Breaking News

Koloradodagi o’zbekistonlik dizayner: Ijodning chegarasi yo’q


Amerikaning Kolorado shtatidagi dizayn studiya rahbari Radmila Husnetdinova aslida Qarshi shahridan. Yoshligi O’zbekistonda o’tgan, o’sha yerda maktab va universitetni tamomlagan.

Koloradoga 13 yil oldin, turmush o’rto’g’imni AQShga ishga taklif qilishganidan keyin ko’chib kelganmiz, deydi u. Ikki yosh farzand bilan, tilsiz, yangi mamlakatda madaniy shokdan o’tishga to’g’ri keldi.

Radmila jamoat kollejida ingliz tili kurslariga qatnadi. O’qib, haydovchilik guvohnomasini qo’lga kiritdi. Do’konlarga mashinada o’zim mustaqil bora olishim yangi imkoniyatlar ochdi, deydi u.

“Buvim va xolam tikuvchi edi. Ularning ishini ko’rib, oilamizda ijodiy muhitda katta bo’lganman. Mahorati menga ham o’tgan ko’rinadi. Tikuvchilikning sutaj usuliga juda qiziqaman. Bu o’ziga xos san’at. Rangli tola va marjonlar bilan chiroyli, noyob bezaklar yaratish mumkin. Menga yoqqan tomoni – ijodning chegarasi yo’q. Ranglarni, aksessuarlarni aralashtirib, sumka, kamar, to’g’nag’ich, zargarlik buyumlari yaratsa bo’ladi”, - deydi Husnetdinova.

Qashqadaryodan Koloradoga: Taqinchoq ustasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:12 0:00

Sutaj texnikasini o’rganish boshida shunchalik xobbi edi.

“Qiziqishni boshlaganimda, 2009-yillarda hali master-klasslar, buni o’rgatuvchi “YouTube” videolar yo’q edi. O’zbekistonni sog’inardim, AQShda hech kimni tanimasdim. Tikish, bir narsa yasash men uchun shunchaki ovunchoq edi. 2015-yilga borib o’ylanib qoldim: qo’limda shuncha tayyor mahsulot, taqinchoqlar, bularni dunyoga ko’rsatish kerak, boshqalar bilan bo’lishish kerak.

Yangi do’stlarim studiya ochishni, buyurtma asosida ishlashni taklif qilishdi. Lekin men uchun doim oilam birinchi o’rinda bo’lgan. Farzandlarim bog’chaga, maktabga borganidan keyin ijod uchun ko’proq vaqt topdim. Ilk buyurtmalarni o’shanda ola boshlaganman va xobbi xususiy biznesga aylandi.

Yildan yilga yangi g’oyalar paydo bo’la boshladi. Bu san’atni boshqalarga ham o’rgatsamchi, deb o’ylanib qoldim. Shu tariqa to’garak-darslarni ham yo’lga qo’ydik”.

Yillar davomida Radmila va uning shogirdlari ko’plab zargarlik buyumlari yaratishgan. Avvaliga o’qituvchilikni uddalay olamanmi deb o’ylagan bo’lsa, hozirda dizayner biznesning bu jabhasini ham muvaffaqiyatli olib bormoqda. O’quvchilarini juda yaxshi ko’radi.

“6-7 yoshimdan beri darsga qatnayman, ko’plab loyihalar qilganmiz. Tikish, otkritkalar yaratish… o’tgan yili birgalikda soat yasadik. O’qituvchimiz mehribon. Yaxshi tushuntiradi, ko’rsatadi”, - deydi Nova Kuznetsova.

“Bir necha yil oldin bu to’garakka kelishni boshladim. Onam tikishni o’rganishimni xohlagandi. Bir-ikki yil oldin mashinkada tikishni ham o’rganib oldim. Biroz qiyin, lekin harakat qilayapman. Mana hozir yubkalar tikayapman”, - deydi Tatyana Gross.

“O’zimni hech qachon o’qituvchi rolida ko’rmaganman. Lekin ota-onalar qo’yishmadi, “bolalarimizga tikishni o’rgat, hunaring bilan bo’lishgin, mashinkadan foydalanishni o’rganishsa ajoyib bo’ladi”, deb qistayverishdi. Aslida bu ko’nikmalarni hammamiz maktabda o’rganganmiz, mehnat darslarida. Xullas, to’garak shunday boshlangan”, - deya eslaydi Radmila.

Dastlab 12-13 yoshli bolalarni qabul qildi, so’ngra kichkintoylar ham to’garakka yozildi. Ular darsda chevarlik, rasm chizish va mashinkada tikishni o’rganadi.

“Lekin qo’lda tikishni o’rganishdan boshlaymiz, chunki kichkintoylarning barmoqlari rivojlansa, bir paytning o’zida miya rivojlanadi. Bu ayniqsa 6-7 yoshli bolalar uchun juda muhim”, - deydi art-studiya sohibi.

“Bu to’garakka qatnayotganimga ancha bo’ldi. Yangi narsalar yaratishni, so’ng ulardan foydalanishni juda yaxshi ko’raman”, - deydi o’quvchilardan biri Metyu Kechka.

Oddiy narsalar yasashdan boshlagan o’smirlar keyinchalik darsda bichish-tikishni, mato bilan ishlashni ham o’rganib oladi. Ayrimlari kelajakda dizayner bo’lmoqchi.

Radmila Husnetdinova dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan tabiiy toshlar, “Swarowski” kristallari va sifatli lentalardan foydalanib, eksklyuziv bezak va taqinchoqlar yaratishga ham vaqt ajratadi.

“Koloradoda har yili to’rt marta toshlar yarmarkasi o’tkaziladi. Butun dunyodan tabiiy toshlar savdoga qo’yiladi. Borib, o’zimga kerakli mahsulotlarni tanlab olaman. Maxsus tadbirlar uchun bezaklar yasash menga juda yoqadi”, - deydi Radmila.

U hunarmandchilik yo’nalishida tanlov va ko’rgazmalarda ham qatnashadi.

“Faberje tuxumini yaratishga ancha vaqt sarflaganman, uni qisqa muddatda bitirish kerak edi. Ishning o’ziga 54 soat vaqt ketdi, izlanishlarga esa bir necha kun, - deydi suhbatdosh. - Bitta zirak tikib tayyorlashga taxminan 4-5 soat ketadi. Ish bir necha bosqichdan iborat. Avvalo g’oyani qog’ozga tushirasiz. Masalan, mana bu libosni olaylik. O’zbek ikatlarini juda yaxshi ko’raman. Hozir bu libosga dekorativ ilgak tikayapman, bir qismi tayyor…”

“Koloradoda yashash menga juda yoqadi, chunki bu yer ham O’zbekiston kabi serquyosh, issiq, hamma bir-biriga do’stona munosabatda.

Biznes ochish g’oyasi paydo bo’lganida, birinchi navbatda, bu o’zi qanday qilinadi degan savol paydo bo’lgan, ayniqsa boshqa davlatda. Bu haqda umuman hech narsa bilmasdim. Bundan tashqari, mening faoliyatim boshqa bizneslardan farq qiladi”.

Tadbirkor internetda izlanib va master-klasslarga borib, jarayonni o’rgandi.

“Xususiy biznes egasi bo’lmoqchi ekansiz, shtatga 25 dollar to’lab, kompaniyangizni ro’yxatdan o’tkazasiz. AQShda biznesini ishga tushirmoqchi bo’lganlar, muhimi qo’rqmasin. Istak bo’lsa, ishini sevsa va sidqidildan bajarsa, biznesni boshlasa bo’ladi. Boshida mijoz topish, savdo va reklama bilan qiyinchiliklar bo’lishi tayin, lekin bularni yengib o’tsa bo’ladi”, - deydi o’zbekistonlik dizayner.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG