Breaking News

Afg'onistondagi uyg'urlar Xitoyga deportatsiya qilinishidan qo'rquvda


Kobul, 18-avgust, 2021
Kobul, 18-avgust, 2021

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olar ekan, bu mamlakatda tug’ilgan yoki yashaydigan 2000 ga yaqin etnik uyg’urlar xavf ostida. Ular Xitoyga deportatsiya qilinishidan, kommunistik davlatda bir million uyg’ur saqlanayotgan mehnat lagerlarlariga joylashtirilishidan qo’rquvda.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan afg'onistonlik uyg’urlarga ko’ra, Tolibon va Xitoy hamkorlik yo’nalishlarini muhokama qilmoqda.

Kobulda zargarlik buyumlari savdosi bilan shug’ullanuvchi, besh farzandning otasi Mamat fikricha, Tolibon Xitoydan iqtisodiy ko’mak olish uchun uyg'ur oilalarni topshirishi mumkin.

“Toliblar oxir-oqibat bizni Xitoyga berishidan qo’rqaman, Xitoyda esa bizni otib tashlashadi”, - deydi faqat ismidan foydalanishni so’ragan Mamat.

Mamat Afg’onistonda tug’ilgan. Ota-onasi 1961-yilda Shinjondan Afg’onistonga qochib kelgan. Xitoy hukumatiga ko’ra, Afg’oniston bilan chegaradosh Shinjon muxtoriyatida 12 milliondan ortiq uyg’ur yashaydi.

Xitoy-Tolibon aloqalari

Avgustda Tolibon delegatsiyasi Tianjin shahrida Xitoy tashqi islar vaziri bilan uchrashgan. Pekin Sharqiy Turkiston islomiy harakatiga (ShTIH) qarshi kurashda Tolibondan hamkorlik so’ragan. Toliblar hech bir guruh afg’on zaminidan bu davlatga tahdid solmaydi deya va’da bergan.

BMT tomonidan xalqaro terrorchilik tashkiloti deb belgilangan ShTIH Xitoydan tashqaridagi uyg’ur jangarilarga aloqador. AQSh bu guruhning haliyam mavjudligini islobotlovchi “ishonchli dalillar yo’q”, deya 2020-yilda uni qora ro’yxatdan chiqargan.

Mamatning aytishicha, Xitoy hukumati Afg’onistondagi har qanday uyg’urni ShTIH a’zosi deb biladi va ularga xavf deb qaraydi.

“Tolibon musulmonlarning manfaatini himoya qilamiz desa-da, Xitoy hukumatiga berayotgan va’dalari shuning aksi”, - deydi u.

Mamatning deportatsiya haqidagi xavotirlari asossiz emas, deydi Markaziy Osiyoni o’rganuvchi Oksus ilmiy markazi xodimi Bredli Jardin.

“Uyg’urlar deportatsiyasi tarixan Tolibon davrida bo’lgan. 2000-yilda Xitoyning Pokistondagi elchisi Lu Shulin va Tolibon rahbari Mulla Umar o’rtasidagi uchrashuvdan so’ng 13 uyg’ur Xitoyga topshirilgan”, - deydi u.

Lekin, deya qo’shadi Jardin, Xitoy bilan ekstraditsiya shartnomasi bo’lmagan Afg’oniston tarixan uyg’urlar uchun Markaziy Osiyo davlatlariga qaraganda xavfsizroq hisoblanadi.

Suhbatdosh 2015-yilda afg’on hukumati uyg’ur ishbilarmon Isroil Ahmatni deportatsiya qilganini ham tilga oldi.

Ta’qiblardan qochish

“Amerika Ovozi” 1961-yildan buyon Afg’onistonda yashayotgan uyg’ur ayol bilan ham telefon orqali suhbatlashdi. U farzandlari va nevaralari Xitoydagi mehnat lagerlariga tushib qolishidan xavotirda.

“Ota-onam Xitoy ta’qiblaridan qochib, meni 60 yil oldin Afg’onistonga olib kelishgan. Bugun esa men bolalarim va nevaralarimni xavfsiz joyga ko’chira olmayman”, - deydi ismini yozmaslikni so’ragan ayol.

Uning aytishicha, Afg’onistondagi uyg’urlar Xitoyga deportatsiya qilinmasligi uchun xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj.

AQSh qatorida “Human Rights Watch” va Xalqaro Amnistiya kabi huquq tashkilotlari Xitoyni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblaydi. Pekin milliondan oshiq uyg’urlar saqlanayotgan joylar trening markazlari ekani, “miyasi ekstremizm bilan zaharlangan” uyg’urlar bu markazlarda kasb-hunar o’rganishini da’vo qiladi.

Ko’mak evaziga deportatsiya

Afg’onistondagi uyg’urlar asosan Kobul, Badaxshon va Mozori Sharifda yashaydi, deydi 2019-yildan beri Istanbulda yashayotgan afg’onistonlik uyg’ur Abdulaziz Nosiriy.

“Bu shaharlardagi do’stlarim va qarindoshlarim menga uylari Tolibon tomonidan tintuv qilinganini aytishmoqda”, - deydi u.

Uning so’zlariga ko’ra, Tolibon uchun uyg’ularni topish oson, chunki ularning afg’on milliy guvohnomasida “chet eldagi xitoylik” yoki “uyg’ur” deb yozilgan.

“Toliblar uyg’urlarni ushlab Xitoyga topshiradi va ularning g’oyib bo’lganini inkor etadi. Ilgari dissidentlar bilan ham shunday qilishgan”, - deydi Nosiriy.

Vashingtondagi Uyg’ur inson huquqlari loyihasi vakili Xenrik Shajevski fikricha, Pekinning uyg’urlarga nisbatan uzoq yillik ta’qiblari fonida Xitoy va Tolibon deportatsiya bo’yicha hamkorlik qilishi ehtimoli yuqori.

“Kobuldagi yangi ma’muriyat Pekin bilan uzoq yillik aloqalarga ega va siyosiy-iqtisodiy ko’mak xohlaydi. Xalqaro huquq standartlari bo’yicha majburiyatlarini his qilmaydigan yoki shunchaki va’dalar beradigan tomonlar o’rtasida uyg’urlar sarson”, - deydi Shajevski.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG