Breaking News

Ukraina-Rossiya: O’zbekistonlik o’limi, hibsxonaga hujum va tekshiruv


Hujumga uchragan hibsxona, Donetsk
Hujumga uchragan hibsxona, Donetsk

O’zbekistonliklar ham Ukrainadagi urush talafotlaridan chetda emas. Bu hafta rus armiyasi zarbalari ostida andijonlik yigit Sardor Hakimov halok bo’ldi.

Ukrainaning Chuguev shahrida xayriya yordamlarini tashkillashtirib kelgan Sardorning o’limi nafaqat yaqinlari, balki mahalliy aholini ham larzaga solgan.

Sardor boshlagan xayriyani uning akasi, raketa zarbalari ostidan omon chiqqan Mansur Hakimov davom ettirmoqda.

Ukrainada o’lgan Sardor Hakimovning xayriya ishi davom etadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:49 0:00

Ko’pchilikni larzaga solgan yana bir voqea Rossiya nazoratidagi Donetskda joylashgan qamoqxonaga qilingan xuruj bo’ldi. 50 dan ziyod harbiy asirlar halok bo’lgan.

Ularning hammasi Mariupol qamali paytida asirga tushgan “Azov” polki jangchilari bo’lgan. Ular kim tomonidan nishonga olingani esa bahsli, har ikki tomon bir-biriga nisbatan ayblov bilan chiqmoqda.

Ukraina tomonidan aytilayotgan talqinlarga ko’ra, Rossiya armiyasi “Azov” jangchilari saqlanayotgan hibsxonani qasddan portlatgan, bundan maqsad harbiy asirlarni o’ldirish va bunda Ukrainani ayblab chiqish bo’lgan.

Rossiya tomoni qamoqxonani Ukraina qurolli kuchlari HIMARS raketalari bilan o’qqa tutganini, bundan maqsad Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan harbiy asirlarni yo’qotish bo’lganini ta’kidlamoqda.

Qamoqxonaga uyushtirilgan bu hujum yuzasidan uchinchi tomonlar ham aniq fikrda emas. AQSh xuruj yuzasidan razvedka ma’lumotlari kamligi bois aniq fikrlar bildirishdan tiyildi.

BMT bu hujumni mustaqil tergov qilishga chaqirmoqda. Diqqatlisi, Rossiya tomoni BMT va Xalqaro Qizil Xoch vakillari ishtirokidagi mustaqil surishtiruvga qarshi emas.

Xullas, o’nlab harbiy asir ukrainaliklar qurbon bo’lgan bu hujum yuzasidan xalqaro miqyosdagi tergov boshlanishi mumkin.

Urush tinch aholiga qiron keltirmoqda, halok bo‘layotganlar orasida o’zbekistonliklar ham ko’paymoqda. Avvalroq “Amerika Ovozi” Ukraina urushida bedarak ketgan, o’qqa tutilgani ehtimol qilingan to’qqiz nafar surxondaryolik yigitlar haqida xabar bergan edi.

Bu hafta Ukrainada yashayotgan yana bir o’zbekistonlik, 36 yashar Sardor Hakimov Chuguyev shahri o’qqa tutilishi natijasida halok bo’ldi. Uning akasi Mansur Hakimov raketalar zarbasi vayronalari ostidan omon chiqdi.

Mahalliy aholiga, aynan nochor qatlam, keksalar, kasallarga bepul oziq-ovqat tarqatish bilan shug’ullanib kelgan Sardor taniqli faollardan bo’lgan. Chuguyev shahri ko’chalaridan biriga Sardor Hakimov nomi berilishiga oid tashabbuslar ham mavjud.

Bu fojianing diqqatli nuqtalardan biri shundaki, Chuguyev raketalardan o’qqa tutilgan paytda aka-uka Mansur va Sardor Hakimovlar bitta binoda bo’lishgan.

Sardor Hakimov halok bo’lgan, uning akasi Mansur Hakimov madaniyat saroyi vayronalaridan olib chiqilgan. Mansur Hakimov urush tahdidiga qaramasdan ukasi boshlagan xayriya, saxovat ishlarini davom ettirmoqda.

Uning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, imkonsiz qolayotgan aholi yordamga muhtoj ekan, ukasidan qolgan saxovat ishi davom etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG