Breaking News

Tolibon hokimiyati O'zbekiston, Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?


Kobul ko'chalarida, 17-avgust, 2021

O’zbekistonlik tahlilchilar mintaqada eng qudratli sanalgan Afg’oniston armiyasining shiddatli mag’lubiyatidan hayratda.

Ayrim mutaxassislar fikricha, Tolibon Markaziy Osiyo uchun jiddiy bosimga aylanishi, O’zbekistonning Afg’onistonga bog’lagan umidlari puch chiqishi mumkin.

Toshkentdan siyosatshunos Farxod Tolipov toliblarning shiddatli g’alabasini notabiiy baholayotgan ekspertlardan biri.

Tolipovga ko’ra, toliblar urushda g’alaba qilmadi, aksincha Afg’oniston armiyasi ortiqcha qarshiliksiz mamlakatni unga topshirdi.


“Afg’oniston armiyasi 300 ming atrofida edi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari armiyasi bilan solishtirganda ham ko’proq. Buning ustiga afg’on armiyasi dunyoning eng qudratli kuchi AQSh tomonidan tayyorlandi, o’qitildi, harbiy texnika bilan ta’minlandi. Nega bu qudratli armiya toliblarga biror jiddiy qarshilik ko’rsatmadi. Bu juda g’ayritabiiy hodisa. Ammo bu savolga javob yo’q. Buning ortida qanday o’yinlar, maqsadlar yotgani ham hozircha mavhum. Bu o’ta ziddiyatli holat, bu holat oydinlashmas ekan Afg’onistondagi vaziyatning mintaqada qanday aks etishini aytish qiyin”, - deydi Tolipov.

Afg’onistonliklar o’z mamlakati, kelajagi uchun urushishni istamaganini AQSh prezidenti Jo Bayden ham Afg’oniston bo’yicha qilgan bayonotida ta’kidlab o’tdi.

Bayden Afg’onistondan chiqish qarori uzil-kesil ekanligini ta’kidlar ekan, AQSh askarlari boshqa mamlakat uchun urishmasligini, Amerika afg’onlarga davlat qurib berish majburiyatida emasligini aytdi.

AQSh qo’shinlari Afg’onistonni butunlay tark etmasdan mamlakat shiddat bilan Tolibon qo’liga o’tgani Bayden ma’muriyatiga nisbatan tanqidlarni AQShda ham, xalqaro maydonda ham avj oldirgan.

Siyosatshunos Tolipov ham AQSh o’z missiyasini bitirmasdan Afg’onistondan chiqib ketmoqda, deb hisoblaydi.

“Baydenning Afg’oniston bo’yicha bayonotiga qo‘shilmayman. Afg’onistonda fuqarolik urishi ketayotgan bo’lsa mayli AQSh askarlari urishmasligini tushunish mumkin edi, ammo u yerda terrorga, xalqaro terrorchi guruhlarga qarshi urish ketayotgan edi. Tolibon xalqaro miqyosdagi terrorchi guruh ekanligi rad etilgani yo’q. AQSh Afg’onistonni bunday chala, mavhum bir holatda tashlab ketmasligi kerak edi”, - deydi Tolipov.

Jo Bayden o’z bayonotida Afg’onistonni tark etish qarorini geosiyosiy raqobatga, xususan Rossiya va Xitoy kabi davlatlar AQShning Afg’onistonda imkon qadar uzoqroq qolib ketishidan manfaatdor ekanligiga ham bog’laydi.

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olar ekan, strategik manfaatlarini olg’a suruvchi yangi ittifoqlar yuzaga chiqishi kutilmoqda.

Mintaqadagi geosiyosiy qudratlar bilan rasmiy munosabat boshlayotgan, hamkorlikka kirishayotgan Tolibon uchun Toshkentga berilgan va’dalar o’z qiymatini yo’qotishidan xavotirlar mavjud.

“Tolibon hokimiyatga kelishi barobarida yuzaga chiqayotgan yangi geosiyosiy raqobat Toshkentning Afg’onistonga bog’lagan umidlarini ham puchga chiqarishi mumkin. Chunki toliblar bilan muzokara kirishayotgan qudratli kuchlar O’zbekistonni Janubiy Osiyoga chiqish loyihasini mamnunlik bilan qabul qiladi deb o’ylamayman", - deydi Tolipov.

"Albatta, hali ko’p narsa Tolibonni qanday iqtisodiy siyosat yurishiga ham bog’liq. Ammo shuni hozirdan aytish mumkinki, O’zbekiston olg’a surib kelayotgan transafg’on koridori kelajagi yana bir necha yillarga mavhumlashdi. O’zbekistonni mintaqa doirasidan tashqariga chiqishini xohlamayotgan kuchlar mavjud. Afg’onistondagi so’ngi vaziyat ortidan bu kuchlarning mintaqaga bosimi yana ortib boraveradi”.

O’zbekiston Afg’onistonning ichki ishira aralashmasligini bildirib keladi, ammo bu pozitsiya rasmiy Toshkent va Tolibon o’rtasida muntazam muloqot ushlab kelinishiga, hatto toliblarni O’zbekistonda qabul qilib, rasmiy muzokaralar o’tkazilishiga ham to’siq bo’lgani yo’q.

Toshkentga ko'ra, “ichki afg‘on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlari” qo‘llab-quvvatlanadi.

O’zbekistonning Afg’onistondagi elchixonasi va konsulligi odatdagi tartibda ishlab turganini qayd etayotgan hukumat chegara hududida tinchlikni saqlash maqsadida “Tolibon” harakati bilan yaqin aloqa ekanini ta’kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG