Breaking News

Erkin saylovlar "Yangi O’zbekiston" uchun ham orzuligicha qoladimi?


Faollar saylov haqida: soxtakorlik an'anaga aylangan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:15 0:00

O’zbekistonliklar prezidentlikka saylashi mumkin bo’lgan nomzodlar rasman tasdiqlandi. Ro’yxatda besh kishi bor: amaldagi prezident, hali saylanmasdan “Millat sardori” maqomiga ko’tarilayotgan Shavkat Mirziyoyev, “Milliy tiklanish” partiyasidan Alisher Qodirov, “Adolat”dan Bahrom Adbuhalimov, Xalq demokratik partiyasidan (XDP) Maqsuda Vorisova va Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodovlar.

Mirziyoyev olg’a surgan “Yangi O’zbekiston” shiori ostida o’tayotgan bu saylovlar aslida Karimov diktaturasi davrida shakllangan qolip asosida tashkillashtirilgani ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. G’olib va mag’lublar, hatto foizlar ham oldindan ma’lumdek.

Prezident saylovida raqobat, tanlov bo’lishiga nafaqat jamoatchilikda, balki saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalarda ham ishonch mavjudligi ko’zga tashlanmaydi.

Har holda, Mirziyoyevga “Millat sardori” yorlig’i berishni taklif qilayotgan siyosatchi Akmal Sayidov saylovda o’z muqobil nomzodi bilan qatnashayotgan “Milliy tiklanish”dan saylangan deputat, bu partiya yetakchilaridan biri ekanligi inobatga olinsa, muqobillik rolini o’ynayotgan rasmiy partiyalar raqobatli, demokratik deb taqdim qilinayotgan prezidentlik saylovida kimni qo’llashayotgani aniq ko’rinadi.

Bir qarashda nomzodlar, partiyalar o’rtasida raqobat mavjuddek ham tuyuladi. Yaqinda “Adolat” partiyasi “Milliy tiklanish”ni plagiatda ayblab chiqdi. Partiyalar saylov dasturi masalasida tortishmoqda.

Iqtidordagi Liberal-demokratik partiyasi, uning nomzodi amaldagi prezident hozircha bunday e’tirozlar, tanqidlardan xoli. Shavkat Mirziyoyev hatto siyosiy poygada raqiblar mavjudligini payqayotgani ham yo’q.

Prezident o’z muqobillari bilan hatto saylov debatlari davomida ham uchrashmasligiga doir ma’lumotlar bor. Albatta, Mirziyoyevning bu ishonchi, xotirjamligi asossiz emas, chunki nafaqat u, balki boshqalar ham muqobil nomzodlarda raqiblik qudratini ko’rishayotgani yo’q.

Mirziyoyevdagi bu ishonchni, xotirjamlikni buzishi mumkin bo’lgan haqiqiy raqiblar, muxolifat poygaga qo’yilmadi, saylovdan chetlatildi.

Ayrim muxoliflar raqobatsiz saylovni boykot qilishga chaqirishmoqda, boshqalar saylov taqdiri allaqachon hal bo’lganiga ishonishadi.

Xullas, demokratik islohotlar va’dasidagi Mirziyoyev hokimiyati prezidentlik saylovini Karimov diktaturasi davrida shakllangan qolip asosida o’tkazishga qaror qilgani o’zgarishlarga nisbatan umidlarni ancha so’ndirgan.

“Amerika Ovozi” gaplashgan faollar ochiq, raqobatli demokratik saylovlar, tanlash va saylash huquqi “Yangi O’zbekiston” uchun ham uzoq yillar orzu bo’lib qolishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG