Breaking News

Bayden: AQSh chekinmaydi, dunyoga yetakchilik qiladi


Uilmington, Delaver shtati, 24-noyabr, 2020

AQSh rahbariyati o'tgan to'rt yildan beri avvalo o'z manfaatlari uchun kurashishini qayd etib kelayotgan edi. Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan bunday yondashuvdan voz kechiladi. Donald Trampning "Amerika biriinchi" degan shiori u prezidentlikdan ketishi bilan chetga suriladi.

20-yanvarda qasamyod keltirib, Oq uyda faoliyatini boshlashga tayyorlanayotgan Bayden deydiki, Amerika do'st va dushman kimligini biladi.

"Davlatimiz o'z ittifoqchilari va sheriklarini qadrlaydi, g'animlardan esa qo'rqmaydi. O'z qadriyatlarimizni himoya qilamiz".

24-noyabr kuni Bayden Delaver shtatining Uilmington shahridagi idorasidan turib, xaqqa murojaat qildi. U tashqi siyosat hamda milliy xavfsizlik bo'yicha yuqori lavozimlarga kimlarni tanlaganini e'lon qildi.

"Bu insonlar mening tub qarashlarimni aks ettiradi: Amerika o'z ittifoqchilari bilan yaqindan hamkorlik qilganida eng qudratli davlatdir. Tinchligimizni shu tariqa saqlaymiz. Hamkorlik bizni keraksiz harbiy mojarolardan asraydi. G'animlarga nisbatan birga chora ko'ramiz. Terroristlarga qarshi birga kurashamiz".

Baydenning bu bayonotlari AQSh dunyoga globalist nuqtai nazar bilan qaraydi, degan xulosaga yetaklamoqda. Tarafdorlar olqishlamoqda, qarshilar qoralamoqda.

Bo'lajak prezident fikricha, Tramp davrida Amerika ittifoqchilardan yuz o'girgan. Bayden amaldagi prezidentni Rossiya, Shimoliy Koreya va Turkiyadagi avtokrat rahbarlar bilan do'stlashganlikda ayblaydi.

“Amerika qudratli ekani uchun emas, xalqaro hamjamiyatni birlashtira olgani uchun global liderlik qiladi. Biz bu yo'lda namuna ekanimiz uchun kuchliroqmiz", - deydi Bayden.

Uning ta'kidlashicha, yangi ma'muriyatda eng yuqori lavozimlarda xizmat qiladigan arboblar nafaqat o'tgan to'rt yilda buzilgan aloqalarni tiklaydi, balki Amerika tashqi siyosati va xavfsizlik strategiyasini yangi pog'onaga olib chiqadi.

"Ular menga bilishim kerak bo'lgan narsalarni aytadi, bilishni xohlaydigan narsalarimni emas", - deydi Bayden.

Davlat kotibi lavozimiga Bayden 58 yoshli Entoni Blinkenni munosib ko'rmoqda. Blinken Barak Obama prezidentligi davrida Davlat kotibi o'rinbosari edi. U Baydenning uzoq yillik maslakdoshi.

Kubalik immigrant Alexandro Mayorkas, Immigratsiya xizmatining sobiq rahbari, AQShning Ichki xavfsizlik vaziri bo'lish taraddudida.

Iqlim va ekologiya bo'yicha maxsus vakil lavozimiga prezidentlikka sobiq nomzod, sobiq Davlat kotibi va sobiq senator Jon Kerri tanlangan. U Milliy xavfsizlik kengashida o'z o'rniga ega bo'ladi.

Tajribali diplomat Linda Tomas-Grinfild esa AQShning BMTdagi elchisi bo'lishga shaylanmoqda. Bu elchi ham Milliy xavfsizlik kengashi a'zosi bo'ladi.

Avril Heynz Milliy razvedka idorasi direktori lavozimiga ko'rsatilmoqda. Shu paytgacha bu idorani ayol kishi boshqarmagan. Heynz oldin Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktor o'rinbosari bo'lgan, shuningdek, Obama davrida Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi muovini.

Jeyk Sallivan esa Baydenning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi lavozimini egallashga tayyor. U Baydenning shogirdi, ishongan yordamchisi sifatida tanilgan.

Bayden nomzodlarni birma-bir tanishtirar ekan, hammasi niqob taqib sahnada turdi. Amerika hamon pandemiya changalida. Yaqin kelajakda uch vaksina ma'qullanishi va emlash jarayonlari boshlanishi kutilmoqda. Aksariyat amerikaliklar vaksinani 2021-yilning yozi va kuzida olib bo'lishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy bankning sobiq rahbari Janet Yellen AQShning navbatdagi Moliya vaziri bo'lishi kutilmoqda
Markaziy bankning sobiq rahbari Janet Yellen AQShning navbatdagi Moliya vaziri bo'lishi kutilmoqda

Moliya vaziri lavozimiga Bayden 74 yoshli Janet Yellenni tanlagani haqida ma'lumotlar bor. Yellen markaziy bankning sobiq rahbari. Amerika shu paytgacha ayol moliya vaziri ko'rmagan.

Bayden AQShning 46-prezidenti bo'ladi. 78 yoshida u bu davlat tarixidagi eng keksa rahbar sifatida qayd etiladi.

Prezident Tramp esa mag'lubiyatni tan olmoqchi emas va saylov natijasi yuzasidan shikoyatlari birma-bir ko'rib chiqilishini kutmoqda. Ko'plab respublikachilar uni Bayden yutganiga ochiq ko'z bilan qarab, o'tish davri muammosiz o'tishi uchun mardona qadam tashlashga undamoqda. Lekin Tramp hozircha bunday qarordan yiroq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG