Breaking News

Marko Rubio ilk xorijiy safarini Markaziy Amerikadan boshlaydi


Donald Trampning Panama kanalini qaytarib olish to’g’risidagi bayonotlari fonida, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio yanvar oxirida Panamaga va Karib dengizi mintaqasidagi boshqa davlatlarga safar qiladi.

“Qo’shnilarimiz bilan hamkorlik - migratsiya, ta’minot zanjirlari va iqtisodiy o’sish bilan bog’liq masalalarni hal qilishning muhim elementi”, - deydi departament so’zlovchisi Temmi Bryus.

Kubalik muhojirlar farzandi, Florida shtatidan chiqqan Rubio o’tgan hafta tashqi ishar vaziri lavozimiga tayinlandi. U Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi bo’lgan. Vazir Gvatemala, Dominikan Respublikasi, Kosta-Rika va Salvadorga ham tashrif buyuradi.

Bryusning qayd etishicha, “agar biz xavfsiz va farovon bo’lishni istasak, qo’shnilarimiz haqida qayg’urishimiz kerak, bu esa Janubiy va Markaziy Amerika davlatlaridir”.

Inauguratsiya nutqida Prezident Tramp global yuk tashishda asosiy yo’nalishlardan biri bo’lmish Panama kanalini qaytarib olishga umid bildirgan. Bu maqsadga erishish uchun u harbiy va iqtisodiy bosim qo’llashga tayyorligini aytib kelmoqda.

Panama, deya da’vo qiladi AQSh rahbari, ikki okeanni ulaydigan kanaldan AQSh kemalarining o’tishi uchun ko’p pul olmoqda.

Panama Prezidenti Xose Raul Mulino kanalning har bir kvadrat santimetri Panamaniki ekanini aytib, Trampning bayonotlarini inkor etgan.

Marko Rubioga ko’ra, AQSh tashqi siyosatidagi ustuvor yo’nalishlardan biri bu – hujjatsiz muhojirlarning ommaviy kirib kelishini to’xtatish.

“Davlat departamenti endi ommaviy migratsiyani osonlashtiradigan yoki rag’batlantiradigan ishlarga qo’l urmaydi", deyiladi uning bayonotida.

“Boshqa davlatlar bilan, xususan G’arbiy yarimshardagi diplomatik aloqalarimizda Amerika chegaralarini mustahkamlash, noqonuniy va beqarorlashtiruvchi migratsiyani to’xtatish hamda noqonuniy muhojirlarni o’z vataniga qaytarish bo’yicha muzokaralar olib borishga ustuvor ahamiyat qaratamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG