Breaking News

Andijondagi xurujlar shov-shuv uyg'otmoqda, tergov boshlangan


Qirg’iziston hukumati Andijonda hujum uyushtirgan kishilar uning hududidan kirganini rad etmoqda.

Ikki davlat chegarasida ahvol og’irlashishi mumkin, deydi Qirg’iziston chegara xizmati rasmiylari.

Jamoatchilik so'nggi notinchliklar haqida aniq va xolis ma'lumotlarga ega emas ekan, shov-shuv va mish-mishlarga tayanishga majbur. Hamma nima bo'lganini o'zicha talqin qilmoqda.

O’zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyatida ro’y bergan portlashlar yuzasidan tergov boshlagan.

Hozircha hujum ortida kim turgani noma`lum. Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Prokuratura tarqatgan ma’lumotga ko’ra, 2-3 kishidan iborat bosqinchilar guruhi 25 maydan 26 mayga o'tar kechasi Xonobod shahriga kiraverishda blok-postga hujum qilgan. Otishma chog`ida militsiya xodimi halok bo`lgan.

26 may kuni kunduz Andijon shahrida noma`lum kishi o`zini portlatgan. Natijada bir militsioner halok bo'lib, bir necha kishi jarohatlangan.

Rasmiy xabarga ko`ra, ayni paytda Andijonda tezkor harbiy shtab ishlamoqda, tergov-surishtiruv ishlari boshlangan.

Andijondagi manbalarning bildirishicha hokimiyat idoralari va davlat muassasalarida ham xavfsizlik choralari kuchaytrilgan.

Toshkentdagi “Chorsu” bozori ishlamayapti.

“Ertalabdan bozor ishlamadi, sababi portlashlar bo`libdi, boshqa bo`libdi, degan vahimali gaplar",- deydi bozorchilardan biri.

"Menimcha ham bozorning yopilishi Andijondagi voqealar bilan bog`liq. Hukumat xalqdan cho`chiyapti. Prokuratura axborotini hamma o’qimaydi, internetni ham. Odamlar hukumat gazetalari, idoralariga ishonmay qo`ygan, ayniqsa, bozordagilar. Hozir hayot juda og’irlashib ketgan. Shuning uchun har xil gap, g'alati vaziyat. O`zini portlatgan odam kim, nima sababdan portlatgan, terrorchimi yoki oddiy odammi bilmaymiz” - deydi u.

Rasmiy matbuot va mahalliy axborot vositalari Andijonda sodir etilgan portlashlar yuzasidan faqat prokuratura xabarini berish bilan cheklanmoqda.

“Matbuot yoz desa yozadi, yozma desa yozmaydi. Portlatgan odamlarning sudi bo`lsa ham uni prokuraturaning ruxsati bilan ko’rsatadi”, - deydi mahalliy jurnalistlardan biri.

Internetda Andijondagi hujumlar Islomiy Jihod tashkiloti tomonidan amalga oshirilgani haqida bayonotlar paydo bo`lgan. Biroq bu bayonot jiddiyligi shubha ostida.

Ayni paytda O`zbekiston va Qirg’iziston chegarasida qattiq nazorat o`rnatilgan, chegara postlari faqat o’z fuqarolarini mamlakatga kiritmoqda.

Qirg’iziston Chegara xizmati raisi muovini Cho’lponbek Turo’zbekov Andijonda xuruj uyushtirgan kishilar – qo’shni Qirg’istondan degan da’voni rad etmoqda.

“O’zbekiston Bosh prokuraturasining bu bayonoti bizni hayron qoldirdi. Noto’g’ri ma’lumot,” – deydi Turo’zbekov.

Uning aytishicha, O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasida nazorat kuchaytirilgan va vaziyat og’irlashishi mumkin.

O'zbekiston tomoni deydiki, vaziyat to`liq nazorat ostida va vahimaga hojat yo'q.

26 may kuni O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Braziliyaga jo’nab ketgan.

Andijondagi potlashlar prezidentning bu rasmiy safari oldidan yuz bergan.

XS
SM
MD
LG