Breaking News

Miraziz Bozorovga uch yillik uy qamog’i jazosi tayinlandi


Miraziz Bozorov

Jinsiy ozchilik huquqlari himoyachisi sifatida tanilgan bloger Miraziz Bozorov uch yilga ozodlikdan cheklash bilan jazolangan. Poytaxtda o’tgan mahkamada Bozorov ijtimoiy tarmoqlar orqali tuhmat, haqorat qilishda aybdor deb topilgan.

Ozodlikdan cheklash jazosi uy qamog’i shaklida, huquq-tartibot idoralari nazoratida o’talishi belgilangan. Jazo muddatini o’tashda qo’yilgan talablar qatorida internet, aloqa vositalaridan foydalanmaslik, muayyan shaxslar bilan aloqa qilmaslik kabi shartlar ham bor.

Bozorovning advokati Sergey Mayorovning matbuotdagi chiqishiga ko’ra, sud qarori adolatsiz, bir yoqlama tarzda chiqarilgan. Hukm ustidan shikoyat kiritish haqida o’ylab ko’riladi.

O’tgan yil poytaxt markazida kaltaklab ketilishidan buyon uy qamog’ida qolayotgan Bozorov ustidan mamlakatdagi bir necha taniqli blogerlar, shuningdek, maktab o’qituvchilari shikoyat arizasi bilan murojaat qilishgan.

Tuhmat va haqoratga Miraziz Bozorovning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari, xususan, maktabdagi ta’lim, besoqolbozlar huquqlariga doir fikrlari asos qilib olingan.

Bozorov mamlakatdagi jinsiy ozchilik, xususan geylar huquqini himoya qilib keladi. U besoqolbozlikning jinoyat sifatida belgilanishini bekor qilishga chaqirib kelayotgan kam sonli faollardan biri edi.

O’zbekistondagi amaldagi qonunchilikka ko’ra, besoqolbozlik jinoyat hisoblanadi, jinoyat kodeksida buning uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Bozorovning bu boradagi chiqishlari jamoatchilikda, ayniqsa dindor qatlam tomonidan jiddiy munozara qo’zg’ashi, munozaralar hatto bir guruh yoshlarning poytaxt markazida norozilik uyushtirishi bilan ham kuzatilgan edi.

O’tgan yilning mart oyida yuz bergan bu norozilikda asosan dindor qatlam vakillari qatnashgan, bloger va uning tarafdorlarini jazolash talablari yangragan edi.

Bir necha kun o’tib Miraziz Bozorov o’z uyi yo’lagida shafqatsiz kaltaklab ketildi. Zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan blogerning kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv boshlandi, ammo bir muddat o’tib uning o’zi ham tuhmat va haqoratda ayblanayotgani, uy qamog’iga olingani ma’lum bo’ldi.

Bozorovning kaltaklanishi yuzasidan tergov ishining taqdiri noma’lum, ammo tuhmat va haqorat bo’yicha ochilgan jinoiy ish u uch yil muddatga ozodlikdan cheklanishi bilan nihoyasiga yetdi.

Miraziz Bozorov ustidan poytaxtda o’tgan mahkamaga jurnalistlar kiritilmagan, ammo huquq himoyachilari, xorij elchixonalaridan vakillar qatnashishiga to’sqinlik qilinmagan.

Miraziz Bozorovning 2021-yilda kaltaklanishi yuzasidan tergov ishining taqdiri noma’lum
Miraziz Bozorovning 2021-yilda kaltaklanishi yuzasidan tergov ishining taqdiri noma’lum

Jinsiy ozchilik himoyasi bilan tanilgan Bozorovning ishi xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan mamlakatdagi bu boradagi vaziyat o’ta ayanchli baholanishi bilan ham diqqatni tortgan.

Huquq faollariga ko’ra, masala nafaqat jamiyatdagi toqatsiz kayfiyatda, balki qonunchilik doirasida besoqolbozlikning hamon jinoyat sifatida taqdim etilayotgani, huquq-tartibot idoralariga jinsiy ozchilik vakillarini aniqlash va jazolashga doir berilgan vakolatlar bilan bog’liq.

Mahkamada shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan blogerlarning huquq-tartibot idoralari bilan aloqadorligiga doir da’volar ham ko’rib chiqilgan.

Poytaxt markazida Bozorovga qarshi o’tgan norozilik ortidan Ichki ishlar vazirligi jamoatchilikka bloger fitnada, axloqsizlikda, milliy qadriyatlarni kamsitishda ayblangan maxsus videolavhani taqdim etgan edi.

Miraziz Bozorov ustidan 21-yanvar kuni chiqarilgan hukmning barcha tafsilotlari hozircha noma’lum. Advokat Sergey Mayorovning ta’kidlashicha, mahkama qarori qo’lga olinishi bilan tafsilotlar aniqlashadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG