AQSh Prezidenti Donald Tramp BRIKS tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro savdoda dollarga muqobil valyuta joriy etishga harakat qilsa, blokka nisbatan yirik bojlar qo’llashga vaʼda berdi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan iqtisodchilar fikricha, xalqaro savdoda dollar o‘rnini bosa oladigan yagona zaxira valyutasini joriy etish tashabbusi Moskvadan chiqqan va bu g’oya hozircha istiqbolga ega emas.
AQShning 47-prezidenti o‘zining “TruthSocial” ijtimoiy tarmog‘ida vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib turganini, bunga yo’l qo’ymasligini bildirgan.
“Dushman kayfiyatidagi bu mamlakatlardan BRIKSning yangi valyutasini joriy etmaslik yoki qudratli AQSh dollari oʻrnini bosadigan boshqa valyutani qoʻllab-quvvatlamaslikni talab qilamiz”, – deb yozdi Tramp. Aks holda, BRIKS aʼzolariga 100 foizlik tarif qo’yiladi.
"BRIKSning xalqaro savdoda yoki boshqa joyda AQSh dollari o'rnini bosishiga hech qanday imkoniyati yo'q va bunga harakat qilgan har qanday davlat boj bilan yuzlashadi, Amerika bilan xayrlashadi!", – deydi Tramp.
BRIKS 2001-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy ishtirokidagi norasmiy guruh sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik tashkilotga Janubiy Afrika, Misr, Eron, BAA, Efiopiya va Indoneziya ham qo’shildi.
O‘tgan yillar davomida dollarga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan umumiy valyuta joriy etish mavzusi BRIKS sammitlarida tez-tez yangradi. Biroq shu kungacha biror natija bo’lmadi.
Garvard universiteti Devis markazi ilmiy xodimi Andrey Yakovlevning fikricha, Trampning bu tahdidlari birinchi navbatda Kremlga qaratilgan bo’lib, Rossiya rasmiylarining bu borada bildirgan izohlari buni tasdiqlaydi.
"Bu izohlarning asosiy mazmuni go’yoki “biz hech qachon bunday qilmaymiz va niyat ham qilmaganmiz” qabilida. Garchi ular shunday qilishdi va niyat ham qilishgan edi. BRIKSning Qozon sammitidagi munozaralarni eslang, Moskva shu g’oyani ilgari surishga uringandi. Ammo rivojlanayotgan mamlakatlardagi asosiy o'yinchilar bunga tayyor emasligi darhol ko’rindi. Natijada mavzuni ortiq muhokama qilishmadi", – deydi Yakovlev.
Qozondagi forum 2024-yil oktabr oyida bo‘lib o‘tdi. Tashkilot dunyoning bir qancha yirik iqtisodiyotlari o'rtasida hamkorlik o’rnatishni maqsad qiladi. Ba'zilari bu platformadan o’z manfaatlarini olg’a surish uchun foydalanishga harakat qilmoqda.
Jiddiy davlatlar bu “avantyura”da ishtirok etmaydi. Qolaversa, Xitoy ham yuanni jahon valyutasi sifatida e’lon qilishga shoshilmayapti.
Rossiya dollarga muqobil valyuta yaratish zarurligini aytishda davom etmoqda, deydi Andrey Yakovlev.
“Bu Rossiyaning ayrim doiralarida, jumladan, rossiyalik targ‘ibotchilar, kremlparast tahlilchilar va [Andrey] Kostin kabi bankirlar orasida tez-tez ko’tariladigan mavzu. Lekin masala shundaki, bu da'volar qanchalik haqiqatga yaqin?”, – degan savolni o’rtaga tashlaydi tahlilchi.
Uning fikricha, xalqaro savdoda dollarning usunligi abadiy davom etmaydi, lekin hozircha vaziyat o’zgarmaydi.
“Aslida yevro ham dollarga muqobil toʻlov vositasi va zaxira valyutasi sifatida tashkil etilgandi. Ammo yevro xalqaro muomalada kam qo’llanadi, – deydi iqtisodchi.
Yakovlev yuanga ham e’tibor qaratib, Pekin yuanda hisob-kitob qilish tizimi ustida ishlayotganini, buni, xususan, Rossiya bilan savdoda ko’rish mumkinligini aytadi.
“Lekin, hozircha u global miqyosda dollar o‘rnini bosuvchi vosita emas”, – deydi u.
Yuan bugungi kunda erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta emas, chunki uning kursi Xitoy Xalq banki tomonidan nazorat qilinadi va faqat ikki foizga o'zgarishi mumkin.
Dollarda ayirboshlashga asoslangan amaldagi global moliya tizimida muammolar bor, albatta.
“Shu bois bir qator davlatlar muqobil variant haqida o‘ylashmoqda. Lekin bunga kuchli iqtisodiyotga ega davlarlargina erishishi mumkin”, – deydi iqtisodchi.
Shu sabab ham Rossiyaning BRIKSdagi tashabbusi qo'llab-quvvatlanmadi, deydi Andrey Yakovlev.
“Chunki Xitoy, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlar yangi valyuta qanday ishlashini va foyda-xarajat balansi nuqtai nazaridan o’zini qanchalik oqlashini bilishmaydi. Ya'ni dollardan voz kechishning xarajatlari aniq ko’rinib turibdi, ammo foyda haqida aytib bo’lmaydi. Ammo bu, deylik, 10-15 yildan keyin muqobil to‘lov tizimi paydo bo‘lmaydi degani emas”.
Iqtisodchi Maksim Blantga ko’ra, dollarga muqobil yagona zaxira valyutasini yaratish g’oyasi hozircha real emas.
"Agar shunday g'oya mavjud bo'lsa, u ham Vladimir Putinning boshida, – deydi Blank. – BRIKSda Moskvadan boshqa hech qaysi mamlakat bunday muqobil variant yaratish g’oyasini ilgari surmadi. Rossiya Markaziy banki va Moliya vazirligi Qozonda BRIKSning yangi valyutasi haqida chiroyli taqdimotlar qildi. Ammo na Xitoy, na Hindiston, na boshqa bir davlat bu taklifni jiddiy o’ylab ko’rdi”.
Rossiya alohida davlatlar bilan o’zaro savdoda milliy valyutalardan foydalanishi mumkin.
“Ammo keyin bu qog’ozlarni nima qilish kerakligi haqida o’ylash kerak bo’ladi. Jiddiy davlatlar bu “avantyura”da ishtirok etmaydi. Qolaversa, Xitoy ham yuanni jahon valyutasi sifatida e’lon qilishga shoshilmayapti. Ular yuan mintaqaviy valyuta ekanligini doim aytib kelishadi. Shu paytgacha Pekin tomondan dollarga “tahdid” soluvchi biror bayonot bo’lmagan”, – deydi Blant.
Ekspert fikricha, Putin dollardan voz kechish g‘oyasini ilgari surayotganiga sabab - u xalqaro miqyosda beqarorlik kelib chiqishini istaydi.
“Donald Tramp yoki Si Zinpin nima deyishidan qatʼi nazar, Xitoy va Qoʻshma Shtatlar iqtisodiyoti bir-biriga chambarchas bogʻliq. Bunga ko'z yumib bo’lmaydi. Agar bu hamkorlik to’xtasa, global kataklizmlarni kutavering. Bu Putin uchun yaxshi. Axir atrofdagi hamma narsa o’t ichida qolganda, uning uyidagi muammolar unchalik ko’zga tashlanmaydi. “Hamma yomon vaziyatda, shu jumladan, biz ham” deydi. Ammo hamma yaxshi yashab turganda, lekin biz yomon yashasak, “nega shunday bo’ldi” degan savol tug’iladi”, – deydi Blant.
Putinning global moliyaviy tizimni beqarorlashtirishga urinishlari shundan, deya xulosa qiladi suhbatdosh.