Breaking News

Rossiya Afg'onistonga askar kiritadimi?


Tolibon delegatsiyasi Moskvada, 2021-yil, 9-iyul

AQSh Afg’onistonni tark etsa, mavjud harbiy bo’shliqni kim to’ldiradi? Tolibon harakatlarini yaqindan kuzatib kelayotgan davlatlardan biri bu Rossiya. Chunki Afg’onistondagi o’zgarishlar Rossiya uchun muhim bo’lgan Markaziy Osiyoga ham o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin.

“AQSh shunchaki chiqib ketmayapti, balki 20 yillik missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanganini tan olyapti”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, dastlab, AQShning Afg’oniston amaliyotini qo’llagan edi. Chunki bu davlatning terrorchilardan tozalanishi mintaqadagi Rossiya manfaatlari uchun ham foydali hisoblangan.

AQSh mamlakatni tark etar ekan, tahlilchilarga ko’ra, Kreml endi Afg’onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyoga ham ko’chishi mumkin, degan xavotirda.

“Agar vaziyat beqarorlashsa, Rossiya o’z xavfsizligini o’ylab, Markaziy Osiyo ishlariga aralashishga majbur bo’ladi”, - deydi harbiy tahlilchi Aleksandr Golts.

Yaqinda Rossiya rasmiylari Moskvada Tolibon vakillarini qabul qildi. Har ikki tomon o’zi uchun xavfsizlik kafolatlarini istamoqda.

Afg’onistonning 85 foiz hududi o’z nazoratida ekanini da’vo qilayotgan Tolibon Tojikiston kabi Rossiyaning harbiy ittifoqchilariga hujum qilmaslikka va’da bermoqda.

Chegaradagi janglar ortidan allaqachon minglab afg’onlar Tojikiston va O’zbekistonga qochib o’tishga urinayotgani aytilmoqda.

“Toliblar 85 foiz hududni nazorat qilayotgani balki bo’rttirilgan gapdir, lekin ular Tojikiston bilan chegaradosh hududlarni egallab olgani fakt”, - deydi Aleksandr Golts.

Rossiyada rasman terrorchi deb tamg’alangan guruh bilan Kremlning muzokara olib borayotganiga ba’zi tahlilchilar kinoya bilan e’tibor qaratdi. Kreml Rossiyaning muxolif guruhlari, xususan, Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg’armasini aynan ekstremizmda ayblab taqiqlagan edi.

“Navalniy va uning tarafdorlari Moskvada yig’ilishiga hech qachon ruxsat yo’q. Ammo siz Tolibon bo’lsangiz, marhamat. Rasmiylar xohlasa, demak, bo’ladi. Bu jirkanch va munofiqlik. Kremlning siyosiy muxoliflariga mumkin bo’lmagan ishni Tolibon qilishiga ruxsat berishyapti”, - deydi siyosiy sharhlovchi Kirill Martinov.

O’tgan asrning 80-yillarida Afg’onistonda o’z urushini olib borgan va mag’lubiyatga uchragan Moskva mamlakatga yana o’z harbiylarini olib kirishi ehtimoli past.

Ammo AQSh mintaqani tark etar ekan, bo’shliqni to’ldirish uchun Rossiyaning bu hududdagi faoliyati kengayishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG