Breaking News

O’zbekiston-Qozog’iston ittifoqi nimani nazarda tutadi?


Nursulton, 6-dekabr, 2021
Nursulton, 6-dekabr, 2021

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog’istonga qilgan davlat tashrifi davomida tomonlar ittifoqchilik aloqalariga doir deklaratsiya imzolagan.

Deklaratsiyaga muvofiq tomonlar o’rtasida prezidentlar boshqaruvidagi davlatlararo Oliy kengash tuzilib, ittifoqchilikning strategik yo’nalishlari belgilanadi.

Oliy kengashdan tashqari tashqi ishlar vazirliklari, parlamentlar o’rtasida ham hamkorlik kengashlari tuzilishi qayd etilgan. Ittifoqchilik aloqalariga doir shartnoma hukumatlar tomonidan yaqin vaqtda ishlab chiqilishi va imzolanishi kutilmoqda.

Mintaqaning ikki yirik davlati O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi ittifoqchilik bayonnomasida Markaziy Osiyo, va Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha hamkorlik, xalqaro tashkilotlar, jumladan Turk davlatlari tashkiloti doirasidagi faoliyat ham o’zaro muvofiqlashtirib borilishi ta’kidlangan.

Nursulton, 6-dekabr, 2021
Nursulton, 6-dekabr, 2021

Ikki xalqning tarixiy aloqalari, qo’shnichilik, ma’naviy va madaniy mushtaraklikdan kelib chiqib imzolangan deklaratsiya bir qarashda Markaziy Osiyoda haqiqatda siyosiy ittifoq shakllanayotganidan darak beradi.

Bu o’zaro keskinliklar, chegaraviy ziddiyatlar, ayrim hollarda etnik to’qnashuvlardan xoli bo’lmagan Markaziy Osiyo uchun muhim burilishdek, ayniqsa Markaziy Osiyo prezidentlari sammitini umumiy manfaatlarga yo’naltirish, muammolarni mintaqa davlatlarini o’zlari yeshishi ta’kidlanayotgani inobatga olinsa.

“Barcha mintaqaviy masalalar bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bir-birining manfaatlariga o‘zaro hurmat asosida o‘zaro maqbul yechimlarga o‘zlari erishishi muhimligini ta’kidladilar”, deyiladi jumladan prezidentlar tomonidan imzolangan deklaratsiyada.

O’zbekiston va Qozog’iston aloqalari bungacha strategik sheriklik maqomida bo’lgan. Mintaqaning ikki yirik davlati ittfoqchilikka ko’tarilayotgani Markaziy Osiyo boshqa davlatlarida qanday aks- sado beradi hozircha noma’lum, ammo deklaratsiyada mintaqaning umumiy manfaatlari ustun ekanligi aks ettirilgan.

Nursulton, 6-dekabr, 2021
Nursulton, 6-dekabr, 2021

“Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar”.

Markaziy Osiyodagi ekologik vaziyat, suv tanqisligi, transchegaraviy daryolarning umumiy boylik ekanligi, ulardan oqilona foydalanish yuzasidan hamkorlik davom etishi ta’kidlanayotgani bu boradagi mintaqaviy muzokaralar ortiqcha ehtiroslarsiz davom etayotganidan ham darakdek.

Ikki tomonlama ittifoqchilik aloqalariga kirishish O’zbekiston diplomatiyasi uchun yangilik emas, Qozog’iston ikkinchi ittifoqchi davlat, bungacha ittifoqchilik aloqalariga doir hujjat Rossiya tomoni bilan ham imzolangan edi.

O'zbekistonning Nursultondagi yangi elchixonasi binosi ikki davlat prezidentlari tomonidan ochib berildi, 6-dekabr, 2021
O'zbekistonning Nursultondagi yangi elchixonasi binosi ikki davlat prezidentlari tomonidan ochib berildi, 6-dekabr, 2021

Qozog’iston esa Rossiya bilan nafaqat ikki tomonlama, ko’p tomonlama ham ittifoqqa bog’langan, Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Ittifoqi, shuningdek Kollek xavfsizlik shartnomasi shaklidagi harbiy ittifoq a’zosi hisoblanadi.

Bundan qat’iy nazar O’zbekiston va Qozog’iston ham o’z tashqi siyosatini ko’p vektorlik asosida qurishga intiladi, xususan Toshkent tashqi siyosatdagi asosiy ustunlik Markaziy Osiyo manfaatlari ekanligi e’lon qilgan, Qozog’iston tomoni ham mintaqviy loyihalarni, xususan mintaqaviy sammit o’tkazilishini dastlab quvvatlab chiqqan davlat.

Mirziyoyev va Qosim-Jo’mart To’qayev Qozog’istondagi muzokaralar yakunida matbuot uchun chiqish qilishgan, har ikki prezident munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini, ittifoqchilik maqomini e’tirof qilishgan.

Mirziyoyevga ko’ra, O’zbekiston Qozog’iston bilan hamkorlikni mustahkamlash qarorida qat’iy. “Biz sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va yangi o‘sish nuqtalarini izlash niyatidamiz, - degan Shavkat Mirziyov.

To’qayevga ko’ra, ittfoqchilik aloqalari o’rnatilishi nafaqat iki davlat o’rtasidagi tarixiy voqeylik, balki Markaziy Osiyo barqarorligi, taraqqiyoti uchun ham xizmat qiladigan muhim qadam.

O'zbekistonning Nursultondagi yangi elchixona binosi
O'zbekistonning Nursultondagi yangi elchixona binosi

Mirziyoyev Qozog’istonga safari davomida Qozog’istonning birinchi prezidenti, elboshi Nursulton Nazarboyev bilan ham uchrashgan.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar, mintaqadagi vaziyat muhokama qilingani, xususan tashkil etilishi Nazaroyev tomonidan faol qo’llab quvvatlangan Markaziy Osiyo prezidentlari maslahat uchrashuvi faoliyati yuzasidan ham gaplashilgan.

Qozog’iston safari oktabr oyida prezidentlikka saylangan Mirziyoyev uchun dastlabki davlat tashrifi bo’ldi.

5-dekabrda boshlangan bu tashrif doirasida prezidentlarning tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo’lib o’tdi. O’ndan ortiq hujjatlar imzolandi. Prezidentlar O’zbekistonning Qozog’istondagi elchixonasiningyangi binosini ochib berishdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG