Breaking News

AQSh Isroilni qanchalik quvvatlamasin, munosabat keskin


Nyu-Yorkda Isroil tarafdorlari namoyish qildi, 12-may, 2021
Nyu-Yorkda Isroil tarafdorlari namoyish qildi, 12-may, 2021

AQSh azaldan Isroilni quvvatlab kelgan. Lekin shu kunlarda yahudiy davlat va Falastin jangarilari orasida avj olgan urush Vashingtonda Isroilga nisbatan norozilikni kuchaytirgan.

Demokratlar G'azo sektorida Isroil hujumlaridan kamida 83 kishi o'lgani yuzasidan xavotir bildirib, Isroil hukumatini o'zini tiyishga undamoqda. Respublikachilar orasida esa Isroilni quvvatlovchilar hamon ko'pchilik. XAMAS Isroilning kamida olti harbiysini o'ldirgan.

Oq uyga ko'ra, shu hafta AQSh rasmiylari Isroil, Falastin va arab davlatlari bilan 25 martadan ortiq telefon muloqot qilgan.

G'azo sektoridagi manzara
G'azo sektoridagi manzara

Prezident Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan gaplashgan. Bayden hujumlar tez orada barham topadi degan umidda.

"Isroil o'zini himoya qilishga haqli", - deydi Amerika rahbari. "Hududingizga minglab raketalar otilsa, chora ko'rishga majbursiz".

Bayden Isroilni ochiq tanqid qilmasa-da, muloqotda Netanyahuga Quddus yirik dinlar uchun birdek muqaddas ekani va u yerda tinchlik saqlanishi nihoyatda muhimligini uqtirgan.

Arablar Quddusdan chiqarib yuborilayotganidan g'azabda. Shaharning sharqiy qismini ular bo'lajak Falastin davlatining poytaxti bo'lishini istaydi.

O'tgan yillarda AQSh Isroilga 4 milliard dollarlik harbiy yordam bergan. Yana 8 milliard dollarlik ko'mak va'da qilingan. XAMAS, Vashington nazarida, terrorist tashkilot.

Ashkelon, Isroil janubi
Ashkelon, Isroil janubi

Senat Tashqi aloqalari qo'mitasi raisi demokrat Robert Menendezga ko'ra, "XAMASning terror harakatlariga toqat qilmaslik kerak. Uning hujumlari Isroil va Falastin aholisi uchun birdek xavf".

Biroq demokrat qonunchi Mark Pokan fikricha, XAMAS hujumlarini qoralab, Isroilning Falastin xalqiga nisbatan zo'ravonliklariga ko'z yumish haqsizlikdir. Jumladan, deydi kongressmen, arab aholisini majburan ko'chirish, namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatish, Falastin bolalarini o'ldirish.

"AQSh bunday qon to'kishlar uchun yordam ko'rsatmasligi lozim", - deydi Pokan.

Vakillar palatasining ayol a'zolaridan demokratlar Aleksandriya Okasio-Kortez, Rashida Tolib va Ilhan Umar ham Isroilni Falastinga nisbatan agressiyada ayblamoqda.

"Biz Quddusning Shayx Jarra mahallasi aholisi bilan hamnafasmiz. Isroil kuchlari bu oilalarni Ramazon kunlarida zo'rlab uyidan haydamoqda va zo'ravonlik qilmoqda", - deya tvit qildi Okasio-Kortez.

XAMAS hujumidan keyin, Isroil
XAMAS hujumidan keyin, Isroil

Arab Amerika Instituti rahbari Jeyms Zogbi deydiki, o'tgan 40 yil ichida Vashingtonda Falastinga nisbatan quvvatlov bu qadar kuchli bo'lmagan.

Demokrat kongressmen Jamol Bauman ham XAMASni qoralaydi, ammo Isroil arab aholiga nisbatan o'ta adolatsiz siyosat yuritmoqda, deb hisoblaydi.

"Ajdodlari yashab kelgan joylardan odamlarni haydash hech qachon tinchlikka yetaklamaydi. Muqaddas go'shalarni o'qqa tutish hech qachon tinchlikka yetaklamaydi. XAMASning qilmishlari tinchlik uchun emas. Isroilning havo hujumlari tinchlik uchun emas", - deydi kongressmen.

Sobiq prezident Donald Tramp fikricha, Prezident Bayden Isroilni quvvatlashni eplay olmayapti, zaiflik qilmoqda.

"Respublikachilar partiyasi Isroil bilan, chunki bu davlat o'zini XAMAS raketalaridan himoya qilishga haqli", - deya bayon qildi partiya raisi Ronna Makdaniel.

G'azo sektori Isroil hujumlari ostida
G'azo sektori Isroil hujumlari ostida

Senatdagi 44 nafar respublikachi Oq uyni Eron bilan muzokaralarni darhol to'xtatishga chaqirmoqda, chunki Tehron XAMASni quvvatlaydi.

"Ikki kundan beri falastinlik terroristlar G'azodan turib Isroilga raketa otmoqda. Ularga Eron homiy. Bu terroristlar Isroil fuqarolari va shaharlarini nishonga olmoqda, jumladan uning poytaxti Quddusni", - deyiladi Prezident Baydenga yozilgan xatda.

Bu qonunchilarga ko'ra, Yaqin Sharqda qon to'kilayotganida Tehronni ham aybdor tutish kerak. Demak, Eronga qo'yilgan biror sanksiya bekor qilinmasligi lozim, deydi respublikachilar.

Isroil AQShning bu mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi, Eron esa uning eng yirik dushmani deb qaraladi. Oq uy bu xavotirlarga befarq emasligini bildirib, prezident o'z qarorlarini chuqur o'ylab, maslahatlashib qilishini ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG