Breaking News

AQSh bosh diplomati lagerda saqlangan uyg'urlar bilan muloqot qildi


Qashg'ar, 3-may, 2021
Qashg'ar, 3-may, 2021

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyning Shinjon mintaqasidagi qayta tarbiyalash lagerlarida saqlangan uyg’urlar bilan virtual tarzda uchrashib, ularning boshidan o’tganlarini tingladi, Xitoyga qanday bosim o’tkazish kerakligi haqida maslahat so’radi.

Davlat departamentiga ko’ra, Blinken uyg’ur xalqi yuzlashayotgan muammolar haqida ularning o’zidan eshitishni istagan.

“Davlat kotibi bu insonlarning hikoyalarini, Shinjonda davom etayotgan vahshiyliklar va millionlab uyg’urlarning panjara ortida saqlanayotgani haqidagi fikrlarini tinglashni lozim deb topdi, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays. – Ishtirokchilar o’z tavsiyalarini ham berishdi”.

Xitoy uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa xalqlar vakillarini “qayta tarbiyalash” uchun lagerlarda saqlayotgani uchun xalqaro hamjamiyat tanqidiga va sanksiyalarga uchragan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

Bayden va Tramp ma’muriyati bir-biridan tubdan farq qilsa-da, deydi Prays, ushbu uchrashuv uyg’urlar masalasida AQSh siyosati izchil ekanini ko’rsatadi.

Har ikki ma’muriyat uyg’urlarga qarshi zulmni “genotsid” deb atab, Xitoyga sanksiyalar qo’ygan. Oldingi davlat kotibi Mayk Pompeo ham uyg’ur sobiq mahbuslar bilan bir necha bor uchrashgan edi.

“Amerika Shinjonda yuz berayotgan huquqbuzarlik, vahshiylik va genotsid to’g’risida ochiq va muntazam gapirib kelmoqda. Agar joiz bo’lsa, bu voqealar uchun javobgar mansabdor shaxslarni jazolash uchun kelajakda qo’shimcha vositalardan ham foydalanamiz”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi.

Tramp prezidentligi davridan buyon AQSh bir necha yo’nalishda Pekinga nisbatan bosimni oshirmoqda. Bunga, xususan, Shinjondagi tazyiqlar va Gonkongda norozilik namoyishlari bostirilgani sabab qilib ko’rsatilgan.

Amaldagi jazo choralari Xitoy rasmiylarining sayohat qilishini cheklash, moliyaviy sanksiyalar va Xitoy tovarlari eksportiga cheklovlarni o’z ichiga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG