Breaking News

Shimoliy Koreya tahdidiga qarshi Vashington-Seul harbiy hamkorligi kuchaymoqda


AQShning "USS Abraham Lincoln" avianosetsi Yapon dengizida harbiy mashg'ulotlarda qatnashmoqda, 2022-yil, 12-aprel.
AQShning "USS Abraham Lincoln" avianosetsi Yapon dengizida harbiy mashg'ulotlarda qatnashmoqda, 2022-yil, 12-aprel.

AQShning qiruvchi samolyotlar tashuvchi avianosetsi 2017-yildan beri birinchi marta Janubiy Koreya qirg‘oqlariga yaqinlashdi. Bu Shimoliy Koreyaning yaqinda o‘tkazgan uzoq masofali raketa sinoviga AQSh harbiy kuchlarining namoyishkorona javobi ekani aytilmoqda.

“USS Abraham Linkoln” aviatashuvchi kemasi Janubiy Koreya janubi-sharqidagi Ulsan shahri sharqiga yetib keldi va u yerda 3-5 kun qolishi mumkin, deb xabar berdi seshanba kuni “Yonhap” axborot agentligi.

“Reuters” axborot agentligi nomi oshkor etilmagan AQSh rasmiysiga tayanib yozishicha, aviatashuvchining zarba berish guruhi Yapon dengizi deb ham ataladigan Sharqiy dengizga kirib, Yaponiya kuchlari bilan mashg‘ulotlar o’tkazmoqda.

BJanubiy Koreya harbiy vakili AQSh tashuvchisi Janubiy Koreya yaqinidagi xalqaro suvlarda bo‘lganidan xabardor ekanligini aytgan, ammo AQSh harbiy kemasi haqida qo‘shimcha izoh bera olmasligini bildirgan.

Yanvar oyida Shimoliy Koreya rekord daraja ko’p raketa sinovlarini amalga oshirdi. O'tgan oy u 2017-yildan beri birinchi marta qit'alararo ballistik raketani ham sinovdan o'tkazdi.

AQSh rasmiylari Shimoliy Koreya yaqin orada yana bir raketa uchirishi, hatto yadroviy sinov o‘tkazishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bu shu hafta Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen tavalludini nishonlashi munosabati bilan yuz berishi mumkin.

Tez orada Qo'shma Shtatlar va Janubiy Koreya o'zlarining muntazam bahorgi qo'shma harbiy mashg'ulotlarini boshlashi kutilar ekan, vaziyat yanada keskinlashishi mumkin.

2018-yildan beri Shimoliy Koreya bilan diplomatiya imkoniyatlarini saqlab qolish uchun qoʻshma mashgʻulotlar to’xtatilgan yoki kamaytirilgan edi.

Ammo Shimoliy Koreya kattaroq qurollarni sinovdan o'tkazishda davom etar ekan, Qo'shma Shtatlar va Janubiy Koreya ham harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirishi kutilyapti.

O'tgan oy AQSh Janubiy Koreyada havo mudofaasi mashqlarini o’tkazdi. Koreyaning g'arbiy sohillari yaqinidagi Sariq dengizda avianosets mashg’ulotlarda ishtirok etdi.

Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani uchirishi ortidan Janubiy Koreya ham o'zining beshta raketasini sinovdan o'tkazdi.

Alyans rejalari haqida ma'lumotga ega bo'lgan AQSh manbasiga ko'ra, bo‘lajak mashg‘ulotlarga strategik bombardimonchi samolyotlar, beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari va aviatashuvchi hujumchilar guruhi jalb qilinishi mumkin.

Janubiy Koreyaning kelasi oy faoliyatini boshlovchi yangi saylangan prezidenti Yun Suk Yol AQSh bilan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar qayta tiklanishi tarafdori.

Shimoliy Koreya bu mashqlarni muntazam ravishda AQSh va Janubiy Koreyani qoralash vositasi sifatida ko’radi. Tahlilchilarga ko’ra, AQSh bilan o’tkaziladigan bu mashg'ulotlar Shimoliy Koreyaga o'zi rejalashtirgan yirik qurol sinovlarini asoslash uchun bahona bo'lishi mumkin.

"Shimoliy Koreya o'tgan yildan beri o'z qurollarini sinovdan o'tkazish va ishlab chiqarishni qayta boshlash yo'lida izchil harakat qilmoqda", - deydi Seuldagi Asan siyosatshunoslik instituti tadqiqotchisi Jeyms Kim.

Shimoliy Koreya o'tgan yili Kim Chen In tomonidan taqdim etilgan strategik qurollar ro'yxatini takomillashtirish ustida ishlamoqda. Ro‘yxatga taktik yadro qurollari, gipertovushli raketalar va 15 ming kilometr masofani bosib o‘ta oladigan qit’alararo ballistik raketalar kiritilgan.

Ayni paytda Shimoliy Koreya AQSh rasmiylarining yadroviy muzokaralarni qayta boshlash taklifini rad etgan. Kim va AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi muzokaralar 2019-yilda Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini to’xtatish evaziga sanksiyalarni yumshatish boʻyicha kelishmovchiliklar tufayli to’xtab qolgan edi.

Shimoliy Koreya va Venesuela bo'yicha AQSh siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:43 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG