Breaking News

Tadqiqotchining shaxsiyati, qarashlari ilmiy faoliyatda muhim omillar


Jorj Vashington universiteti virtual forumi qatnashchilari deydiki, ayniqsa ayol tadqiqotchilar ko'p to'siqlarga uchraydi, jumladan Markaziy Osiyoda jinsiy bosim kuchli
Jorj Vashington universiteti virtual forumi qatnashchilari deydiki, ayniqsa ayol tadqiqotchilar ko'p to'siqlarga uchraydi, jumladan Markaziy Osiyoda jinsiy bosim kuchli

Izlanuvchining qayerdan ekani, jinsi, tushunchalari, atrofidagi muhit, xavfsizligi va nufuzi uning har bir qadamini belgilashda chuqur ahamiyatga ega, deydi Jorj Vashington universiteti virtual forumida so'zlagan mutaxassislar.

Markaziy Osiyodan chiqqan tadqiqotchilar, shuningdek, ularning g'arblik hamkasblari bu hafta davra suhbati o'tkazib, shaxsiyatning ilmiy ishlarga ta'sirini muhokama qildi.

Universal akademik tamoyillar quyidagi tartib-jarayonni talab qiladi: gipoteza, uni isbotlash va tadqiq etish uchun asoslar izlash, ularning muhokamasi va xulosa.

Markaziy Osiyoda yoki dunyoning boshqa biror qismida tadqiqotchi o'zini ulardan olib qocholmaydi. Mintaqani o'rganayotgan xorijliklar ham shu tizimga rioya qiladi.

Lekin bu universallik izlanuvchining shaxsiyatini chetlab o'ta olmaydi. Ya'ni, tadqiqotchining qanday muhitdan chiqqani, qayerda bilim olgani, tahliliy-tanqidiy fikrlash darajasi - o'ta muhim omillar. Olimlarning tan olishicha, bu faktorlar ularning ilmiy ishlari qanday bo'lishi va xulosalarga shubhasiz ta'sir qiladi.

Ayjan Sharshenova vatani Qirg'izistonda "Crossroads Central Asia" ilmiy markazini boshqaradi. Britaniyada o'qib, malaka oshirgan mutaxassis Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya va mintaqaviy masalalarni o'rgangan, qator maqolalari xalqaro nashrlarda chiqqan. Sharshenova BMTda ham ishlagan.

Qirg'izistonlik Ayjan Sharshenova Jorj Vashington universitetining onlayn forumida so'zlamoqda, 12-dekabr, 2023
Qirg'izistonlik Ayjan Sharshenova Jorj Vashington universitetining onlayn forumida so'zlamoqda, 12-dekabr, 2023

"Qayerdan ekanimiz, kimligimiz, atrofimizdagi muhit, xavfsizligimiz, nufuzimiz - bular har bir qadamimizni belgilashda ahamiyat kasb etadi", - deydi u, Jorj Vashington universitetining onlayn forumida so'zlar ekan.

"Qirg'izistonda ham hozir olimlar tazyiq ostida, ularni jinoiy javobgarlikka tutish hollari kuzatiladi".

Sharshenova uning mamlakatida oldin qo'shni davlatlarga qaraganda ozroq bo'lsa-da, akademik erkinlik hukm surganini aytadi.

"Men siyosiyatshunosman. Bu yo'nalishdagilar hukumatni tanqid qilishi, amaldagi siyosatni savolga tutishi tayin. Shu bois ular ko'proq nishonda, bosim ostida", - deydi olima.

Ayrim hollarda "jazo" yengil - universitetingiz sizga hayfsan beradi yoki sizni ogohlantirishadi. Boshqa hollarda esa keskin - sizni hibsga olishlari mumkin, masalan, mediada chiqqan tanqidiy sharhingiz uchun.

Jahon bo'ylab faoliyati sabab tazyiqqa uchragan tadqiqotchilarning ism-sharifi xatlab boriladi.

"Ayolligim, izlanishlarim uchun o'zim ham ehtiyot bo'lishga harakat qilaman. Yillar davomida o'z tajribamga tayanib, xavfsizlik choralari ko'rishga odatlanganman. Materiallarni faqat ingliz tilida chiqarish ham mintaqa olimlari uchun xavfsizroqdek tuyuladi. Xavfsizlik organlari ko'zidan uzoqroq bo'ladi deb o'ylashadi", - deydi Sharshenova.

Lekin siz mahalliy mutaxassis bo'lmasangiz ham faoliyatingizni cheklashlari, sizga taqiqlar joriy etishlari, siz gaplashayotgan odamlar va hamkorlaringizga bosimlar o'tkazishlari mumkin.

Qo'shni davlatlardagi hamkasblaridan eshitayotganiga asoslanib, Sharshenova olimlar uchun regionda vaziyat xavotirli, deya baholaydi.

Aleksa Kurmanov, Kaliforniya universitetida antropolog, Markaziy Osiyoda izlanishlar olib borgan
Aleksa Kurmanov, Kaliforniya universitetida antropolog, Markaziy Osiyoda izlanishlar olib borgan

Aleksa Kurmanov - Kalifnorniya universitetida antropolog. U Qirg'izistonda gender va irqchilik bilan bog'liq izlanishlar olib borgan.

"Ayollarning vujudi, ularning ko'rinishiga nisbatan munosabat ijtimoiy dinamikadagi kuchli to'lqinlardan biri", - deydi Kurmanov.

Zo'ravonlikka zo'ravonlik sifatida qarashda yoki biror muammoni tasvirlashda ham odamning qiyofasi, rangi va boshqa omillar hisobda. Kurmanov bu borada Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar orasida katta farq ko'rmaydi, ammo regionda irqchilikka irqchilik deb qaramaydiganlar ko'p, deya kuzatadi.

"Irqchilik faqat Amerikaga xos muammo emas, odamlarni kelib chiqishiga qarab ajratish har yerda bor", - deydi u.

Qora tanli olima deydiki, qayerda izlanmasin, irqi unga nisbatan munosabat qanday bo'lishini hal qiladi.

Bu achchiq haqiqatga qaramay, deydi Kurmanov, Markaziy Osiyoni tadqiq qilish maroqli. Mintaqa xavfli, degan ogohlantirishlarga u quloq tutmaydi.

"Olim borki, dunyo kezishi, insoniyat bilan muloqot qilishi kerak. Qora tanli ekaningiz uchun sizga boshqacha munosabatda bo'lishadi, qarashadi, ammo maqsadingiz nima ekanini tushunishganida siz bilan albatta ishlashadi, hamkorlik qilishadi", - deydi u.

Aziz Elmuradov, Germaniyadagi Bilefeld universitetida tadqiqotlar olib boradi
Aziz Elmuradov, Germaniyadagi Bilefeld universitetida tadqiqotlar olib boradi

Germaniyaning Bilefeld universitetida tadqiqotlar olib boradigan o'zbekistonlik Aziz Elmuradov fikricha, ilm izlagan inson, tabiiyki, shu paytgacha o'rganganlariga qarab harakat qiladi. U duch keladigan qiyinchiliklar uning qanday sharoitda yetishganiga bog'liq.

"Masalan, men biror narsaga ilm yoki ilmiy topilma deb qarash uchun qanday asoslarga ega bo'lishimiz kerakligi haqida ko'p o'ylanaman. Ijtimoiy-madaniy reallikni baholash uchun nima bilaman, nima bilmayman, boshqalar bu borada nima degan, nimani aniqlagan, nima hali kashf etilmagan degan savollar ostida ish olib boraman", - deydi Elmuradov.

Markaziy Osiyoda siyosiy va tarixiy jarayonlarni o'rganib, ilmiy maqolalar yozgan tadqiqotchi zarur bo'lganida shaxsiy fikrlarini chetga surib qo'yishni o'rgangan.

Manzaraga tashqaridan turib qarash, turli qirralarni ko'zdan kechirish, odamlarni tinglash, ularning kuzatuv va xulosalarini elakdan o'tkazish orqali yangi bilim jamlanadi, deydi Elmuradov.

Ijtimoiy masala deb ko'rsatilayotgan holat aslida ham ijtimoiymi? Mening bu argumentdagi pozitsiyam qanday? Mening pozitsiyam bo'lishi shartmi o'zi?

"Bu va bu kabi savollarga har doim ham javob bera olmayman", - deya e'tirof etadi Elmuradov.

Mavjumlik, noaniqlik - har qanday izlanuvchi uchun reallik, deydi mutaxassis. Undan ba'zida chiqib keta olasiz, ba'zi holatlarda esa bu sinov davomiy.

An'analar, e'tiqod va zamonaviylik mavzusida, masalan, tadqiqotchi allaqachon o'z shaxsiy tushunchalariga ega bo'ladi. Ilmiy yangilik qilish uchun siz imkon qadar xolis yondashishingizga to'g'ri keladi. Shu bilan birga sizning shu paytgacha shaxsan bilganlaringiz, boshdan kechirganlaringiz, guvoh bo'lganlaringiz masalani chuqurroq ko'rish, uning tubiga yetishda yordam beradi.

Ko'plab olimlar ta'kidlaydigan bu jihatlar, Elmuradov, Kurmanov va Sharshenova uchun begona emas.

Shveysariyalik tadqiqotchi Jasmin Dallanyola nazarida Markaziy Osiyoda xotin-qizlarga jinsiy bosim kuchli, jumladan ilm izlagan ayollarga
Shveysariyalik tadqiqotchi Jasmin Dallanyola nazarida Markaziy Osiyoda xotin-qizlarga jinsiy bosim kuchli, jumladan ilm izlagan ayollarga

Turli irq, elat, din va muhitlardan chiqqan mutaxassislar o'xshash mavzular yuzasidan izlanib, bir davraga to'planganida yondashuvlar u qadar farqli emas, chunki maqsadlar mushtarak, ya'ni muayyan holatning ilmiy ahamiyatini ochib berish.

Shveysariyalik tadqiqotchi Jasmin Dallanyola deydiki, butun Markaziy Osiyo bo'ylab xotin-qizlarga jinsiy bosim yuqori, xususan jamoat joylarida. Dallanyola erkaklarning ayollarga so'z otishlaridan tortib, internetda do'q-po'pisa qilishigacha bo'lgan holatlarni o'rgangan. Bunday tahdidlardan ilm ahli ham xoli emas.

"Ayol tadqiqotchi ham jinsiy tazyiqlarni yengib o'tishga majbur. Uning muvaffaqiyatlari ham haligacha jinsiy ko'rsatkichlarga qarab baholanadi. O'z izlanishlari uchun grant topishdan tortib, o'z ishini targ'ib qilish - hammasida jinsiy bosim bilan yuzlashadi", - deydi Dallanyola.

"Afsuski, olimalar va umuman, akademik maydonda bu masalalar deyarli e'tiborda emas, muhokama qilinmaydi".

Dallanyola deydiki, ayol tadqiqotchilar nafaqat ruhiy bosimga, balki jinsiy zo'ravonlikka ham uchraydi. Ko'plab mutaxassislar bunday azoblarni boshdan kechirgan, deydi u, o'z to'plagan ma'lumotlarga tayanib.

"O'zimni xavfdan asrash uchun jinsiy bosimga nisbatan bevosita javob bermaslikni, o'zimni tilni bilmagandek tutishni va tavakkal qilmaslikni odat qildim", - deydi Dallanyola.

U bu holatlar faqat Markaziy Osiyoga xos emasligiga urg'u berib, o'z vatani va umuman G'arbda ham shunday holatlarga uchrashini aytadi.

Izlanayotgan odam oldida to'siqlar hamisha talay, deydi Jorj Vashington universiteti virtual forumida so'zlagan mutaxassislar, biroq ulardan osha bilganlar ham ko'p, faqat bu borada ko'proq tajriba almashish kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG