Breaking News

Hisobot: Xitoy xorijdagi faollarni ta'qib qilishni kuchaytirmoqda


Politsiya "Reyters" axborot agentligi jurnalistlariga samolyotdan tushishni buyurmoqda, Urumchi, Shinjon, Xitoy, 2021-yil, 5-may
Politsiya "Reyters" axborot agentligi jurnalistlariga samolyotdan tushishni buyurmoqda, Urumchi, Shinjon, Xitoy, 2021-yil, 5-may

Vashingtonda joylashgan ikki tashkilotning xabar berishicha, xorijdagi demokratik jamiyatlarda istiqomat qiluvchi uygʻur musulmon ozchilik guruhi aʼzolariga nisbatan Xitoy hukumatining kuzatuvi, qoʻrqitish va taʼqib kampaniyasi kengaygan.

Chorshanba kuni e'lon qilingan qo'shma hisobotda Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi (UHRP) va Markaziy Osiyo ishlari bo'yicha Oksus jamiyati Xitoy hukumatining demokratik dunyoda yashayotgan uyg'urlar huquqlariga tahdidi 2017-yilda keskin kengayib, shundan beri davom etayotganini aytadi.

"Oilangiz azob chekadi: Xitoy liberal-demokratik mamlakatlardagi uyg'urlarni qanday qilib kuzatmoqda, qo’rqitmoqda va xakerlik hujumiga tutmoqda" deb nomlangan hisobotga ko'ra, Xitoy avtoritarizmi o'z chegaralaridan tashqariga yoyilmoqda.

Hisobotda aytilishicha, Xitoy 2002-yildan beri xorijda yashayotgan uyg’urlarni majburlab vatanga qaytarish, nazorat ostiga olish ishlari bilan shug’ullanadi.

Natijada, deyiladi hisobotda, "Uyg'ur diasporasi a'zolari tinimsiz ta'qiblar, qo'rqitish va majburlov ko'rinishidagi Xitoy avtoritar tizimi zug’umlarini o’z boshlaridan o’tkazmoqda".

Misol uchun, hisobotga ko'ra, Amerika Qo'shma Shtatlari, Avstraliya, Yevropa va Yaponiyadagi uyg'ur diaspora jamiyatlarining 72 a'zosi o'rtasida o'tkazilgan so'rovda deyarli 74 foiz ishtirokchi internet tahdidlari yoki kuzatuv shakllariga duch kelganini aytgan.

“Politico” nashrining yozishicha, Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu yozma javob orqali UHRP hisobotidagi ayblovlarni rad etgan va “mutalo asossiz” deb atagan.

Qo’shma Shtatlar ham, Yevropa Ittifoqi ham Pekinni Xitoy shimoli-g’arbidagi Shinjon-Uyg’ur avtonom viloyatida uyg’urlarga nisbatan inson huquqlarini poymol qilishda ayblaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2018-yilda bir milliondan ortiq odam lagerlarda majburan saqlangan.

Pekin bu ayblovlarni inkor etib, uyg‘urlarning huquqlari Xitoy qonunlari ostida himoyalanganini va bu majmualar majburiy lagerlar emas, balki uyg‘urlarni yangi ko‘nikmalarga o‘rgatadigan “kasb-hunar maktablari” ekanini da’vo qiladi.

Oksus jamiyatining tadqiqotlar bo’yicha direktori Bredli Jardinga ko'ra, Xitoyning xorijdagi imkoniyatlari haqidagi so'nggi hisobot demokratik mamlakatlarda istiqomat qiluvchi uyg'ur diasporasi vakillariga nisbatan transmilliy repressiya holatlari haqida xabar qilingan 5530 ta keng qamrovli ma'lumotlarga asoslangan.

“Asosiy e’tiborini Xitoy bilan yaqin xavfsizlik aloqalariga ega boʻlgan davlatlar, xususan, Pokiston, Markaziy Osiyo respublikalari va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hibsga olishlar va ekstraditsiyalarga qaratgan avvalgi hisobotlardan farqli oʻlaroq, bu hisobot Xitoy faollarga bosim o'tkazish uchun liberal demokratik davlatlar ichiga qanchalik kirib borganini o'rganadi", - dedi Jardin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Xitoyga qarshi Londonda o'tkazilgan norozilik namoyishi, 2021-yil, 1-oktabr
Xitoyga qarshi Londonda o'tkazilgan norozilik namoyishi, 2021-yil, 1-oktabr

Hisobotga ko‘ra, Pekinning usullari texnologik jihatdan takomillashib bormoqda; xakerlik guruhlari uyg‘ur tilida soxta yangiliklar saytlari va kompyuterlarni zararlovchi dasturlarni yaratmoqda.

"Ular hatto “Facebook”, “Microsoft” va boshqa texnologiya gigantlarining platformalaridan ushbu zararli dasturlarni tarqatish uchun foydalanishgan", - dedi Jardin.

Hisobot 2017 va 2019-yillardagi hisobotlar natijalariga asoslanib, uyg’ur diasporalarining ta'qib qilinayotganiga urg'u beradi.

"Xitoyning uygʻurlarga nisbatan transmilliy repressiya koʻlami hayratlanarli. Ayrim shaxslarning o’g’irlab ketilishidan tortib, kundalik onlayn tahdidlargacha bo’lgan usullar tufayli xorijda yashayotgan uygʻurlar uchun tinchlik yoʻq", - deydi UHRP ijrochi direktori Umar Qanot UHRP veb-saytida.

UHRP va Oksus jamiyati xususiy sektor, hukumatlar va hukumatlararo guruhlarni xorijdagi uyg‘urlarni Xitoy tahdididan yaxshiroq himoya qilishga chaqiradi.

"Qochqinlarni joylashtirish agentliklari va nodavlat tashkilotlar uyg'urlarga raqamli gigiyena va xavfsizlikning ilg'or amaliyotlari bo'yicha ta’lim berishlqrai mumkin, - dedi Oksus jamiyati tadqiqotchisi Natali Xoll "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Ammo bu uyg'urlarni o'z himoyasi uchun o’zini mas’ul qilib qo’yadi, shuning uchun boshqalar ham ko’proq ish qilishi kerak".

Xollning ta'kidlashicha, texnologik kompaniyalar o'zlarining raqamli platformalaridagi kontentni kuzatish uchun javobgardir. Shu bois, deydi tadqiqotchi, ular Xitoyning bunday onlayn ta’qib kampaniyalarini olib borish imkoniyatini cheklovchi choralarni amalga oshirishi kerak.

Xoll AQShni ham bu masalaga e’tibor qaratishga chaqirdi.

"Bayden transmilliy repressiya haqida tez-tez gapira boshladi - bu muhim birinchi qadam. Ammo bu mavzuda, jumladan, raqamli huquqlar, shuningdek, demokratik raqamli boshqaruv yuzasidan yanada ko’proq ish qilish kerak", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG