Breaking News

Ukraina-Rossiya: “Vagner” o’zbeklar va qirg’izlarni yollayaptimi?


Ukraina tarafida jang qilayotgan xorijiy ko'ngillilar
Ukraina tarafida jang qilayotgan xorijiy ko'ngillilar

Besh oydan oshgan Ukrainadagi urushning so’nggi haftasi Donbassdagi janglarda O’zbekiston bayrog’i ko’rinish bergani, “Vagner” guruhi O’zbekiston va Qirg’iziston fuqarolarini urushga yollashga harakat qilayotganiga doir ma’lumotlar, Shavkat Mirziyoyev Rossiya ordeni bilan taqdirlanishi, Qosim-Jo’mart To’qayev va Volodimir Zelenskiy o’rtasidagi muloqotlar bilan kuzatildi.

Ukrainadagi urushga doir ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan xabarlar va video lavhalardan kelib chiqilsa, haqiqatan Rossiya armiyasi safida o’zbeklar, o’zbekistonliklar jang qilayotgani haqidagi xulosaga kelish mumkin.

“RIA Novosti” tamg’asi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video Rossiya qo’shinlari Lisichansk shahrini ishg’ol qilishi davomida olingan. Unda tanklarning biri O’zbekiston bayrog’i ostida harakatlanayotganini ko’rish mumkin.

Ukraina urushida O’zbekiston bayrog’i ko'rindi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:22 0:00

Buni Ukraina urushida betaraflik e’lon qilgan O’zbekiston hukumatiga aloqasi yo’q, urushga yollangan fuqaroning shaxsiy qarori bilan izohlash mumkin.

Ammo bu holat yaqinda matbuotda e’lon qilingan Rossiyaga qarashli “Vagner” harbiy guruhi Qirg’iziston va O’zbekiston fuqarolarini urushga yollash uchun targ’ibot olib borayotgani haqidagi xabarlarning asossiz emasligi, bu targ’ibot o’z samarasini berayotganidan darak beradi.

Qirg’izistondagi “MediaHub” nashri jurnalistlari o’z surishtiruvlari natijasida ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaga ishga taklif yorlig’i bilan berilayotgan e’lonlar ortida “Vagner” xususiy kompaniyasi turgani, ishga yollanayotganlarga Ukrainadagi urushga jalb qilish ochiq aytilayotgani, moliyaviy manfaatdorlikdan tashqari yarim yil ichida Rossiya fuqaroligi berilishi va’da qilinayotgani haqida xulosaga kelishgan.

“Ozodlik” radiosi jurnalisti Umid Bobomatov Rossiyadagi, xususan, bu yerdagi millionlab mehnat muhojirlari bilan bog’liq vaziyat bilan yaxshi tanish. U mehnat muhojirlarining Ukrainadagi urushga tortilishi ehtimolini ham o’rgangan.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo fuqarolari nafaqat Rossiya, balki Ukraina tomonida ham jang qilishmoqda. Asosiy omil mintaqaliklarning aksariyati Rossiya fuqarosi ekanligi, shuningdek, moddiy manfaatlar bilan bog’liq.

Frontdagi vaziyatga kelsak, Dnepr daryosi Xerson uchun jang taqdirini hal qilishi mumkin, ya’ni Ukraina foydasiga. Xaritaga qaralsa, Rossiya egallagan hududlarning asosiy qismi Donbassda, Dneprning chap sohilida joylashgan. Xerson viloyati Rossiya armiyasi tomonidan ishg’ol qilingan o’ng sohildagi yagona hudud.

O’tgan hafta Prezident Volodimir Zelenskiy ishg’ol qilingan janubiy hududlarni ozod qilish uchun qarshi hujum rejasini e’lon qilgan edi. Asosiy e’tibor Dneprning ikki sohilida joylashgan Rossiya harbiylarining o’zaro aloqasini uzish, ta’minot yo’llarini qirqishga qaratilmoqda.

Bu yo’llar esa unchalik ko’p emas - daryo ustida qurilgan ikkita asosiy ko’prik. Ayni paytda har ikkisi o’qqa tutilmoqda. Agar bu ko’priklar vayron qilinsa, ukrain armiyasi Xersonni ozod qilish uchun yirik hujumlar boshlashini kutish mumkin.

Ta’kidlash kerak, Ukraina armiyasining bu siljishi AQSh tomonidan taqdim qilingan HIMARS raketa tizimlari samarasiga bevosita bog’liq. Bu tizim Ukraina armiyasida paydo bo’lishi ortidan Rossiyaning bir necha harbiy omborlari, istehkom markazlari yo’q qilindi, zaxiradan quruq ayrilgan rus armiyasining hujumi sekinlashdi.

Buni yakunlangan hafta natijalari ham ko’rsatmoqda. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning butun front bo’ylab hujumlarni kuchaytirish haqidagi buyrug’idan bir haftadan ko’proq vaqt o’tib ham front chizig’ida deyarli siljish kuzatilmadi.

Ukraina urushi doxil siyosiy voqeliklar Markaziy Osiyoda ham aks etmoqda. Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev urush boshlanganidan buyon Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muloqot o’tkazgan mintaqadagi dastlabki prezident bo’ldi.

Tomonlar diplomatik aloqalarning 30 yilligi munosabati bilan suhbatlashgani ta’kidlanadi. To’qayev suhbatda ziddiyatni diplomatik yo’llar bilan yechishga chaqirgan.

Avvalroq u Qozog’iston Donetsk va Lugansk viloyatlari mustaqilligini tan olmasligini bildirgan, Vladimir Putin taklif qilgan Aleksandr Nevskiy ordenini rad etgan edi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Vladimir Putin O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ham shu orden bilan taqdirlagan. Mirziyoyev uni rad etmagan.

O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, Mirziyoyev va Putin o’rtasidagi muloqotda shu haqda gap borgan. Mirziyoyev ittfoqchilik aloqalariga berilgan yuksak baho uchun Putinga minnatdorchilik bildirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG