Breaking News

Rossiya Markaziy Osiyoda ta’sir kuchini oshirmoqda


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 19-oktabr, 2018.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 19-oktabr, 2018.

Rossiya qo’shinlari O’zbekiston bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazish uchun Surxondaryoga kirib kelgan.

Afg’onistondagi keskinlik manzarasida o’tayotgan bu mashg’ulotlar Rossiya harbiy qudrati Markaziy Osiyoda tobora kengayib borayotgani bilan ham kuzatiladi.

O’zbek-afg’on chegarasidagi harbiy mashg’ulotlarga Rossiyaning Tojikiston va Qirg’izistondagi harbiy bazalari ham jalb qilinishi xabar qilinmoqda.

So’nggi hodisalar ortidan Rossiya mintaqaning bu ikki davlatidagi harbiy bazalarini jiddiy kuchaytirdi, qo’shimcha yangi texnika bilan ta’minladi.

Dushanbega safar qilgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Tojikistonga ham harbiy ko’mak va’da qildi.

Tolibonning Markaziy Osiyoga tahdid solmasligi haqidagi bayonoti aynan Moskvada bildirilganidan qat’i nazar, Rossiya Markaziy Osiyodagi harbiy ishtirokini kuchaytirishga faol kirishgan.

Rossiya va Tolibon o’rtasidagi munosabatlar so’nggi paytga kelib ochiqlik kasb etgani, rasmiy muzokaralar darajasiga ko’tarilgani Moskva toliblarning iqtidorga kelishini olqishlashining belgisi sifatida ham baholanmoqda.

Tolibon o’z nazoratini kengaytirib borar ekan, mintaqadagi geosiyosiy kuchlardan yana biri Xitoy ham toliblar delegatsiyasini qabul qildi, hamkorlikka kelishdi.

Afg’oniston atrofida yuzaga chiqayotgan geosiyosiy raqobat kuchayishi, kuchlar ishtiroki oshishi toliblar bilan muloqotning faol tashabbuschisi bo’lgan O’zbekiston, umuman Markaziy Osiyo manfaatlarini ham cheklay boshlagani aytilmoqda.

Sharhlovchi Anvar Nazirning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari Afg’oniston masalasida birdamlik ko’rsata olmadi. Xavfsizlikka oid nazoratni Rossiya va Xitoyga topshirdi.

“Moskvaning toliblar bilan o’tkazayotgan muzokaralaridan asosiy maqsad Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga o’rin qoldirmaslik. Mintaqadagi harbiy salohiyatini yanada oshirish. Shu orqali AQShning Markaziy Osiyodagi ishtirokini cheklab qo’yish. Harbiy salohiyatni oshirishga qaratilgan oxirgi jarayonlar aynan shundan darak beradi. Afsuski, o’zbek hukumatining afg’on siyosati samarasiz bo’ldi, davlat manfaatlariga xizmat qilmadi. Bugun hammasini Moskva hal qilmoqda. Xitoy jarayonga yanada faolroq qo’shilayapti. Xullas, bu yerda mintaqa manfaatlarini himoya qiladigan biror kuchning o’zi qolmadi”, - deydi Anvar Nazir.

Tolibon delegatsiyasining Xitoyda qabul qilinishi toliblar afg’on-xitoy chegarasini ham o’z nazoratiga olishi ortidan kuzatildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan o’tgan muzokarada toliblar Afg’onistonda turli ekstremistik tashkilotlarga joy berilmasligiga, Xitoyning musulmon uyg’urlarga nisbatan siyosatiga aralashmaslikka, jangari guruhlarni Pekinga topshirishga va’da bergani xabar qilinadi.

Xitoyning Afg’oniston bilan chegradoshligi inobatga olinsa, toliblar bilan o’tkazilgan muzokaralar bir qadar tushunarli ko’rinadi. Ammo mintaqadan ancha uzoqdagi Rossiya bu jarayonga o’z manfaatlarini jiddiy tiqishtirayotgani Markaziy Osiyo Moskva nazorati ostiga qaytayotganini anglatayotgandek.

“Afsus, Markaziy Osiyo davlatlari Afg’oniston masalasida bir yoqadan bosh chiqarib, birdamlikka kelisha olishmadi. Afg’onistonga kirishga hozirlik bildirgan Turkiyani ham qo’llab-quvvatlashga yaramadi. Afg’oniston nafaqat pushtunlardan, toliblardan iborat, bu mamlakatning kattagina qismini turkiy xalqlar ham tashkil etadi. Ularning manfaatini hech kim himoya qilayotgani yo’q. Buning uchun Markaziy Osiyo davlatlarining o’zi birlashishi, mintaqaning umumiy manfaatlarini olg’a surishi kerak edi. Lekin Rossiya turgan joyda O’zbekiston ham, boshqalar ham milliy manfaatlarni himoya qilishga jur’at qila olmaydi. Rossiyaga esa mutelikdagi, nazoratdan chiqmaydigan Markaziy Osiyo kerak. Aynan shuning uchun Afg’oniston bahonasida Rossiyaning mintaqadagi harbiy ishtiroki yanada kengayib boraveradi ”, - deydi Anvar Nazir.

Markaziy Osiyo davlatlari o’z mustaqilligiga erishganiga 30 yilga yaqinlashganiga qaramasdan, Rossiya mintaqani hamon o’z geostrategik manfaatlari doirasidagi hudud sifatida e’lon qilib keladi.

Rossiya harbiy ishtirok jihatidan, O’zbekiston va Turkmanistondan tashqari, mintaqani hamon tark etmadi. Aksincha, Afg’onistonda keskinliklar manzarasida bu harbiy bazalar yanada kuchaytirilishi, Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq Kollektiv xavfsizlik shartnomasining O’zbekiston hisobiga ham kengaytirilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG