Breaking News

"Erk" O'zbekistondagi prezident saylovini boykot qilishga chaqirmoqda


Markaziy Osiyo liderlari uchrashuvi, Avaza, Turkmaniston, 6-avgust, 2021

O'zbekistonda rasmiy partiyalarning prezidetlik uchun o'z nomzodlarini olg'a surgani, tanqidchilar nazarida, mustaqil va erkin harakat emas. Bu qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev roziligi bilan qilinganiga shubha yo'q va muqobillarning amaldagi rahbarga raqobatchi emasligi aniq, deydi ular.

Mirziyoyev nomzodi prezidentlikka surilgan yig’ilishda shaxsan ishtirok etmagan. O’zbekiston Liberal Demokratik Partiyasida Mirziyoyev nomzodi Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan taqdim etilgan.

O’tgan besh yil davomida O’zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni sanab o’tgan Aripov bular zamirida “...dolzarb muammolarni aql-idrok bilan yecha oladigan fidoyi, mard, serg’ayrat va tafakkuri kuchli bo’lgan shaxsning - hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iyatlari mujassam” ekanligini alohida ta’kidlagan.

Alisher Qodirov, "Milliy Tiklanish" Demokratik Partiyasidan nomzod
Alisher Qodirov, "Milliy Tiklanish" Demokratik Partiyasidan nomzod

Prezidentlik uchun Ekologik Partiyadan Narzulla Oblomurodov, “Adolat” Sotsial-Demokratik Partiyasidan Bahrom Abduhalimov, “Milliy Tiklanish” Demokratik Partiyasidan Alisher Qodirov, Xalq Demokratik Partiyasidan Maqsuda Vorisova nomzodi ko'rsatilgan.

Nomzodlar Markaziy Saylov Komissiyasi tomonidan ro’yxatga olinishi ortidan saylov poygasi shu besh siyosatchi ishtirokida kechishi kerak. Ammo bu saylovda raqobat bo’lmasligi hozirdanoq, ayniqsa saylov ishtirokchilari aniqlashishi bilan yanada oydinlashgan.

Muxolifat aholini saylovlarni boykot qilishga, xalqaro tashkilotlarni esa O’zbekiston prezidenti saylovlarini kuzatmaslikka chaqirmoqda.

Xalq Demokratik Partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisova
Xalq Demokratik Partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisova

Muxolifatdagi “Erk” Partiyasi bayonotiga ko'ra, 24-oktabrga belgilangan prezident saylovi Mirziyoyev yetakchiligidagi siyosiy guruhning navbatdagi ko’zbo’yamachiligidir. Saylovda “qo’g’irchoq” nomzodlar ko’rsatilmoqda, deydi "Erk", bu nomzodlarning o’zlari Mirziyoyev uchun ovoz beradi.

“Erk” shu munosabat bilan saylovlarni umummilliy miqyosda boykot qilishga chaqirib, prezidentlik saylovlarini kuzatishga hozirlanayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga o’z kuzatuvchilarni yubormaslikni so’rab murojaat qilgan.

“Erk” prezidentlik saylovida qo’shiqchi Jahongir Otajonov nomzodi bilan qatnashishini e’lon qilgan edi. Lekin Otajonov turli sabablar, jumladan bosimlar bois, siyosatdan vaqtincha chekinishga qaror qilgan.

Ekologik Partiya nomzodi Narzulla Oblomurodov
Ekologik Partiya nomzodi Narzulla Oblomurodov

Mamlakatda bu yili kamida ikki siyosiy guruh partiya sifatida ro'yxatdan o'tishga harakat qildi, ammo samarasiz.

Mustaqil siyosiy partiyalar tashkil etib, o'z nomzodi bilan qatnashishga urinib ko’rgan faollar saylovdan mutlaqo umidsiz. Mamlakatdagi bugungi rejim, siyosiy-iqtisodiy vaziyat o’zgarishsiz qoladi, deydi ular.

Bu tanqidlardan qat’i nazar, prezidentlik saylovi demokratik, ochiq va adolatli o’tishini va'da qilgan Markaziy Saylov Komissiyasi tayyorgarlik ishlari qizg’in pallada, deya eslatib turibdi. Komissiya saylovlarni kuzatish uchun shaylanayotgan turli xalqaro tashkilotlar bilan muloqotda.

“Adolat” Sotsial-Demokratik Partiyasi nomzodi Bahrom Abduhalimov
“Adolat” Sotsial-Demokratik Partiyasi nomzodi Bahrom Abduhalimov

O’zbekistonda prezident saylovi oxirgi marta 2016-yil dekabrida o’tgan. Unda ham liberal demokratlar Mirziyoyevni ko'rsatgan. Shuningdek, “Adolat”, “Milliy Tiklanish” va Xalq Demokratik Partiyasidan nomzodlar bo'lgan. Mirziyoyev 90 foizdan oshiq natija bilan g’alaba qilgan.

Qonunchilikka o’zgarishlar kiritilib, prezidentlik saylovi dekabr oyidan oktabrga ko’chirildi. Mirziyoyevning o'zi hali yaqinlashayotgan jarayon haqida biror narsa demagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG