoliflar hukumatni davlat hududidan taqriban 1 foizini Xitoyga sotganlikda ayblab keladi. Bu masala muhokamalarga sabab boʻlishi ortidan Tojikiston Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Xusrav Noziri Xitoyning Dushanbedagi elchisi Lyu Bin bilan uchrashuv oʻtkazib, Xitoy OAVlarida ikki davlat oʻrtasidagi chegara mavzusi yoritilishining oldini olishga chaqirgan edi. Ammo shunga qaramay, bundan provokatsion materiallar ketma-ket eʼlon qilinmoqda.

2021-yil boshidan boshlab, yaʼni, Pekin “ilk yirik ulushni”ni qoʻlga kiritganidan 10 yil oʻtib hudud iddaolari keskin koʻtarilishi nimani anglatadi?

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bu daʼvolar rasmiy Pekinning pozitsiyasini anglatmasligini taʼkidlaydi. Uning aytishicha, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoniga “bu Pekinning rasmiy pozitsiyasi emas”ligini maʼlum qilgan. Ular mustaqil OAVlarda eʼlon qilingan alohida shaxslarning nuqtayi nazarini ifodalaydi, deydi Tojikiston tashqi ishlar vaziri.

2021-yil 8-yanvar kuni “Vzglyad” nashrida yozilishicha, nafaqat Tojikiston, balki Xitoyga qoʻshni boʻlgan boshqa davlatlar ham oradagi hududlar hisobidan Pekin ixtiyoriga yer berishga majbur boʻlgan. Masalan, Qozogʻiston 407 km2, Qirgʻiziston 161 km2, Tojikiston esa 1150 km2 hududni Xitoyga bergan.

Taniqli tojik tarixchisi Kamoliddin Abdullayevning aytishicha, Xitoyning hudud daʼvolariasossiz va buni bir necha yoʻl bilan koʻrsatish mumkin.

“Tojiklar oʻz tarixlarini birovning yerini tortib olish bilan boʻyashmagan. Oʻz yerlarida yashab, garchi hech kimdan xafa boʻlmasalar ham, xitoyliklar singari mustamlakachilik siyosatining qurbonlari boʻlishadi. Ular Xitoyga qarshi ham bironta dushmanona harakat qilmadilar va shu bilan birga Rossiyadan Pomirda zamonaviy chegaralarni shakllantirgani uchun minnatdor. Oʻn yil oldin (2011-yil) tojiklar ushbu tortishuvni tugatish umidida qoʻshnisiga maʼlum hududiy imtiyozlarni bergan”, – dedi Kamoliddin Abdullayev.

“Aytaylik, Tojikiston bilan “Markaziy dasht” nomi bilan tanilgan tarixiy Xitoy emas, balki 1759-yilda Xitoyga qoʻshilib, Shinjon deb oʻzgartirilgan uzoq shimoli-gʻarbiy viloyat qoʻshnidir.

Boshqa tarafdan, xitoylik olimlarning iddaolari toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid, deb qabul qilinmasligi kerak. Miloddan avvalgi ikki ming yillikdan boshlab tarqalib kelayotgan Tyansya (samoviy) siyosiy konsepsiyasiga koʻra, xitoyliklar nazarida ularning mamlakatlari yagona sivilizatsiya hisoblanadi. Ularning taʼlimoti bo’yicha, Tyansya atrofidagi barcha xalqlar, imperatorlar, soliq yigʻuvchilar oxir-oqibat ixtiyoriy ravishda xitoylik boʻlishlari yoki Xitoy meʼyorlari asosida yashashlari kerak. Albatta, Tyansya bir xayoliy konsepsiya edi va shunday boʻlib qoladi. U nafaqat Sharqiy Osiyoda, balki oʻzining uzoq tarixi davomida har doim fuqarolar urushlari, hujumlar va chet el aralashuviga guvoh boʻlgan Xitoyning oʻzida ham “ishlamadi”. Ammo Tyansya sinosentrik ideal va axloqiy model boʻlib, u aholini ichki birlikka va qoʻshni mamlakatlar va xalqlar ustidan hukmronlik qilishga intilish uchun siyosiy mafkura sifatida ishlatilgan”, - deydi Abdullayev.

Dunyo olimlarining fikricha, “tyansya” (samoviy) konsepsiyasi bir utopik taʼlimot va u real voqelikdan uzoq. Shuningdek, Tojikiston yoki Markaziy Osiyo davlatlari hududi Xitoy yerlari boʻlganligini daʼvo qilayotgan Xitoy olimlari fikrining asossiz ekanligini nafaqat tojik tarixchilari, balki gʻarb olimlari ham taʼkidlamoqda.

Jorjtaun universiteti jamiyatlararo tarix boʻyicha professori, Xitoy, Markaziy Osiyo va jahon tarixi boʻyicha mutaxassis Jeyms Milluard fikricha, Shinjon davri bronza asri sivilizatsiyasi mahalliy emas, Gʻarbdan keltirilgan. Qadimiy aholisi saklar – Qora dengiz boʻyi va Sibirdan Pomir orqali u yerga borgan choʻponlar bo’lgan.

Boshqa bir amerikalik olim Duglas Hitch fikricha, bu mintaqaga Xon sulolasi (miloddan oldingi 206-220-yillar) hukmronlik qilganligini isbotlaydigan biror bir asos yoʻq.

Tojik siyosatshunosi Abdugʻani Mamadazimovning aytishicha, xitoylik tarixchi olimlarning hududiy daʼvosi asossiz va zararli ekanligini koʻrsatadigan kamida ikkita muhim omil mavjud.

“Birinchisi, tarixiy omil. Unga koʻra, Ipak yoʻli paydo boʻlishidan oldin (miloddan avvalgi II asr oxiri) Xitoy tojik xalqining ajdodlari anʼanaviy ravishda yashagan Shinjon Uygʻur avtonom rayoni va Gansu provinsiyalariga ega emas edi. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston aynan shu hududlar bilan chegaradosh.

Ikkinchi, strategik omil shundaki, Tojikiston va Xitoy oʻrtasidagi hozirgi strategik sheriklik darajasi, mantiqan, hududiy daʼvolarga oid turli xil gʻalayonlarga joy bermasligi va ularni oradan koʻtarishi kerak.

Xitoy rahbariyatining yangi global gʻoyalarini nazarda tutadigan “Bir kamar – bir yoʻl” loyihasini yaratish Markaziy Osiyo mamlakatlari koʻmagisiz muvaffaqiyatli amalga oshirilmaydi. Chunki Sharqiy Osiyoda Pekinning bunday ijobiy qiyofasi mavjud emas”, - deydi tahlilchi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG