Breaking News

Xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" ustidan mutlaq g'alabaga erishgani yo'q


Iroq harbiylari Anbar viloyatida IShID jangarilarini qidirmoqda, dekabr 2019
Iroq harbiylari Anbar viloyatida IShID jangarilarini qidirmoqda, dekabr 2019

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya rasmiylariga ko’ra, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” (IShID) terror guruhini yo’q qilish umidi hozircha oqlanmadi.

“Guruhni ko’proq bosim ostida ushlab turish, a’zolarini qo’lga olish yoki o’ldirish, ular yashiringan joylarni yo’q qilish, ta’minot tizimlarini uzishga harakat qilyapmiz”, - dedi koalitsiya rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Ushbu iqror AQSh hukumatining IShIDni nafaqat Iroq va Suriyada, balki jahon bo’ylab “to’liq mag’lub etish” to’g’risidagi avvalgi bayonotlariga ziddir. O’tgan oy koalitsiya a’zolari kurashni davom ettirishga kelishib olgan edi.

Iroq armiyasi va AQSh quvvatlaydigan Suriya demokratik kuchlari (SDK) IShID jangari manzillarini topish va yo’q qilish bo’yicha so’nggi amaliyotlar muvaffaqiyatli kechganini bildirgan. Iyun boshida SDK o’tkazgan operatsiyada Iroq-Suriya chegarasida kamida 80 kishi qo’lga olingan. Lekin bu yetarli emas.

AQShning Suriyadagi askarlari
AQShning Suriyadagi askarlari

AQSh Markaziy qo’mondonligi (CENTCOM) generaliga ko’ra, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga barham berish imkonsiz ko’rinadi.

“IShID quyi darajadagi endemik muammo bo’lib qolaveradi. O'ylashimcha uni yo’qotib bo’lmaydi”, - deydi general Kennet Makkenzi.

Muammo qisman raqamlarga borib taqaladi. AQSh razvedkasi ma’lumotiga ko’ra, terrorchi guruh Iroq va Suriyada 14000-18000 a’zoga ega. Bu ko’rsatkichlar o’tgan bir yilda sezilarli o’zgarmagan. Iroq va SDKning ba’zi amaliyotlarida o’nlab odam hibsga olingan bo’lsa-da, aksar holatlarda o’ldirilgan yoki ushlangan jangarilar soni oz.

Hatto IShIDga qarshi harbiy operatsiyalar jadal olib borilayotgani ham yuqoridagi raqamlarda katta o’zgarish yasamagan. Iyulning ikkinchi haftasida, masalan, Iroqda 26 ta operatsiya o’tkazilgan.

AQSh rasmiylari tan oladiki, guruh Iroq va Suriyada e’lon qilgan xalifat tugatilgani hamda rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiy o’ldirilganiga qaramasdan IShID vaziyatga moslasha oldi.

Guruh nafaqat o’zining, balki raqiblarining ham kuch va salohiyatini qanday baholashi to’g’risida ochiq gapiradi. Xavf va tahdidni baholashga nisbatan uslubiy yondashadi”, - deydi Haroro Ingram, Jorj Vashington universiteti qoshidagi Ekstremizm dasturi tadqiqotchisi.

IShID mukammallikka erishishga harakat qilayotganday tasavvur uyg’otsa-da, ko’pincha raqiblaridan o’zish yo’llarini qidirmoqda xolos, deya qo’shadi ekspert.

AQSh Harbiy-dengiz kolleji professori Kreyg Vaytsayd jangari to’da a’zolarining xalifatni himoya qilishdan voz kechib, shunchaki tirik qolishga harakat qilayotganiga e’tibor qaratadi.

“Ular bunday strategiyaga o’tib olishganini keyinroq tushundik. Guruhda rahbariyat o’zgarishi silliq kechdi. Tashqaridagi sho’balari bilan aloqani saqlab qolgani ularga Iroq va Suriyada birmuncha legitimlik beradi”, - deydi professor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG