Breaking News

Bayden: Afg'onistondan chiqish muvaffaqiyatli kechdi


Oq uy, 31-avgust, 2021
Oq uy, 31-avgust, 2021

"Bu urushni cheksiz davom ettirib, chiqishni cheksiz cho'zishni xohlamadim", - dedi Prezident Jo Bayden 31-avgust kuni Oq uydan Amerika xalqiga Afg'onistondagi harbiy missiya yakunlangani haqida murojaat qilar ekan.

Ommaviy so'rovlarda katta yoshdagi amerikaliklarning 54 foizi bu qarorni olqishlamoqda. Respondentlarning 42 foizi esa Baydendan bu borada norozi.

"Kecha Amerika 20 yillik urushn yakunladi", - deydi prezident.

"Tarixdagi eng yirik havo evakuatsiyasilaridan birini olib bordik. 120 mingdan oshiq odamni olib chiqdik. Biror davlat buni qilmagan".

“Afg'onistondan chiqishimiz harbiy qo'monlar va boshqa rahbarlarning bergan maslahatlariga asoslandi. Qo'shinlarimiz va bizga ishlagan insonlar hayotini asrash biz uchun birlamchi masala".

Bayden deydiki, qolganlar ham olib chiqiladi va Tolibon ular uchun yo'lni ochib qo'yishga va'da bergan.

Bayden chiqishni kechiktirmagani uchun keskin tanqid ostida.

Amerika 2001-yilning 11-sentabridagi terror voqealarini yodga olar ekan, Afg'onistonda yana Tolibon hukmron ekan, 20 yillik qonli urush nima uchun edi, degan savollar yangramoqda.

Oq uyning javobi shuki, AQSh Afg'onistonga davlat qurish uchun emas, terroristlarni yo'q qilish uchun borgan va bu maqsadiga erishgan.

"Afg'oniston taqdiri va kelajagi Afg'oniston xalqi qo'lida", - deydi Bayden.

Vashington bu mamlakatni 20 yil davomida moliyaviy, harbiy va boshqa barcha yo'nalishlarda qo'lladi. Bundan keyin ham yordam davom etadi, ammo boshqacha shaklda. Ko'p narsa Afg'onistonni kim qanday boshqarishiga bog'liq, deydi rasmiylar.

“Osama bin Laden va al-Qoidaning boshqa liderlarini yo'q qildik", - deydi general Kennet Makkenzi, Markaziy qo'mondonlik boshlig'i.

Bu urushda 2461 amerikalik halok bo'lgan, 20 mingdan oshiq odam yaralangan.

Afg'onistonning o'zida esa o'lganlar esa 120 mingdan oshiq.

"Hammani olib chiqa olmadik", - deya tan oladi general Makkenzi.


Amerika chiqib ketganidan xursand toliblar Kobul aerportida va tashqarida o'q otib bayram qilmoqda.

Bayden Afg'onistondagi urush bilan shug'ullangan to'rtinchi prezident.

"Bugun 20 yoshga kirgan amerikaliklar hayotida AQSh hamisha urushda bo'lgan. Bunga nuqta qo'yamiz".

Bayden shu yil boshida prezidentlikka kirishganida Tolibon allaqachon kuchayib, mamlakatning deyarli yarmini nazorat qilayotgan edi.

2020-yilning fevralida bu harakat bilan imzolangan kelishuvga ko'ra, Amerika 2021-yilning 1-mayigacha chiqib ketishi kerak edi. Bayden bu muddatni kuzgacha cho'zdi.

"Men mendan oldingi prezidentdan qolgan qarorni amalga oshirdim aslida, Amerika bergan so'zida turishini ta'minladim", - deydi Bayden.

AQSh Afg'onistonda umumiy hisobda 2,3 trillion dollar sarflagan.

Bayden Afg'onistonda va boshqa mamlakatlarda "Islomiy davlat" va unga aloqador guruhlarga qarshi harakatlarni davom ettiradi. Prezident deydiki, Afg'onistonda ayniqsa "Islomiy davlat" Xuroson bo'limi nishonda.

Yaqinda Kobulda qilingan qonli xurujlarda shu to'da ayblanadi.

"Terrorchilar bizdan qutulmaydi, bizdan qocha olmaydi", - deydi Bayden.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG