Breaking News

Blinken: AQSh tashq siyosati global manfaatlarni ko'zlaydi


Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 3-mart kuni Vashingtonda so'zlar ekan, tashqi siyosatdagi asosiy yo'nalishlarni sanab o'tdi. Muammo va masalalar cheksiz, hammasi e'tibor talab qiladi, deydi u, lekin Bayden ma'muriyati ayni damdagi prioritetlarni belgilab olgan.

Prezident Jo Bayden singari Blinken ham Barak Obama ma'muriyatida ishlagan. O'sha davrga xos tashqi siyosat yangilanadi.

Amerika o'zboshimcha harakat qilmaydi, deydi davlat kotibi. Xalqaro hamjamiyat, ittifoqchilar va hamkorlar bilan maslahatlashgan holda qadam tashlanadi.

AQSh manfaatlari hamisha ustun, deydi Blinken, lekin ularni sheriklarning manfaatlarini ham hisobga olgan holda himoya qilish mumkin.

Zarur bo'lganda, keskin qarorlar qabul qilinadi, kuch ham ishlatiladi, ammo Amerika xalqini ogoh qilgan holda va qonunlarga asoslangan shaklda, deydi Blinken.


Xavfsizlik, salomatlik, erkinlik va demokratiya, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot, iqlim va ekologiya, ta'lim va ilm-fan hamda madaniy aloqalar - Bayden tashqi siyosatidagi birlamchi maqsadlardir.

Koronavirus pandemiyadan chiqish va undan keyingi dunyoda Amerika ezgu niyatli har bir taraf bilan ishlashga tayyor, deydi Blinkin. Vaksina ta'minoti, ilmiy izlanishlar va sog'liqni saqlash borasida yangi dasturlar boshlanadi.

Amerika qimmat harbiy harakatlardan o'zini asraydi, deydi bosh diplomat.

"Uzoq muddatli tinchlik va farovonlikka kuch bilan erishib bo'lmasligini tushunamiz.

Yaqinda Bayden Suriyada Eronga tegishli obyektlarni havodan nishonga olishni buyurdi. Blinkenga ko'ra, bu favqulodda manfaatlarni ko'zlab qilingan qaror. Pentagon ma'lum qilishicha, Eron kuchlari Iroq shimolida Amerika askarlariga hujum qilib, bir zobitni o'ldirgan, boshqasini yaralagan.

Blinken deydiki, Amerika o'z fuqarolarini boshqa davlatlarda hukumatlarni yangilash uchun safarbar etmaydi.

"Biz demokratiyani harbiy yo'llar bilan targ'ib qilmaymiz. Avtoritar rejimlarni kuch bilan ag'darish yo'lidan bormaymiz", - deydi davlat kotibi.

Vashington demokratiya va erkinlik urug'ini sochishda davom etadi, lekin bu yo'nalishda o'z sheriklari bilan yaqindan ishlaydi. U bilan hamkor davlatlarning dardiga quloq tutadi, mahalliy jamoatchilik va mutasaddilar pozitsiyasini o'rganadi, o'zaro manfaatlarni inobatga olib, qadam tashlaydi.

Har to'rt amerikalikdan uch nafarining fikricha, tashqi siyosatda asosiy e'tibor AQShda ish o'rinlarini saqlab qolishda bo'lishi kerak.

Donald Tramp prezidentligi davrida Oq uy mana shunday so'rov natijalariga asoslanib, iqtisodiy manfaatlarni birinchi o'ringa qo'ygan edi.

Ammo bunday siyosat ish bermagan, deydi hozirgi Oq uy.

Bayden ma'muriyati savdo va biznes kelishuvlarini qayta ko'rib chiqar ekan, Amerikadagi korxona va kompaniyalarning chetga ko'chib ketmasligini ta'minlashga bel bog'lagan.

Xitoy - AQSh uchun eng yirik geosiyosiy sinov, deydi Blinken. Koronavirus bilan bog'liq disinformatsiyadan tortib, savdo va xavfsizlikkacha, barcha jabhalarda Pekin va Vashington orasida ziddiyatlar keskin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG