Breaking News

AQShda jurnalistlar nishonga olingan kun, besh yil oldin


“Capital Gazette” nashridagi otishmaning besh yilligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Bundan besh yil oldin Merilend shtatida gazeta idorasiga bir shaxs bostirib kirib, besh jurnalistni otib o’ldirgan edi. Voqea Annapolis shahridagi “Capital Gazette” tahririyatida ro’y bergan. Pol Gillespi o’sha mudhish voqeani eslaydi.

“Kompyuterimda o’tirgandim. Miltiq otilgan tovush keldi. Bir odam old eshikka qarab o’q uzgan ekan”, - deydi fotomuxbir.

G’ala-g’ovur boshlanib, politsiya va tez yordam xodimlari binoga kelar ekan, jurnalistlar bir hamkasbining yuk mashinasi orqasiga yig’ilib, yoza boshlaydi.

Otishmani sodir etgan shaxs Jerrod Ramos u haqda yozilgan maqoladan norozi bo’lib, gazetani sudga bergan, ammo yutqazgan. Jyuri uning nosog’lom ekani haqidagi da’voni rad etib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etgan.

“O’zimni yomon his qilgan kunlarim xuddi o’sha kuni ro’y berishi kerak bo’lgan narsa menga yetib olayotgandek tuyuladi”, - deydi Gillespi.

Kolumbiya universiteti qoshidagi Dart jurnalistika markaziga ko’ra, muxbirlarning 80 foizi ishi sabab travmatik hodisalarni boshdan kechirgan. “US Freedom Tracker” veyb-sayti mediaga qarshi yuzlab hujum va tahdidlarni qayd etib boradi.

Besh yil oldingi otishma Gillespining shaxsiy hayoti va karyerasida o’zgarishlar yasadi.

“Tadbirlarga borishga haligacha xavotirlanaman. Otishmalardan keyin o’tkaziladigan xotira marosimlariga meni jo’natishdan oldin tahririyatimiz ikkilanib turadi. Chunki qurolli zo’ravonlik haqida gap ketganda, bu yerda har doim bizning idoraga hujumni tilga olishadi”, - deydi fotograf.

Uning sobiq hamkasbi Rachel Pachella ham o’sha kuni omon qolgan. U mahalliy maktablar va ta’lim bilan bog’liq mavzularni yoritar edi.

“Ishimni juda yaxshi ko’rardim”, - deydi u.

Otishma kuni Pachella redaksiya xonasida bo’lgan. “Capital Gazette” nashridan u yaqinda ishdan ketdi, kommunikatsiya sohasida boshqa imkoniyatlarni izlamoqda. AQShda jurnalistlar xavfsizligi meni o’ylantirib qo’ydi, deydi Pachella.

“Masofadan ishlash odat tusiga kirgani sababli markaziy bir nishon endi yo’qdir, lekin jurnalist o’z uyida boshqalarning yordamisiz yoki resurslarsiz o’zini qanday himoya qiladi, shu haqda o’ylayman”, - deydi Pachella.

Annapolis shahridagi yodgorlikda halok bo’lgan besh kishining ismlari bitilgan: Jerald Fishman, Rob Hayzen, Jon Maknamara, Rebekka Smit va Vendi Vinters.

Gillespi hamkasblarini ko’rgazma orqali sharaflamoqda.

“Loyihamning ajoyib tomoni shundaki, bu suratlarni yaratish jarayonida bu odamlarning har biri bilan studiyamda soatlab gaplashganman, xuddi terapiya seansi kabi”, - deydi u.

U 2018-yilda “Capital Gazette” nashrida ishlagan jamoa orasida oxirgi fotomuxbir. Mahalliy jurnalistikaga sodiqligini aytadi.

“Biz xalq dushmani emasmiz. Qo’shningiz, o’g’illaringiz, qizlaringiz va ota-onangizmiz”, - deydi Gillespi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG