Breaking News

AQSh-O'zbekiston: 30 yillik diplomatiya, "aloqalar a'lo nuqtada"


O'zbekiston 30 yil oldin Sovet Ittifoqidan chiqib, mustaqillik e'lon qilganida, AQSh birinchilardan bo'lib uni tan olib, diplomatik aloqa o'rnatgan. Respublikaning Vashingtondagi elchixonasi o'tkazgan virtual forumda Amerikaning sobiq elchilariga so'z berildi. O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobovga ko'ra, ular ikki davlatni strategik sherikka aylantirishda behisob hissa qo'shgan.

1992-yilda Toshkentda Amerika elchixonasi ochilgan. AQShning O'zbekistondagi birinchi elchisi Genri Klark mamlakat kuponlar va iqtisodiy taqchillik kunlarini qanday o'tkazgani, qozonini qaynatishga qiynalgan damlarni yodga oladi.

Islom Karimov yosh, zaif, qoloq tizimni bosqarayotgan edi, deydi Klark. SSSR qulagan edi, ammo uning yo'q bo'lgani hali sezilmayotgan edi. Chegaralarni mahkamlash, dunyo bilan mustaqil davlat sifatida bog'lanish kerak edi, iqtisodiyotni oyoqqa turg'azib, yangi bosh qomusni ishga solish, butun tizimni yangilash lozim edi.

"Mening asosiy vazifam diplomatik jihatdan Toshkentda nima qila olsak, shularni amalga oshirish edi. Gumanitar sohalardan siyosiy hamkorlikkacha, o'zaro manfaatlarga urg'u berib, O'zbekistonga qanday madad zarurligini aniqlab, uning hukumati irodasini tahlil qilgan holda harakat qilish. Nimaiki mumkin bo'lsa, shunga intilganmiz", - deydi Klark.

AQShning O'zbekistondagi ikkinchi elchisi Stenli Eskudero mamlakatining Tojikistondagi ilk bosh diplomati bo'lgan. U yerda fuqarolar urushi, qonli voqealarga guvoh bo'lib Toshkentga kelgan Eskudero fikricha, Karimov mustaqillikning birinchi besh yilligida misli ko'rilmagan o'zgarishlar qilishga uringan. Xalqaro munosabatlarni yo'lga qo'ygan, deydi diplomat, ammo u bora-bora O'zbekiston iqtisodiyotini yopdi va bu katta xato bo'lgan, deydi Eskudero.

Uning eslashicha,1990-yillar boshida respublika siyosiy-ijtimoiy jihatdan jiddiy sinovlar bilan yuzlashayotgan muhit edi. Mustaqillik nima ekanini hali jamiyat his qila olmayotgan, tizim hamma narsani noldan boshlashi kerak bo'lgan, xalq qanchalik mehnat qilmasin, farovonlikka erishish naqadar mashaqqatli ekani yaqqol sezilayotgan va birinchi navbatda barqarorlik muhim ekanini anglab turgan davrlar edi.

O'zbekiston uchun Karimov davri haqiqatan murakkab zamonlar edi, ammo bugungi jarayonlarga yetaklagan, deya xulosa qiladi Eskudero.

"Rahbariyatning tinch yo'l bilan o'zgarishi, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelib islohotlar boshlashi, mamlakatni yangicha yo'ldan olib borishga harakat qilayotgani tahsinga sazovor", - deya kuzatadi Eskudero.

Uning elchiligida AQSh bizneslari, ayniqsa tabiiy boyliklar bilan ishlaydigan kompaniyalar O'zbekistonga qiziqish bildirib, kirishga harakat qila boshlagan. Toshkentga dastlab bu yoqqan, ammo keyinchalik Karimov tilla va boshqa zaxiralarni ayashga qaror qilib, chet el ishbilarmonlariga eshikni yopdi. Ularni qanday ishlab chiqarish borasida prezident bir to'xtamga kelolmagach, xorijdan e'tibor ham pasaydi.

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi vebinari, 29-iyul, 2021
O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi vebinari, 29-iyul, 2021

O'zbekistondagi uchinchi elchi Josef Presel deydiki, ikki davlat razvedka tizimlari orasidagi aloqalar uning paytida ancha mustahkam edi. 1990-yillar oxirida xizmat qilgan diplomat mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat yomonlashgani sari Amerika bilan hamkorlikka ham darz keta boshlagan.

"Lekin, umuman olganda, Vashington va Toshkent o'zaro manfaatlar yo'lida hamisha til topisha olgan. Ziddiyatlarni tan olib, ularni hal etish uchun harakat bo'lgan, tomonlar muloqotni to'xtatmagan", - deya eslaydi Presel.

Keksa diplomat nazarida O'zbekiston va Qozog'iston 20-asr oxirida ham Markaziy Osiyodagi eng yirik ikki kuch edi, hozir ham shunday.

"O'zbekiston ko'chmanchi qozoqlardan farqli o'laroq, davlatchilik nima ekanini biladigan, madaniy va ijtimoiy jihatdan chuqur ildizga ega jamiyat deb ko'rilar edi", - deydi Presel.

Ammo 2000-yillarga kelib Qozog'iston O'zbekistondan ko'p tomonlama o'tib ketdi. Iqtisodi ildamladi, AQSh sarmoyasini misli ko'rilmagan miqdorda jalb qila oldi, diplomatiyani kuchaytirdi, xalqaro maydondagi imijini ko'tardi, vaholanki, siyosiy erkinlik darajasi u yerda ham ko'tarilmadi.

Rossiya ta'siri va roli haqida gapirar ekan, iste'fodagi diplomatlarning ta'kidlashicha, Moskva hech qachon o'z nazoratini boy berishni xohlamagan va imkon qadar Toshkentni o'z iznida ushlashga uringan. Xitoy bu elchilar paytida hozirgidek faol emas edi, ammo mintaqaga astalik bilan kirib kelayotgan edi. Xitoy mollari bozorlarni to'ldirib, asosan Qirg'iziston orqali chakana savdo keng qanot yozayotgan edi.

2001-yilda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilishi, AQSh ekspertlari tahlilicha, o'ziga xos tarixiy burilish bo'lgan, chunki bu Xitoy va Rossiya yetakchiligida mintaqani birlashtirgan blok edi. G'arbga qarshi ekanini ochiq aytmasa-da, iqtisodiy tashkilot va xavfsizlik doirasi sifatida Osiyodagi yirik organ bo'lishni maqsad qilgan.

O'tgan yillarda kengaygan tashkilot kelajakda NATO kabi xavfsizlik bloki bo'ladimi yo iqtisodiy integratsiya mexanizmi? Amerikalik siyosatdonlar ta'biricha, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti har ikkisini qila olmaydi va boshqa diplomatik platformalar singari asosan dialog maydoni bo'lib qoladi.

O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov
O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov

"Pentagon Toshkent bilan bevosita gaplasha boshlagan".

Klark, Eskudero va Presel tahlilicha, O'zbekistonni o'rganish, uni tushunish, Amerika bu mamlakat bilan munosabatlarni qanday olib borishi borasida harakatlarni to'xtatmaslik kerak.

Ilmiy tadqiqotlar, ta'limiy dasturlar va amaliy loyihalardan naf katta, deydi ular. O'tgan uch o'nyillik xatolar va muammolar, shu bilan birga saboqlar va yutuqlarga ham to'la, deya kuzatadi ular. Sarhisob qilish kerak, har ikki davlatda diplomatlarning yangi avlodi ularni anglashi, qadrlashi va rishtalarni mustahkamlash uchun dadilroq qadamlar tashlashi kutiladi.

Genri Klark uchun uning elchiligi davridagi yirik muvaffaqiyatlardan biri Ikki davlat mudofaa tizimlarini bog'lash bo'lgan. "Bu oson ish emas edi, - deydi Klark. - Pentagon Toshkent bilan bevosita gaplasha boshlagan".

Diplomatiyani noldan boshlab yo'lga qo'yish mayda ish, deya qo'shadi u, elchixona to'liq ishlashini ta'minlash zarur edi va bunga erishilgan.

Eskudero uchun Karimov bilan shaxsiy aloqa o'rnatish, muntazam erkin muloqot olib borish ulkan yutuq bo'lgan. "O'zaro ishonch bor edi. Avtoritar rahbarning bizga ochilishi misli ko'rilmagan holat edi. Diplomatiyada bunga erishish hamisha yuqori baholanadi", - deydi Eskudero.

Presel uchun madaniy, professional va ilmiy almashinuvlar aloqani tebratishda muhim ahamiyatga ega. Ularni har doim ham qadrlashmaydi, deydi Presel, ammo xalqlarni yaqinlashtirishda bu beqiyos omil. Elchiligi paytida ularni ko'paytirganidan Presel faxrlanadi.

2000-yilda Toshkentda elchilikni boshlagan Jon Herbst uch ishni qilganini aytadi: Davlat departamenti, Pentagon va Markaziy Razvedka Boshqarmasini O'zbekiston bilan birdamlikda hamkorlik qilishini ta'minlash.

"Osama bin Laden katta muammo edi. U qo'shni Afg'onistonda edi. Unga qarshi kurash, terrorizmga qarshi chora-tadbirlar O'zbekiston bilan strategik sheriklikni real tarzda yo'lga qo'yishni talab qilar edi", - deydi Herbst.

"O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat og'ir edi, lekin G'arb matbuotida yoritilganidek emas", - deydi Herbst. Uning tahlilicha, O'zbekistonda xavfsizlik organlari ekstremizmga aloqadorlikda gumon qilingan odamlarni tazyiqqa olayotgan edi.

Terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan Karimov ma'muriyati har qanday muxolif yoki tanqidiy ovozlarni bo'g'ish siyosatini olib borgan degan xulosaga Herbst uncha qo'shilmaydi. Karimov avtoritar rahbar bo'lgani aniq, deydi u, ammo barqarorlikni ushlab turish uchun hukumat keskin qadamlar tashlashga majbur edi.

AQSh qo'shini va u boshliq xalqaro koalitsiya 2001-yilda Afg'onistonga kirgach, terror to'dalari va Tolibonga qarshi operatsiyalar avj olar ekan, O'zbekiston yordam qo'lini cho'zgan. Harbiy hamkorlik 2005-yilda to'xtagan, lekin respublika qo'shni davlatdagi xalqaro koalitsiyani quvvatlashda davom etgan. Mamlakat hududidan noharbiy yuk o'tgan.

Herbst deydiki, u inson huquqlari borasida til topishishga uringan, siyosiy mahbuslarning ozod etilishi, fuqaro jamiyatiga erkinlik berish ustida ter to'kkan.

"O'zbekistonda tizim biz o'ylagandan ham murakkkab edi. Karimov hamma narsani nazorat qilmas edi. Buni o'zi ham tushunar edi. Korrupsiya nihoyatda chuqur ildiz otib ketgan edi. So'z va amal orasidagi farq cheksiz edi", - deya eslaydi Herbst.

Forumda bitta elchi ko'rinmadi. Herbst va Norland orasida, 2002-2007 yillarda xizmat qilgan Jon Purnell. O'zbekiston-AQSh aloqalari eng keskin nuqtalarda bo'lgan paytda, xususan 2005-yildagi Andijon voqealari, undan keyin AQSh bazasining chiqarib yuborilishi, Karimov ma'muriyatining dunyodagi eng huquqbuzar tizim sifatida tamg'alanishi, Vashingtonda Toshkentdan norozilik kuchayishi - Purnell davrida kuzatilgan jarayonlar. Veteran diplomat Toshkentdagi missiyasini tugatgach, iste'foga chiqqan va shundan beri ommaga ko'rinmaydi.

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi vebinari, 29-iyul, 2021
O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi vebinari, 29-iyul, 2021

"O'zbekiston biz uchun hamisha mintaqaning eng muhim qismi bo'lgan va bu ahamiyatini yo'qotmaydi, shuni unutmaslik kerak", - deydi 2007-2010 yillarda Toshkentda elchilik qilgan Richard Norland.

Uning davrida O'zbekiston Shimoliy Ta'minot Tizimida markaziy rol o'ynagan. Boltiq dengizi bo'yidan yo'lga chiqqan yuk, xalqaro koalitsiya uchun mahsulotlar, Rossiya Qozog'iston orqali O'zbekistonga kelib, Termizdagi ko'prikdan Afg'onistonga kirgan. Bu yo'nalish hamon ishlaydi. Afg'onistonga kirishning bu imkoniyati hozir ham dolzarb, deya tahlil qiladi u.

"O'zbekiston biz uchun hamisha mintaqaning eng muhim qismi bo'lgan va bu ahamiyatini yo'qotmaydi, shuni unutmaslik kerak".

Norland paytida O'zbekiston-AQSh aloqalari pragmatik tusga kirgan, xavfsizlik va Afg'onistondagi manfaatlar birinchi o'ringa qo'yilgan. Obama ma'muriyati huquq va demokratiya bobida Karimov bilan yakdil bo'la olmasligini tushunib, qay jihatdan hamkorlik qilish mumkin bo'lsa, o'sha yo'ldan borgan.

Undan keyin elchi bo'lgan Jorj Krol huquq yuzasidan tanqid sabab sovuqlashgan rishtalarni yumshatish qiyin kechganini aytadi. Yangi kelishuvlar, cheklovlarga qaramay birga ishlay olish, Toshkentni ko'ndirish, uning dardini eshitish, Karimov bilan hamkorlik qilayotgani uchun tinimsiz qoralanish, huquq tashkilotlari va Davlat departamentining o'zida bu masalalar bilan shug'ullanadigan idoralarning shikoyatlari bilan ishlash. Vashingtonda O'zbekiston bilan qanday aloqa olib borish kerak degan savolga har tarafda turlicha javob berilar edi.

Krol deydiki, Karimovni AQSh maqsadlariga ishontira olish va bundan O'zbekiston ham manfaatdor ekanini uqtira olish bag'oyat og'ir, ammo eng muhim vazifa edi. Shu bilan birga ziddiyatlarni ham muhokama qilish lozim edi. Vashington-Toshkent barcha sohalarda hamkorlik qila oladi, agar iroda yetsa, degan gaplar bot-bot yangrar edi.

2010 va 2011-yilda AQShning o'sha paytdagi Davlat kotibi Hillari Klinton Toshkentga tashrif buyurib, Karimov bilan yuzma-yuz muloqot qilgan. Krol davrida Kongress a'zolari yana O'zbekistonga safar qila boshlagan. Andijon fojiasidan keyin O'zbekiston yanada yopilgach, G'arb bilan bordi-keldi ancha kamayib ketgan edi.

Karimov Vashingtonda ikki marta mehmon bo'lgan. 1996-yilda Amerika rahbari Bill Klinton va 2002-yilda Jorj Bush bilan serqirra sheriklik haqida gaplashgan.

Krol deydiki, diplomatiya imkoniyatlar cheklangan paytda nimadir qila olish demakdir. Toshkent va Vashington eng keskin nuqtalarda bo'lganida ham, Vashingtonda Karimovga nisbatan tanqid eng kuchaygan paytlarda ham AQSh elchixonasi O'zbekiston rahbariyati bilan bog'lana olgan, deydi Krol.

O'zbekiston, u va boshqa elchilar fikricha, hech qachon Amerikaga qarshi jamiyat yoki davlat bo'lmagan. Qiziqish, intilish hamisha yuqori bo'lgan, imkoniyatlarni kengayritish esa hamisha qiyin, deydi ular.

Toshkentda elchilikni 2015-yilda boshlagan Pamela Spratlen deydiki, undan oldingi bosh diplomat Jorj Krol aloqalarni ancha jonlantirib qo'ygan, biroq orada muammolar talay edi.

Amerikaning birinchi ayol elchisi sifatida Spratlen Toshkentda nihoyatda iliq kutib olingani, Tashqi ishlar vazirligida 48 soat ichida qabul qilinib, hukumatdan AQSh bilan hamkorlikni yaxshilash maqsadini aniq va lo'nda eshitganini eslaydi.

Davlat departamentiga bu ma'qul kelgan, albatta, deydi Spratlen. Obama ma'muriyati imkoniyatlarni yaqindan o'rganib, zarur qarorlar qabul qilishga bel bog'lagan edi.

Tuzum uzoq yillardan beri bir xil odamlar qo'lida ekani, inson huquqlari bilan bog'liq muammolar tub masalalarga borib taqalishi, bu borada O'zbekistonda xalqaro hamjamiyat bilan gaplashmay kelgani, lekin ularga endi ko'z yuma olmasligi - hammasi oydek ravshan edi, deydi Spratlen.

Xavfsizlik bobida ham yangicha ishlash vaqti kelgan edi. Karimov Amerika chiqib ketishini bilardi, chunki Vashington buni muhokama qilayotgan edi. Afg'oniston borasida hamkorlikni yangilash xususida muhokama o'shanda boshlangan edi, deydi diplomat. O'zbekiston chegara tizimini quvvatlash, xususan, harbiy vositalar uzatish, treninglar va boshqa sohalarda ham yordamlashishga ahd qilingan.

2015-yilda Samarqandda o'sha paytdagi Davlat kotibi Jon Kerri ishtirokida C5+1 diplomatik platformaga, AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasi maslahat davrasiga asos solingan. Bu doira hozir Afg'oniston bilan C6+1 guruhiga aylanishi kerak, degan takliflar yangramoqda.

2016-yilda Karimov olamdan o'tdi. O'rniga Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga keldi. Mirziyoyevni esa hech kim yaxshi bilmas edi, deydi Spratlen, jumladan AQSh ham.

"U ishga kirishishi bilan O'zbekiston endi boshqacha odam qo'lida ekanini his qilganmiz", - deydi Spratlen. "Serg'ayrat, ochiqlik, samimiylik, dadillik...".

AQShning Toshkentdagi sobiq elchisi Pamela Spratlen
AQShning Toshkentdagi sobiq elchisi Pamela Spratlen


Birinchi navbatda qo'shnilar bilan aloqani yaxshilashga bel bog'lagani, dunyoga ochilish, G'arb bilan, xususan Amerika bilan yaqindan ishlashni xohlashi, "iqtisodiyotni ochamiz" degan gaplari AQShga umid bergan va Vashington uni bu borada quvvatlashga qaror qilgan.

"Muammolar bir pasda hal bo'lishini bilmas edik. O'zbekiston bir zumda demokratik tizimga aylanib qolmasligi, oldinda mashaqqatli yo'l turganini yaxshi tushunganmiz va hali ham tushunamiz", - deydi Spratlen.

"Mirziyoyev aytganini amalda ko'rsata oldi, masalan, BMT maxsus elchilariga eshik ochildi... Siyosiy mahbuslar ozod etildi. O'zgarishlar biz xohlagan darajada bo'lmadi, lekin jarayonlar boshlanganini ko'rdim", - deydi diplomat.

Kongressda O'zbekistonga e'tibor oshdi. Davlat departamenti O'zbekiston bilan dasturlarni ko'paytirish harakatiga tushdi. Mirziyoyev 2018-yilning mayida Vashingtonga kelib, Oq uyda Donad Tramp bilan muloqot qildi. 2002-yilda boshlangan strategik sheriklik yangilandi.

"Elchilikni boshaganimda O'zbekiston yopiq va yakkalangan mamlakat edi. Bugungi O'zbekiston ochiq va ochilishda davom etishi kerak. O'zgarishlar to'xtamasligi kerak. Prezident Mirziyoyev shuni va'da qilgan, xalq biladi, biz ham eshitganmiz", - deydi Spratlen.

AQShning Toshkentdagi hozirgi va to'qqizinchi elchisi Daniel Rozenblum deydiki, Vashington hozir qator maqsadlar yo'lida harakatlanmoqda. Birinchidan, barqarorlik uchun hamkorlik qilish, jumladan Afg'oniston va O'zbekistonning xavfsizlikni ta'minlash salohiyatini oshirish.

Ikkinchidan, O'zbekistonda islohotlarni quvvatlash va ular davomiy va natijali bo'lishiga hissa qo'shish. Uchinchidan, deya tushuntiradi Rozenblum, biznes imkoniyatlarni kengaytirish, sarmoya muhiti yaxshilanishi, shaffoflik uchun intilish. To'rtinchidan, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga e'tiborni oshirib, fuqaro erkinliklari himoyasini yo'lga qo'yish, adliya va sud tizimidagi islohotlarni quvvatlash.

AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum
AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum

AQShning O'zbekistonga e'tiborini uch omil belgilaydi: geografiya, barqarorlik va suverenitet. Respublika strategik hududda joylashgan. Barqarorlikni asrash va ta'minlashdan Amerika manfaatdor. O'zbekiston suverenitetini himoya qilish bilan Vashington bu o'lka mustaqil va farovon bo'lishiga hissa qo'shadi.

"Bizni xavotirga soladigan holatlar bor, jumladan matbuot erkinligi, blogerlar faoliyati, fuqaro jamiyatiga cheklovlar...", - deya qayd etadi Rozenblum.

Beshinchi maqsad - xalqlarni yaqinlashtirish. Almashinuv dasturlari, madaniy rishtalar va ikki mamlakatning ma'naviy-ilmiy jihatdan bog'lash. Bu borada Rozenblum hozirgi harakatlardan mamnun.

"Tinchlik korpusi qaytmoqda. Kelishuvga erishilgan, ammo jarayon vaqt oladi. Amerika burchaklari qayta ochilmoqda. Toshkentdagidan tashqari hozir Qarshida ham bor", - deydi elchi.

"Amerika va O'zbekiston aloqalari a'lo nuqtada. Qilishga ish ko'p hamisha, lekin biz hamkorlikni mustahkamlash bilan bandmiz, bu esa rishtalarni ziddiyatlar emas, yakdillik tebratayotganini aks ettiradi".

Elchixona pandemiya davrida yopilmadi, konsullik xizmati cheklangan tarzda ishlayapti xolos. AQSh koronavirusga qarshi kurashda O'zbekistonga yordam berishda davom etadi, jumladan uch milion Moderna vaksinasi bilan.

Sarmoya bilan bog'liq muammolar haqida gap ketarkan, Rozenblum hukumatga yangi investitsiya jalb etish bilan birga, kelganlari bilan bog'liq chigalliklarga ham e'tibor qaratishni tavsiya qiladi.

"Sarmoya samara berishi kerak, buning uchun esa hozirda ishlayotgan kompaniyalar dardini eshitish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish kerak".

Amerikaning Afg'onistondan chiqishi O'zbekistonga ahamiyatni o'zgartirmaydi, deydi Rozenblum. Aksincha, bu mamlakatda tinchlikka erishish, mintaqa barqarorligi va farovonligi uchun yanayam qattiqroq ishlash kerak bo'ladi va buni har ikki tomon yaxsi tushunadi, deydi diplomat.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG