Breaking News

Afg'on do'konlarida endi ayollarning yuzi ko'rinmaydi


Hirot shahar do'konlari oldida, noyabr, 2021

Tolibon hukumati buyrug'iga binoan Afg'onistonda endi biror do'kon xotin-qizlar kiyimini ochiq ko'z-ko'z qilmasligi lozim. Liboslar bundan buyon "islomiy tartibda" sotiladi, deydi rasmiylar.

Hirotda tadbirkor Ubaydulla Yariy deydiki, bu haftadan boshlab, do'konlar manekenlarning boshini olib tashlayapti.

"Hukumat shunday qil deyapti, demak, qilinadi", - deydi Yariy. "Aks holda sotuvchilar va bizneslar jazolanadi".

Biznes ahli bu buyruqdan norozi. Manekenlar mahsulotni reklama qilishda va sotishda muhim omil, deydi ular. Boshqa islomiy jamiyatlarda ham manekenlar ochiq turadi. Ularning kallasini olib tashlash bilan hukumat nimaga erishadi? Bozorni o'ldirishdan kimga nima foyda? Afg'onlarning bu savollariga hukumat dinni ro'kach qilgan holda javob bermoqda.


Hirotda bu siyosatni amalga oshirishga mas'ul Aziz Rahmon deydiki, manekenlar islomgacha bo'lgan dinlarga xos narsa.

"Inson timsoliga sig'inish islomga ziddir", - deydi Rahmon.

Jamoatchilik nazarida esa manekenlar mahsulotni namoyish qiladi va hech qanday e'tiqod vositasi emas.

Kobul va boshqa shaharlarda taksilar nazorati ham kuchaytirilgan. Ayollar jamoat transportida yurishi uchun o'rangan bo'lishi kerak va agar 72 kilometrdan uzoqqa ketayotgan bo'lsa, erkak hamroh bilan yurishi shart.

Haydovchilar faqat soqolli erkaklar bo'lishi zarur. Namoz paytida harakat to'xtaydi va musiqaga ruxsat yo'q.

Telekanallarda ayol ijrochilar ko'rsatilmaydi. Boshlovchi ayol albatta o'rangan bo'lishi kerak.

Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohidga ko'ra, Afg'oniston mana shunday musulmon davlat bo'ladi va islomiy qonunlarga hech kim qarshi chiqmaydi.

Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid, Kobul, 25-noyabr, 2021
Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid, Kobul, 25-noyabr, 2021

Mujohidning ta'kidlashicha, huquq tartibot organlariga odamlarga aziyat o'tkazmaslik buyurilgan.

"Fuqarolardan esa islomga rioya qilish kutiladi", - deydi rasmiy.

Hukumat o'zgarganida yopilib qolgan maktablar hozir ochilgan, ammo faqat o'g'il bolalar uchun. Qizlar uchun hozircha to'liq ruxsat yo'q.

Ayollarning ishlashi ham cheklangan. Millionlab afg'onlar tirikchilikdan va daromaddan ayrilgan.

Mujohidning aytishicha, qizlar yangi tartib asosida o'qiy boshlaydi va jamiyatda normalar o'zgaradi.

Kobul ko'chalarida, oktabr, 2021
Kobul ko'chalarida, oktabr, 2021

Tolibon, ko'plab afg'onlar nazarida ultrakonservativ ruhda qadam tashlamoqda va bugun Afg'oniston o'ta repressiv muhitda kun kechirmoqda.

"Odamlarni ezish o'rniga bu hukumat qashshoqlikka qarshi chora ko'rsa bo'lmaydimi? Xalqqa non kerak, ish kerak", - deydi Tariq Farhodiy, sobiq rasmiy.

2021-yilning yozida Afg'onistondan qo'shinlarini olib chiqib ketgan AQSh va umuman xalqaro hamjamiyat Tolibon boshqaruvini tan olmagan va mamlakatga moliyaviy yordamni kesgan. Insonparvarlik ko'magi ham qisqargan.

Aloqani tiklashning asosiy sharti - Tolibon inson huquqlarini hurmat qilishi kerak, ayniqsa xotin-qizlarning erkinligini cheklamasligi zarur va harakat terrorchilar bilan har qanday rishtani uzgan bo'lishi lozim.

BMT ogohlantiirishicha, Afg'onistonda ocharchilik boshlangan. Aholining yarmidan ko'pi kun ko'rishga qiynalmoqda va bir milionga yaqin bola o'lim bilan yuzma-yuz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG