Breaking News

Isroil va XAMAS orasida qonli to'qnashuvlar davom etmoqda


Ashkelon, Isroil, 11-may, 2021

Isroil G'azo sektorida XAMASga tegishli obyektlarni nishonga olmoqda. XAMAS yahudiy kuchlariga qarshi 250 dan oshiq raketa otgan. Isroil tomonda ikki ayol o'lgan. Falastinda esa 28 odam nobud bo'lgan, aynan G'azoda to'qqiz bola jon bergan.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu XAMASga qarshi harbiy amaliyotlarni kuchaytirishni buyurgan.

"XAMAS bunaqa javobni tasavvur ham qilmagan", - deydi Netanyahu.

Quddus sharqidan arablar ko'chirilishi yuzasidan xavotirlar, shuningdek, al-Aqsa masjidi va boshqa musulmon maskanlar atrofida yahudiy xavfsizlik kuchlari ko'paygani Falastin ahli orasida sarosimani oshirib, XAMAS vaziyatni o'zgartirish uchun shartlar qo'ygan. Jangarilar talab qilganidek, Isroil askarlari joyidan qimirlamagach, ular Quddusning ayrim qismlarini o'qqa tuta boshlagan.

Isroil barqarorlikni ta'minlash uchun qo'shimcha besh ming qo'shin safarbar etgan.

700 dan ziyod falastinlik bu to'qnashuvlarda jarohatlangani ma'lum. Yuzlab arablar norozilik namoyishlariga chiqqan.

Al-Aqsa masjidi atrofidagi manzara, 11-may, 2021
Al-Aqsa masjidi atrofidagi manzara, 11-may, 2021

Isroil hukumati nazarida XAMAS chegaradan o'tib ketdi. 2014-yildan beri bu ko'lamda janglar kuzatilmagan, deydi Isroil rasmiylari. Ularga ko'ra, javob keskin bo'ladi. XAMAS esa Isroilning jinoyatlari va agressiyasiga qarshi qarab turmasligini eslatib turibdi.

Arablar sharqiy Quddusdan majburan ko'chirilmoqda, degan da'vo hozir Isroil Oliy sudi e'tiborida.

Isroil uchun Quddus uning markazi. Falastinliklar uchun esa bu shaharning sharqiy qismi ularning bo'lajak davlati poytaxti.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken tomonlarni darhol hujumlarni to'xtatishga chaqirmoqda.

"Har ikki tomon tinchlik yo'lida qadam tashlashi zarur", - deydi Blinken.

Oq uy Yaqin sharqdagi vaziyatdan xavotirda va Isroil va Falastinni murosaga undamoqda.

Vashingtonda Falastin tarafdorlari namoyish o'tkazgan.

AQSh ittifoqchisi Britaniyaning Tashqi ishlar vaziri Dominik Raabga ko'ra, Quddus va G'azo uzra raketalar yog'ilayotgani dahshatlidir va tomonlar bu urushni shu ondayoq to'xtatishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG