Breaking News

Shinjondagi huquqbuzarliklarni fosh etgan jurnalist "Pulitzer" sovrindori


Urumchidagi qamoqxonalardan biri

Jurnalist Mega Rajagopalan yillardan beri Shinjon-uyg'ur viloyatidagi vaziyatni yoritib keladi. Xitoy hukumat bu regionda mahalliy xalqni ezishda davom etmoqda, deya hikoya qiladi Rajagopalan.

Jurnalist tanqidiy materiallari uchun Xitoydan haydalgan, ammo "Buzzfeed News" muxbiri faoliyatiga bu salbiy ta'sir qilmadi. Ilg'or texnologiya unga qo'l keldi.

Sun'iy yo'ldoshlar orqali olingan tasvirlardan tortib, izlanishlar va manbalardan yig'ilgan noyob dalillar - ular bilan boyitilgan materiallari uchun Rajagopalan va uning jamoasi bu yil media olamidagi nufuzli "Pulitzer" mukofotiga sazovor bo'ldi.

AQSh, Britaniya, BMT va xalqaro hamjamiyatning boshqa yetakchi a'zolari Xitoyning uyg'urlarga nisbatan shafqatsizligini qoralab, sanksiyalar joriy etgan. Shinjonda, uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb atovchi mintaqada, Xitoy 1 milliondan ziyod insonni aynan elati va dini sabab panjara ortida saqlamoqda, deya tahlil qiladi Rajagopalan.

Pekin uyg'urlarga qarshi genotsid olib bormoqda, degan ayblovlarni Xitoy hukumat inkor etadi. G'arb matbuoti, uning nazarida, soxta xabarlar bilan davlat imijini qoralamoqda va Rajagopalan singari muxbirlar uydirmachilar va tuhmatchilar.

Rajagopalanning vizasi nega yangilanmaganini Xitoy hukumati hech tushuntirmagan. Biroq yangilamaslik qarori uning yirik materiali ketidan qilingan.

Mega Rajagopalan, "Buzzfeed News" axborot portali muxbiri
Mega Rajagopalan, "Buzzfeed News" axborot portali muxbiri

"Amerika Ovozi: Xitoyga bora olmasangizda, Shinjonni yoritishda davom etdingiz, nima uchun?

Mega Rajagopalan: Chunki Shinjonda odamlar ezilmoqda va Xitoy hukumati keng ko'lamda inson huquqlarini poymol etish bilan band. Buni yoritish kerak. Biz bilmagan hollar qancha-qancha... Ularni fosh etishimiz kerak.

Men uyg'ur va qozoq muhojirlar bilan ko'p gaplashaman. Hatto Xitoydagi jurnalistlar ham hozir Shinjondan bevosita axborot uzata olmaydi. Shuning uchun manbalarni izlab topish, ularni gapirtirish nihoyatda muhim.

Xitoy qamoqlarida o'tirib chiqqanlardan ham ko'p narsa o'rgansa bo'ladi. Qamoqxonalarning joyi, u yerdagi sharoit, bu borada ular nima deyishi, sun'iy yo'ldoshlar orqali olingan tasvirlar, biz bularni qiyoslaymiz, o'rganamiz.

"Amerika Ovozi": 10 yildan beri Shinjonni va uyg'urlar taqdirini yoritasiz. Nima o'zgardi?

Turkiyadagi uyg'urlar Xitoy siyosatini qoralab, namoyishda, iyul, 2021
Turkiyadagi uyg'urlar Xitoy siyosatini qoralab, namoyishda, iyul, 2021

Rajagopalan: Eng katta o'zgarish - 2017-yildan keyin biz mehnat lagerlari va yalpi maxfiy kuzatishlar haqida bila boshladik, ya'ni buni fosh etdik. Afsuski, biz masalalarni u yerdan yorita olmaymiz. Xitoy yopiq, ammo bu bizni to'xtata olmaydi.

"Amerika Ovozi": Xitoydagi hozir matbuot erkinligi darajasi haqida nima deysiz?

Rajagopalan: Biz-ku, ishimizni chetdan ham qilaveramiz, lekin mahalliy jurnalistlarga juda qiyin. Mening materiallarim hech qanday to'siqsiz chop etiladi. Xitoydagi hamkasblarimiz bunday imkoniyatdan mahrum. Xitoy davlat mediasi G'arb matbuotini tinimsiz la'natlaydi, ammo bu bizni to'xtatmaydi.

"Amerika Ovozi": Demokratik jamiyatlarda Xitoy va uyg'urlar masalasiga yetarlicha e'tibor berilayaptimi, media tomonidan?

Rajagopalan: Men jurnalistikani bunga qarab baholamagan bo'lar edim. Demokratik mamlakatlarda ham, avtoritar jamiyatlarda ham jurnalistlar erkinlik uchun har kuni kurashadi, o'tkir materiallar berishga harakat qiladi. Xitoydagi vaziyatni, huquqbuzarliklarni yoritayotgan hamkasblarimiz dunyo bo'ylab anchagina. Albatta, Shinjondagi og'ir holat haqida jahon ahlini xabardor qilib turishimiz kerak, ammo medianing o'zigina muammoni hal etmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG